15:03 / 28.02.2023
6254

“OAV erkinligi boshqa konstitutsiyaviy huquqlar ro‘yobga chiqishi uchun ham zarur” - ekspertlar Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar xususida

Foto: Kun.uz

Ochiqlik va oshkoralik Shavkat Mirziyoyev davrida amalga oshirilgan eng katta o‘zgarishlardan biridir. Prezident qanchalik og‘ir bo‘lmasin, ushbu yo‘ldan qaytilmasligini shu paytgacha ko‘p marta ta’kidlagan. Davlat ushbu maqsadda sobit ekanini konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishda, ya’ni ochiqlik siyosatidan hech qachon ortga qaytilmasligi mamlakat bosh qonuni darajasida mustahkamlab qo‘yilayotganida ham ko‘rish mumkin.

“Haligacha jurnalistlar faoliyatiga to‘sqinlik qilish holatlari uchramoqda”

Anvar Eminov, siyosiy tahlilchi:

– Bugungi kunda mamlakatimizda xalq bilan muloqotni kuchaytirish, davlat organlari ochiqligini ta’minlash, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda aholining faol ishtirokini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarning samarali bo‘lishida ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarning faoliyati muhim o‘rin tutadi.

Shu sababli ham keyingi yillarda mazkur sohadagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikni takomillashtirish, ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarning samarali faoliyat yuritishi uchun yetarli sharoitlar yaratishga alohida e’tibor berilmoqda. Bosma va internet nashrlari, tele va radiokanallar soni oshib bormoqda.

Turli shakl va ko‘rinishdagi ommaviy axborot vositalari fikrlar xilma-xilligini ta’minlash, joylarda yo‘l qo‘yilayotgan kamchilik va muammolarni dadil ko‘tarib chiqishda muhim omilga aylanib bormoqda. Aholi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilish, odamlarni o‘ylantirayotgan muammolarga tezkor munosabat bildirish, turli mavzular bo‘yicha ochiq, xolis va tanqidiy fikr bilan chiqishda katta imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda

Sohada kechayotgan ijobiy o‘zgarishlar xalqaro maydonda so‘z erkinligi holatini o‘rganishga ixtisoslashgan xalqaro tashkilotlar tomonidan ham e’tirof etilmoqda. O‘zbekiston 2022 yil matbuot erkinligi reytingida 24 pog‘onaga ko‘tarilib, 133-o‘rinni egallagani ham shunga bir misol.

Anvar Eminov Foto: Shaxsiy arxivdan

Davlatimiz rahbari so‘z erkinligi, davlat organlarining ochiqligi va shaffofligi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari ekanligini ta’kidlab kelmoqda. Chindan ham, jurnalistlarning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish demokratik islohotlarimizga qarshi harakat, mamlakatimizning obro‘siga putur yetkazish sifatida baholanishi kerak.

Afsuski, hozirgacha yurtimizda olib borilayotgan ochiqlik siyosati va bugungi kun talablarini tushunishni hohlamagan ayrim davlat xizmatchilari tomonidan jurnalistlar faoliyatiga to‘sqinlik qilish holatlari uchramoqda.

Amaldagi konstitutsiyamizda ommaviy axborot vositalari erkinligi, senzuraga yo‘l qo‘yilmasligi e’tirof etilgan. Ayni paytda ushbu normalar ijrosi kim tomonidan va qanday ta’minlanishi masalasi ochiq qolgan.

Amaldagi Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeks yoki Jinoyat kodeksida ham so‘z erkinligini buzganlik, senzuraga yo‘l qo‘yilganlik, jurnalist faoliyatiga noqonuniy aralashganlik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri javobgarliklar kiritilmay qolgan. Ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik, jurnalistga bosim, tahdid va ta’qib qilish holatlariga yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan faqat umumiy tartibdagi javobgarlik nazarda tutilgan. Albatta, bu moddalardagi ta’sir choralari bevosita jurnalist faoliyatiga tegishli emasligi ham bu sohadagi ayrim salbiy holatlarga sabab bo‘lib qolmoqda.

Shu sababli ham Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida, xususan umumxalq muhokamasida keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar asosida ommaviy axborot vositalari faoliyati bilan bog‘liq moddaga tegishli qo‘shimchalar va aniqliklar kiritilmoqda.

Taklif etilayotgan qoidaga ko‘ra, ommaviy axborot vositalarining erkin faoliyat yuritishi, ularning axborotni izlash, olish, axborotdan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari davlat tomonidan kafolatlanishi Asosiy qonun darajasida belgilanishi kutilmoqda.

Albatta o‘z o‘rnida, Ommaviy axborot vositalari ham o‘zlari taqdim etgan axborotning to‘g‘riligi uchun javobgardir.

Chunki bu sohada ham ayrim muammoli masalalar ko‘rinib qolayotgani hech kimga sir emas. So‘z erkinligini ta’minlash jarayonida boshqa fuqarolarning qonuniy huquq va erkinliklarini ta’minlash, insonlarning shaxsiy hayoti va qonun tomonidan qo‘riqlanadigan ma’lumotlari muhofazasini kuchaytirish, birovni asossiz obro‘sizlantirish, qadr-qimmatini yerga urish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik ham dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Mazkur qoidalarning konstitutsiyada belgilanishi ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlarini takomillashtirishga, so‘z erkinligi va jurnalist faoliyati himoyasini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Bir haqiqatni unutmasligimiz kerak, ommaviy axborot vositalari erkinligi fuqarolarning boshqa barcha konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarish uchun ham zarurdir.

“OAV faoliyatiga to‘sqinlik qilish mamlakat obro‘siga putur yetkazish sifatida baholanishi kerak”

Bobur Alixonov, jurnalist:

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yil Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigida ba’zi joylarda ommaviy axborot vositasi xodimlariga mensimay qarash, ularning o‘z vakolati doirasida erkin faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qilish holatlari uchrayotgani haqidagi xabarlarga to‘xtalib, OAV xodimlarining o‘z faoliyatini qonun doirasida erkin amalga oshirishiga to‘sqinlik qilish bu – demokratik islohotlarimizga qarshi harakat, mamlakatimizning obro‘siga putur yetkazish sifatida baholanishi kerakligini ta’kidlagandi.

Tabrikda O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligi doimo bosh qonunimiz va qonunlarimiz hamda prezident himoyasida bo‘lishi, sud va prokuratura organlari bizga mutlaqo yarashmaydigan bunday salbiy holatlar bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rishi lozimligi alohida qayd etilgan.

Bobur Alixonov Foto: Kommersant.uz

Davlatimiz rahbarining ochiqlik, adolat va oshkoralikka yo‘g‘rilgan siyosatini amalga oshirishga kamarbasta bo‘lgan OAV va jurnalistlar afsuski, ba’zida o‘z ishida to‘siqlarga, turfa xil bosimlarga, noqonuniy aralashuvlarga duch kelmoqda. Bu esa ko‘plab davlat organlari va mansabdorlar hanuzgacha ochiqlik siyosatiga ko‘nika olishmayotgani bilan bog‘liq.

Bir zamonlar “senzura” degan baloyi ofatdan aziyat chekkan hamkasblarimiz endilikda, so‘z va matbuot erkinligini bo‘g‘ishga urinayotgan ayrim korchalonlarning tazyiqi-yu ta’qibidan bezillab, qo‘li ishga bormay qolmoqda.

Ammo endi ortga yo‘l yo‘q, manzilimiz aniq. Ochiqlik va oshkoralik mazasini totgan jurnalistlar va ommaviy axborot vositalarini avvalgidey qolipga solish, tizginda ushlab turish bugun imkonsiz. Qolaversa, prezidentning o‘zi jurnalistlarning ortida men turibman deb turgan bir paytda OAV va soha xodimlarining faoliyatiga to‘sqinlik qilishga hech kimning haqqi yo‘q!

Ayni vaqtda sohaning huquqiy asoslarini takomillashtirish va jurnalistlarning kasbiy faoliyatini himoya qilish, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, kuchli jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish ham oldimizda turgan muhim vazifa hisoblanadi. Konstitutsiyaning 67-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartirish zamirida ana shu maqsad mujassam deb bilaman.

“O‘zbekiston ochiqlik masalasida tanlagan yo‘lidan chekinmaydi”

Muzaffar Jalolov, INHA universiteti rektori:

– So‘nggi yillarda ko‘p davlatlarda kuzatilayotgan ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berayotgan sohalardan biri axborot sohasidir. Ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar, blogerlik, kolumnistika rivojlanmoqda. So‘z erkinligini ta’minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bularning barchasi rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar konstitutsiyalari bilan kafolatlangan ommaviy axborot vositalari erkinligi tufaylidir, albatta.

Xususan, mamlakatimiz amaldagi konstitutsiyasida aks etgan normaga ko‘ra:

“Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to‘g‘riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar. Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi”.

Yangi tahririga quyidagicha qo‘shimcha qo‘shish taklif etilmoqda:

“Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, axborotdan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi.

Ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Ommaviy axborot vositalari o‘zlari taqdim etadigan axborotning to‘g‘riligi uchun javobgardir”.

Muzaffar Jalolov Foto: Kun.uz

Ushbu o‘zgartirish va qo‘shimchalar ommaviy axborot vositalari faoliyatini amalga oshirish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratish, davlat va jamiyat o‘rtasida konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan tegishli konstitutsiyaviy asoslarni shakllantirish maqsadida joriy etilmoqda.

Moddaning bunday tarkibiy tuzilishi uni ommaviy axborot vositalarining erkinligi va mustaqilligini ta’minlash bilan bog‘liq vazifa va muammolarni qulay tarzda va samarali hal etish, aniqrog‘i, ushbu vazifalarni muayyan guruhlarga taqsimlash va ular o‘rtasida mantiqiy bog‘liqlikni o‘rnatishga qaratilgan.

Kezi kelganda OAV millionlab odamlarning hayotiga katta ta’sir ko‘rsatadi, chunki u eng nufuzli ijtimoiy institutlardan biri ekanini ta’kidlash joiz. Shu nuqtai nazardan qaraganda, erkin matbuot, eng avvalo, jamiyat oldidagi majburiyatlarini chuqur onglaydigan, axboroti doimo haqiqat va voqelikka mos kelishi kerak bo‘lgan tuzilmadir.

Masalaning shu jihatini teran anglagan davlat rahbari OAV va jurnalistlarning mamlakat rivojidagi o‘rni va ahamiyatini ta’kidlab keladi. Jumladan, prezident Shavkat Mirziyoyev 24 fevral kuni Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida unga OAV faoliyatini jilovlash, cheklash haqida ko‘p takliflar bo‘lgani, lekin bunday qilmasligini ishonch bilan ta’kidladi.

Konstitutsiyaga jurnalistik faoliyatga to‘sqinlik uchun javobgarlik belgilash, ommaviy axborot vositalari xodimlarini qo‘llab-quvvatlashgi ko‘zda tutadigan qo‘shimchalar kiritilayotgani zamirida ham O‘zbekiston ochiqlik masalasida tanlagan yo‘lidan chekinmasligi yotibdi.

Top