O‘zbekiston | 20:36 / 27.02.2023
15031
7 daqiqa o‘qiladi

Bolalarga sifatsiz nonushta tarqatilmoqda

Qoraqalpog‘istonning Kegeyli tumanidagi 4 ta maktabda o‘quvchilarga nonushta o‘rnida chirigan olma va zararlangan “pechene”lar berildi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Kun.uz'ga ushbu vaziyat o‘rganilayotganini ma’lum qildi. Hozirda bu borada kimga qanday chora ko‘rilgani ochiqlanmagan.

Bepul ovqatlantirish tizimini yo‘lga qo‘yishning dastlabki bosqichlari samarasiz o‘tmoqda. Qoraqalpog‘iston maktablarida bolalarga sifatsiz nonushta berilgani ma’lum bo‘ldi. Keyingi yildan respublikaning barcha hududidagi maktablarda yo‘lga qo‘yiladigan bu tizimning qanday shaklda bo‘lishi hali aniq emas.

Kegeylidagi holat

Qoraqalpog‘istonning Kegeyli tumanidagi 4 ta maktabda bolalarga sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari berilayotgani aniqlandi. Jo‘qorg‘i Kengesning xabar berishicha, o‘quvchilarga tarqatilayotgan olma mevasi iste’molga yaroqsiz (chirik) bo‘lgan, qadoqlangan mahsulotlar esa zararkunandalar bilan zararlangan.

Qolaversa, mahsulotlar maxsus avtomashinalarda emas, yo‘lovchi tashuvchi transportlarda yetkazib berilayotgani ma’lum bo‘lgan. Turli maktablarda kundalik oziq-ovqat mahsulotlari sifatini nazorat qiluvchi komissiya tarkibi ham tuzilmagan.

Qayd etilishicha, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, aybdorlarga chora ko‘rish bo‘yicha tegishli tartibda ishlar olib borilmoqda.

Holat yuzasidan Kun.uz Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati bilan bog‘landi. Vazirlik matbuot kotibi Dilfuza Sobirovaning aytishicha, bu bo‘yicha mas’ullar o‘rganish ishlarini olib borishmoqda. Tez orada rasmiy munosabat bildiriladi.

O‘quvchilarga sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari berilayotgani yangilik emas. Xuddi shunga o‘xshash holat o‘tgan yili dekabr oyida ham muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l, Beruniy tumanlari hamda Xorazm viloyatidagi maktablarga ham yaroqsiz bir martalik bepul yengil tamaddilar yetkazilgani ma’lum bo‘lgan.

Keyingi yildan yo‘lga qo‘yiladigan bepul ovqatlantirish qanday bo‘ladi?

Prezident o‘tgan yili parlament va xalqqa yo‘llagan murojaatida yangi o‘quv yilidan boshlab barcha maktablardagi boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul ovqatlantirish amaliyoti joriy etilishini ta’kidlagandi. Buning uchun budjetdan 2,3 trln so‘m ajratilishi ham ma’lum qilingandi.

2023 yilga mo‘ljallangan davlat dasturiga oid farmon loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Unda shu yilning o‘zida bepul ovqat berish tizimi bilan 2,5 mln nafar o‘quvchi qamrab olinishi, buning uchun 2,7 trln so‘mga yaqin mablag‘ ajratilishi aytildi. Ammo bepul ovqatlantirish yengil tamaddi shaklida bo‘ladimi yoki issiq ovqat, menyu qanday tuziladi, undan nimalar joy egallaydi, jarayonda kimlar ishtirok etadi, kabi savollar hamon ochiqligicha qolmoqda.

“Bepul nonushta”ning asl mazaxo‘raklari – aslo bolalar emas

Iqtisodchi va bloger Otabek Bakirov yuqoridagi holatlarga munosabat bildirar ekan, bu kamchiliklar ro‘yirost aytilayotgani yaxshiligini, lekin ko‘zda tutilayotgan yechimlar o‘sha-o‘sha: kamchiliklarni bartaraf etish, aybdorlarga chora ko‘rish bilan chegaralanib qolmasligini aytmoqda.

“Hech bir mas’ul hozir maktablarda bolalarga zarurroq yordamlar nimalar ekanining ro‘yxatini tuzmagan. Balki bu oddiygina normal hojatxonaning mavjud bo‘lishidir? Balki bu suvning, mayli issiq suv bo‘lmasin, oddiygina ichimlik suvining bo‘lishidir? Balki zarurat hisoblangan sport zali bilan bog‘liqdir? Ikkinchi va uchinchi smenada o‘qiyotganlar uchun bu birinchi smenada o‘qish imkoniyati bo‘lishi mumkin. Yuzlab maktablar burjuy pechkalar bilan isitiladi. Balki qozonxonalar zarurroqdir.

Mas’ullar orasida bunday savollarni beradiganlar hozircha yo‘q. Qaydan ham bo‘lsin, ular “labbay, xo‘p bo‘ladi” deydigan ijrochilar, ular Tetcher emas.

Qoraqalpog‘iston va Xorazmda yiliga 100 mlrd so‘mdan, tez orada butun O‘zbekiston bo‘ylab bir necha trln so‘mlik “bepul nonushta” yo‘lga qo‘yiladi. “Bepul nonushta”ning asl mazaxo‘raklari aslo bolalar emas, bu kun kelishini orziqib kutib o‘tirishibdi, — deya ta’kidlaydi Bakirov.

“Tekin” deyilayotgan narsaning xarajatlari ustida o‘rtadagi foyda ko‘ruvchilarning ham “marja”si o‘tiribdi

Ta’lim bo‘yicha ekspert Komiljon Jalilov ham holat bo‘yicha o‘z munosabatini bildirgan.

“Tekin” deyilayotgan hech bir narsa aslida tekin bo‘lmaydi: siz soliq to‘lovchi sifatida unga pul to‘laysiz. Ba’zan esa “tekin” deyilayotgan narsa bevosita pul to‘lab sotib olganingizdan ko‘ra qimmatroqqa tushishi ham mumkin, chunki sotib olayotgan narsangizning bozordagi muqobillarini o‘rganib, narx va sifat bo‘yicha o‘zingizga maqbulini tanlaysiz, sizga o‘zingiz to‘layotgan soliqlar hisobidan “tekin” deya taqdim qilinayotgan narsaning xarajatlari ustida esa o‘rtadagi foyda ko‘ruvchilarning ham “marja”si o‘tiribdi.

Qoraqalpog‘istonda ham boshlang‘ich sinflarga “tekin” deya tarqatilgan iste’molga yaroqsiz, zararkunandalar bilan zararlangan oziq-ovqat uchun aslida siz-u biz soliq to‘lovchi sifatida pul to‘laganmiz. Bakiroo aytganidek, bu pullar boshqa muhimroq, zarurroq narsalar uchun ham sarflanishi mumkin edi. Balki bu "tekin" ovqat amaliyotini butun respublikaga joriy qilishdan oldin yana bir marta o‘ylab, prioritetlarni to‘g‘ri belgilab olarmiz?” — degan u.

Shuningdek, yana bir guruh odamlar bepul ovqat berishda o‘quvchilar ratsioni diyetolog va boshqa mutaxassislar bilan bamaslahat shakllantirilishi, bunda bolaning salomatligiga alohida e’tibor qaratish kerakligini aytgan.

Umuman olganda, boshlang‘ich sinflar uchun bepul ovqatlantirish tizimini yo‘lga qo‘yish yomon ish emas, ammo jarayonda inobatga olinishi zarur bo‘lgan bir qancha jihatlar mavjud. Agarda yangi o‘quv yilidan bu amaliyot butun respublikada Qoraqalpog‘iston yoki Xorazmdagi kabi yo‘lga qo‘yiladigan bo‘lsa, bizni hali ko‘p muammolar kutib turgan bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid