O‘tgan bir necha yil davomida «uy-joyni buzish» va «snos» atamalari ayrim vatandoshlarimiz uchun «adolatsizlik» so‘zining sinonimiga aylangandi. Konstitutsiyaga kiritilayotgan yangi norma bilan ushbu muammoga nisbatan mulkdorlar manfaatini himoya qiluvchi oqilona yechim taklif qilinmoqda. Shuningdek, aholi uchun uy-joy qurilishini rag‘batlantirish, ayniqsa ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan ta’minlash Konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanmoqda, deydi ekspert.
Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar asnosida har kim uy-joyli bo‘lish huquqiga ega ekani mustahkamlab qo‘yilmoqda.
Xususan taklif etilayotgan moddada hech kim sudning qarorisiz va qonunga nomuvofiq holda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, mulkdorga uy-joyning hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi belgilanmoqda.
Sudyalar oliy maktabi dotsenti, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori Dilmurod Ortiqovning aytishicha, Konstitutsiyaga kiritilayotgan mazkur tartiblar mulkdor har qanday holatda ham asossiz ravishda uy-joyidan mahrum etilmasligini kafolatlaydi.
«O‘tgan bir necha yil davomida «uy-joyni buzish», «snos» degan gapni eshitmagan vatandoshimiz qolmagan bo‘lsa kerak. Ayrim vatandoshlarimiz uchun bu so‘zlar «adolatsizlik» so‘zi sinonimiga aylangan. Sir emas, so‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolarga tegishli uy-joylarning jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi bilan bog‘liq turli salbiy holatlarning qayd etilishi bu boradagi qonunchilikni takomillashtirishni taqozo etdi».
Olimning ta’kidlashicha, kiritilayotgan normaning quyidagi uchta muhim jihati mavjud:
Birinchidan, uy-joyli bo‘lish huquqini sud orqali kafolatlash. Bu uy-joyga nisbatan mulk huquqi sud qarorisiz mahrum etilishiga yo‘l qo‘yilmasligini anglatadi. Bu kafolat uy-joyga nisbatan mulk huquqi mulkdorning erki-xohishidan qat’iy nazar, majburiy tarzda bekor bo‘layotganda qo‘llanishi nazarda tutilgan. Bunda sud tomonidan mulk huquqining bekor bo‘lishiga sabab bo‘luvchi holatlar amaldagi qonun hujjatlari asosida obektiv tarzda ko‘rib chiqiladi. Mazkur tartib mulkdor har qanday holatda ham asossiz ravishda uy-joyidan mahrum etilmasligini kafolatlaydi.
Ikkinchidan, uy-joy uchun kompensatsiya olish kafolati. Mazkur kafolat mulkdor iqtisodiy manfaatlari himoyasiga yo‘naltirilganligi bilan e’tiborga molik. Mazkur norma qonunda belgilangan hollarda va tartibda uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorning shu uy-joy va yetkazilgan zarar uchun teng qiymatda kompensatsiya olishini kafolatlaydi. Teng qiymatda kompensatsiya olish nima degani? Fuqarolik kodeksi 206-moddasiga muvofiq, mulkdorga olib qo‘yilgan mol-mulkka teng qimmatli mol-mulk mulk huquqi asosida berilishi va uning ko‘rgan boshqa zararlari to‘lanishi yoki mulk huquqi bekor qilinishi bilan yetkazilgan zarar to‘la hajmda qoplanishi belgilangan.
















