Ukraina Bosh shtabi: Rossiya kechasi Ukrainaga qarshi 14 ta dron ishlatdi
Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlari kecha kechqurun, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya tomonidan uchirilgan 11 ta uchuvchisiz uchish apparatlarini urib tushirdi, jami havo hujumi paytida rossiyaliklar 14 ta drondan foydalangan, deb xabar qildi Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi Facebook’da.
Kiyev atrofidagi havo hududida to‘qqizta dron urib tushirildi, dedi shahar harbiy boshqarmasi raisi Sergey Popko.
«Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, dushman Shahed o‘q-dorilarini qo‘llagan. Dron hujumi ikki to‘lqinda amalga oshirilgan, imkon qadar hujum vaqti cho‘zilgan. Shu tariqa dushman o‘zining taktik maqsadini – havo hujumidan mudofaa tizimini yo‘q qilishga harakat qilgan. Shu bois Kiyevdagi tungi havo reydi uzoq besh yarim soat davom etdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, infratuzilma obektlariga zarbalar va qurbonlar yo‘q», — deb yozdi Popko o‘zining Telegram-kanalida.
Rossiya harbiylari va Xitoyning uchuvchisiz uchish apparatlari ishlab chiqaruvchisi Xi'an Bingo Intelligent Aviation Technology kompaniyasi Rossiya Federatsiyasi uchun dronlarni ommaviy ishlab chiqarish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda 23 fevral kuni haftalik Der Spiegel nashri xabar berdi.
Nashrning yozishicha, kompaniya ZT-180 dronining 100 ta prototipini ishlab chiqarish va sinovdan o‘tkazish hamda ularni 2023 yil apreligacha Rossiya Mudofaa vazirligiga taqdim etishga rozi bo‘lgan. Harbiy ekspertlarning fikriga ko‘ra, bunday uchuvchisiz uchish apparati og‘irligi 35 kgdan 50 kggacha bo‘lgan jangovar kallakni olib yurishga qodir. Mutaxassislarning fikricha, dron dizayni Eronning Shahed-136 kamikadze droniga o‘xshab ketishi mumkin.
Rossiya armiyasi Ukrainadagi hujumlarda hamda turar joy binolari, elektr stansiyalari va issiqlik stansiyalariga hujum qilishda yuzlab shunday dronlardan foydalangan.
Mavzuga oid
23:24 / 13.11.2024
Rossiya hukumati yaralangan harbiylar uchun to‘lov tizimini o‘zgartirdi
20:43 / 13.11.2024
«Mosfilm» kinostudiyasi o‘z omboridagi tanklarni Rossiya armiyasiga topshirdi
19:33 / 13.11.2024
Rossiyada migrant bolalarning rus tilini bilish darajasi tekshirilishi mumkin
17:53 / 13.11.2024