O‘zbekiston | 10:07 / 05.03.2023
21906
5 daqiqa o‘qiladi

Hududlardagi bog‘cha tarbiyachilariga oylik berilmayapti. Muammo nimada?

Bir nechta hududda oilaviy va davlat-xususiy sherikchilik asosidagi bog‘cha mudiralari hamda tarbiyachilari 3 oydan beri maosh olmayotganidan shikoyat qilishmoqda.

Foto: Kun.uz

Kun.uzʼga bog‘cha xodimlari tomonidan murojaatlar kelib tushdi. Ular oylik maoshlarini vaqtida olmayotganini bildirdi.

«Toshkent viloyati Olmaliq shahar «Yulduzcha» nomli DXShMTTda tarbiyachi bo‘lib ishlayman. Yanvar oyidan beri 4 nafar tarbiyachiga davlat tomonidan oylik tushmayapti. Rahbariyatimizdan so‘rasak: «Davlat tushirib bersa, beramiz», – dedi ular.

Xodimlar ishlashdan charchadi, bilim berishni ham xohlamayapmiz. Oylik yuqligi uchun oilamizda yetishmovchiliklar boshlandi. Kayfiyatimizga katta ta’sir ko‘rsatyapti. Insofli odamlar bormi bu dunyoda? Oylik bo‘lmasa, sifatli ta’limni qayerdan beramiz», — deydi Gulbahor Zakirova.

Shuningdek, Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi oilaviy bog‘cha rahbari Nigora Istamova ham xuddi shu muammodan noroziligini aytadi.

«Oilaviy bog‘chamizda tarbiyachi va yordamchi tarbiyachiga oylik ish haqi davlat tomonidan to‘lanadi. Mana uchinchi oy keldi, mart boshlandi — yanvar oyligidan darak yo‘q.

Bu masalani juda ko‘p surishtirdim. Tuman maktabgacha ta’lim bo‘limidan, tuman g‘aznachilaridan so‘radim. Hammasi respublikaga bog‘liqligini aytishyapti. Biz «nodavlat.uz» saytida davomat qilamiz, shu saytning texnik xodimlariga ham murojaat qildim. Maktabgacha va maktab vazirligi ishonch raqamlariga shuncha urinmay, ulana olmadim.

Bizdagi saytda oyliklarimiz hisoblangan holatda turibdi, lekin juda kam. Oylik maosh 3 mln 600 ming. Ikki nafar ishchiga saytda hisoblangani esa 2 mln 700 ming so‘mni tashkil kilyapti», — deydi u.

Jizzax viloyatida ikkita bog‘cha egasi Qizlarxon Abdurasulovaning yozishicha, uning Zomin tumanida joylashgan «O‘rinboyeva Habiba» nomidagi bog‘chasiga subsidiya ham, ish haqi ham tushmagan.

«Yanvar oyida hech nima tushmadi, oldingi oylar xam muammo bilan bazo‘r tushirtirgandik. Oylik subsidiyalarning nima uchun tushmasligi sababini bilmadim, lekin hamma narsam joyida.

Texnik yordamga yozganimda, menga ular tuman bo‘limi orqali vazirlikka chiqishimni, mazkur masalani ular hal qilishini aytdi. Men bo‘limda mas’ul xodimimizga aytgandim. U esa «sabr qiling, sizniki ishlangan turibdi», – dedi. Xullas, judayam ezilib ketdik, vaqtida na oylik, na subsidiya ololamiz. Uch nafar xodim oylik olgani yo‘q», — deydi Abdurasulova.

Bundan tashqari nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlari uchun tashkil qilingan Telegramʼdagi chat guruhida ham shu mazmunda yuborilgan juda ko‘plab shikoyatlarni ko‘rish mumkin.

Vazirlik xabardor

Kun.uz holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xodimi Mavluda Asqarxo‘jayeva bilan bog‘landi. Uning aytishicha, yuqoridagi muammodan vazirlik xabardor, tez orada bu masala hal qilinadi.

«Hujjat chiqarildi. Dushanba kunidan boshlab, hamma nodavlat MTTlarga ish haqlari moliyalashtiriladi. Bitta yanvar oyiga to‘lash masalasi muammo bo‘lgandi. Chunki sovuq munosabati bilan kimdir ishladi, kimdir ishlamadi. Shunday bo‘lib qoldi», — dedi Asqarxo‘jayeva.

Biroq nechta oilaviy va davlat-xususiy sherikchilik asosidagi bog‘chalarga ish haqi uchun subsidiya ajratilmayotgani, bu muammoning yuzaga kelishidagi asosiy sabab va omillar ochiqlanmadi.

Me’yoriy hujjat nima deydi?

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil avgust oyida qabul qilingan tegishli qarori bilan davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yuritayotgan, shu jumladan, oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga subsidiya to‘lash tartibi quyidagicha belgilangan:

Cubsidiya to‘lash xodimlarning ishga kelib-ketishi hamda tarbiyalanuvchilarning davomatidan kelib chiqib, Maktabgacha ta’lim vazirligining nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini boshqarish axborot tizimida (keyingi o‘rinlarda NMTTBAT) avtomatik ravishda hisoblab chiqiladi.

Hisobot oyida bolalarning o‘rtacha oylik davomati tizimda ro‘yxatga olinganlar soniga nisbatan 40 foizdan kam bo‘lganda, bu oy uchun ularga davlat budjetidan ish haqi to‘lanmaydi. Ammo hududdagi favqulodda holatlar, ob-havoning keskin sovib yoki isib ketishi, sanitariya-epidemiologik vaziyatlar va boshqa holatlar ro‘y berishi sababli davomat kamayishi holatlari bundan mustasno deyilgan.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.

Дилшода Шомирзаева
Muallif Дилшода Шомирзаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid