15:43 / 02.03.2023
13736

Shamol ag‘dargan va suvda «suzgan» vagonlar: eng yirik temiryo‘l halokatlari qanday sodir bo‘lgandi?

2004 yil Hind okeanida sodir bo‘lgan yer silkinishi yirik sunamini keltirib chiqaradi. Kuchli to‘lqin qirg‘oqlarga yopirilib, ko‘plab shahar va qishloqlarni suv bosadi. O‘shanda Shri-Lanka qirg‘oqlarigacha yetib kelgan sunami harakatlanib ketayotgan poyezdni izdan chiqarib yuboradi. Kuch bilan yopirilgan suv vagonlarni surib ketadi. Boshqalarini ag‘darib yuboradi. Oqibatda 2 000 kishi halok bo‘ladi. Bu hodisa temiryo‘l tarixida eng ko‘p odam o‘lgan halokat hisoblanadi.

Ilk temiryo‘l tarmog‘i qurilganidan boshlab hozirgacha ko‘plab poyezd halokatlari sodir bo‘lgan. Ularda o‘n minglab odamlar halok bo‘lgan, jarohatlangan.

Temiryo‘l bilan bog‘liq navbatdagi halokat 2023 yil 1 mart kuni Gretsiyada sodir bo‘ldi. Larisa shahri yaqinida yuk va yo‘lovchi poyezdlari o‘zaro to‘qnashdi. Oqibatda yo‘lovchi poyezdi relsdan chiqib ketdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra hodisa oqibatida qariyb 50 kishi halok bo‘lgan. 150 nafardan oshiq odam jarohatlangan.

Gretsiyadagi halokat tasviri / Foto: AP

Tarixda sodir bo‘lgan temiryo‘l halokatlarining aksariyatida poyezdlar temiryo‘l izidan chiqib ketgan. Boshqalarida poyezdlar o‘zaro to‘qnashgan.

Temiryo‘l bilan bog‘liq eng birinchi noxush hodisa 1828 yilda ro‘y bergan. Angliyada teplovozning olovxonasi (kotyoli) yorilib ketgan va mashinist halok bo‘lgan.

Ilk temiryo‘l halokati 1842 yil 8 may kuni Parij-Versal temiryo‘lida sodir bo‘ladi. Lokomotivining o‘qi sinib, vagonlar izdan chiqib ketadi.

Parij yaqinidagi halokat, 1842 yil

Oqibatda 55 kishi halok bo‘ladi. Ko‘plab insonlar jarohatlanadi. Halok bo‘lganlar orasida taniqli fransuz tadqiqotchisi, okeanograf Jyul-Sezar Dyumon-Dyurvil va uning oila a’zolari ham bo‘lgan.

Keyinchalik temiryo‘llar ommalashgan sari halokatlar soni va ko‘lami ham oshib boradi.

Eng yirik temiryo‘l halokatlari

1944 yil 3 yanvar, Ispaniya. Leon provinsiyasida 12 ta vagondan iborat yo‘lovchi poyezdi nishablikda harakatlanib ketayotganda tormoz qismida nosozlik kuzatiladi. Oqibatda poyezd boshqaruvni yo‘qotadi va yo‘ldagi tunnellardan birida ro‘paradan kelayotgan boshqa bir poyezd bilan to‘qnashadi. Hodisada 500dan oshiq odam halok bo‘ladi, yana ko‘plab insonlar jarohatlanadi.

1952 yil 6 avgust. Moskva viloyatining Mojayskiy tumanidan o‘tgan temiryo‘lda harakatlanayotgan yo‘lovchi va yuk poyezdi tunda otni urib yuboradi. Poyezd ostida qolgan ot tufayli bir nechta vagon izdan chiqib ketadi. Oqibatda, poyezdda ketayotgan 109 nafar harbiy kursant halok bo‘ladi. 211 nafar harbiy jarohatlanadi.

1952 yil 8 oktyabr. London shahridagi Xarrou-end-Uildston bekatida turgan shahar atrofiga qatnovchi poyezdga tezyurar poyezdi kelib uriladi. O‘shanda shahar atrofiga qatnovchi poyezd vagonlarida 800 nafardan oshiq yo‘lovchi bo‘lgan. Ekspress uning yog‘ochdan yasalgan oxirgi uchta vagonini majaqlab tashlagan. Hodisa oqibatida 112 kishi halok bo‘lgan. 340 kishi jarohatlangan.

Londondagi halokat, 1952 yil.

1981 yil 6 iyun, Hindiston. Bixar shtatining Mansi va Saxarsa shaharlari orasida harakatlanayotgan poyezd Bagmati daryosi ustiga qurilgan ko‘prikdan o‘tayotganida poyezd tepasida o‘tirgan 1000 nafardan ko‘proq (ba’zi manbalarda 3000 kishini) odam kuchli shamol uchirishi tufayli daryoga tushib ketadi. Besh kun davomida olib borilgan qutqaruvlardan so‘ng 200 kishining jasadi daryodan olib chiqiladi. 500 nafardan oshiq odam bedarak ketadi.

Hindistondagi halokat, 1981 yil

1987 yil 7 avgust, SSSR. Rostov viloyatida yuk poyezdi soatiga 140 kilometr tezlikda harakatlanadi va o‘zidan oldinda ketayotgan yo‘lovchi poyezd bilan to‘qnashadi. Oqibatda yo‘lovchi poyezdida ketayotgan 107 kishi halok bo‘ladi. 114 kishi jarohatlanadi.

1989 yil 4 iyun, Boshqirdiston. Ufa yaqinidagi temiryo‘lda ikkita yo‘lovchi poyezdi yonma-yon bo‘lgan paytda juda kuchli portlash sodir bo‘ladi. Portlash to‘lqini o‘nlab vagonlarini havoga irg‘itib yuboradi va kuchli olov tufayli 40 ga yaqin vagon yonib ketadi. Oqibatda har ikkala poyezdda bo‘lgan odamlardan 575 nafari halok bo‘ladi. 623 kishi jarohatlanadi.

Ufa yaqinidagi halokat, 1989 yil.

1990 yil 4 yanvar, Pokiston. Mo‘lton-Karachi yo‘nalishida harakatlanayotgan poyezd Sind provinsiyasidagi Sukkur shahri yaqinida halokatga uchraydi. 16 ta vagondan iborat bo‘lgan poyezd qishloqlardan birida belgilangan yo‘ldan emas, adashib zaxira yo‘ldan harakatlanadi. Oqibatda yo‘lda to‘xtab turgan yuk poyezdiga borib uriladi. Hodisada 307 kishi halok bo‘lgan, 700 kishi jarohatlangan.

1994 yil 22 sentabr, Angola. Uila provinsiyasida yuk poyezdi odamlar gavjum joyda temiryo‘l izidan chiqib ketadi. Oqibatda 300 kishi halok bo‘ladi, 147 kishi jarohatlanadi.

1995 yil 21 avgust, Hindiston. Uttar-Pradesh shtatida ikkita yo‘lovchi poyezdlari o‘zaro to‘qnashadi. Oqibatda 350 kishi halok bo‘ladi, 400 kishi jarohatlangan.

1998 yil 3 iyun, Germaniya. Gannover-Gamburg yo‘nalishida harakatlanayotgan tezyurar poyezd Quyi Saksoniya federal yeri hududida izdan chiqib ketadi. Oqibatda 101 kishi halok bo‘ladi va 88 kishi jarohatlanadi. Bu hodisa Germaniyada sodir bo‘lgan eng yirik temiryo‘l halokati hisoblanadi. Shuningdek, u tezyurar poyezdlar bilan sodir bo‘lgan halokatlar orasida ham eng yirigi hisoblanadi.

Gannoverdagi halokat, 1998 yil.

1999 yil 2 avgust, Hindiston. G‘arbiy Bengaliya shtatidagi Gaysal bekatiga kirib kelgan tezyuarar poyezd bekat perronida turgan yo‘lovchi poyezd bilan to‘qnashadi. Oqibatda 280 kishi halok bo‘ladi. Yana ko‘plab odamlar jarohatlanadi.

2002 yil 20 fevral, Misr. Qohira-Luqsor yo‘lovchi poyezdida qisqa tutashuvlar sababli yong‘in kelib chiqadi. Oqibatda 373 kishi halok bo‘ladi. 74 kishi kuyish tan jarohatlarini oladi. Bu hodisa Misrda sodir bo‘lgan eng yirik temiryo‘l halokati hisoblanadi.

2002 yil 25 may, Mozambik. Moamba shahrida yo‘lovchi va yuk poyezdlari o‘zaro to‘qnashadi. Oqibatda 200 nafardan oshiq odam halok bo‘ladi. 400 kishi jarohatlanadi.

2002 yil 24 iyun, Tanzaniya. Yo‘lovchi poyezdning tormozi ishlamay qoladi va u o‘zidan oldinda ketayotgan yuk poyezdiga borib uriladi. Oqibatda 281 kishi halok bo‘ladi, 900 kishi jarohatlanadi.

2002 yil 9 sentabr, Hindiston. Bixar shtatida tezyurar poyezd daryo ustidagi ko‘prikdan o‘tayotib izdan chiqib ketadi. Yo‘lovchilar bilan to‘la vagonlar suvga qulaydi. Oqibatda 150dan oshiq odam halok bo‘ladi, 200dan oshiq odam jarohat oladi.

Hindistondagi halokat, 2002 yil

2004 yil 18 fevral, Eron. Nishopur shahri yaqinida yoqilg‘i ortib ketayotgan yuk poyezdi yo‘lovchi poyezdi bilan to‘qnashib ketadi. Oqibatda vagon sisternalarga ortilgan yoqilg‘i yona boshlaydi. Hodisada 400 kishi halok bo‘ladi, 460 kishi jarohatlanadi.

2004 yil 22 aprel, Shimoliy Koreya. Neft va suyultirilgan gaz ortib ketayotgan ikkita poyezd o‘zaro to‘qnashadi va sisterna vagonlar yonib ketadi. Oqibatda 170 kishi halok bo‘ladi, 1 300 kishi jarohatlanadi.

2004 yil 26 dekabr, Shri-Lanka. Hind okeanida sodir bo‘lgan yer qimirlashi kuchli sunamini keltirib chiqaradi. Qirg‘oqqa yetib kelgan sunami harakatlanib ketayotgan poyezdni temiryo‘l izidan chiqarib yuboradi. Kuch bilan yopirilgan suv vagonlarning ayrimlarini surib ketadi. Boshqalarini ag‘darib yuboradi. Oqibatda 2 000 kishi halok bo‘ladi. Bu hodisa temiryo‘l tarixida eng ko‘p odam o‘lgan halokat hisoblanadi.

Shri-Lankada sunami izdan chiqarib yuborgan poyezd, 2004 yil.

2005 yil 25 aprel, Yaponiya. Xiogo perfekturasida joylashgan Amagasaki shahrida tezyuarar elektropoyezdining beshta vagoni izdan chiqib ketadi. Poyezdning birinchi vagoni 9 qavatli uyga zarb bilan uriladi. Oqibatda 108 kishi halok bo‘ladi va 450 kishi jarohatlanadi.

2005 yil 13 iyul, Pokiston. Sind provinsiyasidagi Gotki shaharchasi yaqinidagi temiryo‘lda turgan poyezdga boshqa bir poyezd kelib uriladi va bir nechta vagonlar ag‘darilib temiryo‘lni to‘sib qo‘yadi. Shu paytda boshqa bir tezyurar poyezd kelib ag‘darilib yotgan vagonlarga uriladi. Hodisa oqibatida 300 kishi halok bo‘ladi, 1000 dan oshiq odam jarohatlanadi.

Pokistondagi halokat, 2005

2016 yil 20 noyabr, Hindiston. Uttar-Pradesh shatidagi Kanpur shahrida Indor-Patna yo‘nalishida harakatlanayotgan yo‘lovchi poyezdning 14 ta vagoni izdan chiqib ketadi. Oqibatda 151 kishi halok bo‘ladi, 200 kishi jarohatlanadi. Halokatga temiryo‘l izining shikastlanishi sabab bo‘lgan.

O‘zbekistonda sodir bo‘lgan temiryo‘l avariyalar

O‘zbekistonda sodir bo‘lgan poyezd halokatlari to‘g‘risida ma’lumotlar uncha ko‘p emas. Mustaqillik yillarida sodir bo‘lgan bir nechta halokatning aksariyati yuk poyezdlari bilan sodir bo‘lgan.

2013 yil 10 oktyabr. Dushanbe-Konibodom poyezdi Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida halokatga uchraydi. Oqibatda bir nechta vagon izdan chiqib ketadi va 65 nafar harbiylar hamda fuqarolar jarohatlanadi.

Jarohatlanganlar va boshqa yo‘lovchilar O‘zbekiston temiryo‘llariga qarashli poyezdda Sug‘d viloyatiga yetkazib qo‘yiladi.

O‘shanda Tojikiston tomoni halokatga hodisa yuz bergan joyda ta’mirlash ishlari olib borilayotgani va bu haqda poyezd mashinistiga xabar berilmaganini aytib chiqqandi.

2017 yil 23 yanvar. Qirg‘izistonda sodir bo‘lgan yer silkinishi tufayli Qamchiq dovonida yer ko‘chadi va dovondagi temiryo‘ldan o‘tib ketayotgan yuk poyezdining ustiga tushadi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ko‘chki bir nechta yuk vagonlarini temiryo‘l izidan ag‘darib yuboradi. Shuningdek, ba’zi uchastkalarda temiryo‘l izlarini ham surib yuboradi. Oqibatda temiryo‘l bir necha kunga yopilib qoladi va 2017 yil 1 fevral kuni qatnovlar tiklanadi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

2019 yil 6 aprel. Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on temiryo‘lining Dehqonobod tumani hududidan o‘tgan qismida ko‘chki sodir bo‘ladi. Ikkita elektrovoz va 56 ta vagondan iborat poyezd harakatlanayotganda kuchli yog‘ingarchiliklar ortidan nam tortgan yer qatlami ko‘chgan. «O‘zbekiston temiryo‘llari» AJ hodisada hech kim jabrlanmaganini va vagonlar shikastlanmaganini ma’lum qilgandi.

Dehqonobodda sodir bo‘lgan avariya / Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

2019 yilning 30 aprel. Shu kuni soat 21:25 da Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on temiryo‘lining Oqrabot – Chashmaihofizon temiryo‘l uchastkasining 103 kilometrida (Oqrabot stansiyasidan 8 km uzoqlikda) poyezd harakatining o‘ng tomonida yer ko‘chkisi sodir bo‘ladi. Oqibatda ko‘chki yo‘lovchi poyezdning bir nechta vagonini ag‘darib yuboradi.

Dehqonobodda sodir bo‘lgan avariya / Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

«O‘zbekiston temiryo‘llari» AJ hodisada hech kim jarohat olmaganini, ag‘darilgan vagonlardagi yo‘lovchilar boshqa vagonlarga o‘tkazilib, manzilga yetkazilganini ma’lum qilgandi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Top