O‘zbekiston | 22:40 / 06.03.2023
7764
4 daqiqa o‘qiladi

Tanzila Norboyeva Qatarda o‘tkazilgan BMT konferensiyasida ishtirok etdi 

Anjuman xalqaro yordamga eng muhtoj bo‘lgan kam rivojlangan mamlakatlarga bag‘ishlandi. 

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Qatarning Doha shahrida Birlashgan millatlar tashkilotining (BMT) kam rivojlangan mamlakatlar (KRM) bo‘yicha yuqori darajadagi 5-konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda. 

Xalqaro yordamga eng muhtoj bo‘lgan kam rivojlangan mamlakatlarda o‘z salohiyatini to‘liq ishga solish orqali barqaror rivojlanishni jadallashtirishga qaratilgan anjumanda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etdi. 

Hozirgi vaqtda 46 mamlakat kam rivojlangan mamlakatlar toifasiga kiritilgan bo‘lib, ulardan 33 tasi Afrika davlatlari hisoblanadi. Ushbu ro‘yxat aholi jon boshiga yalpi milliy daromad, inson taraqqiyoti indeksidagi o‘rni, iqtisodiy va ekologik zaiflik indeksidagi o‘rni kabi mezonlar asosida har yili yangilanadi. 

Doha konferensiyasi ishtirokchilari 2011 yilda qabul qilingan Istanbul harakatlar dasturi qoidalarini baholash, kam rivojlangan mamlakatlarni xalqaro qo‘llab-quvvatlash va bu jarayonga qo‘shimcha harakatlarni jalb etish masalalarini muhokama qilmoqda. Shuningdek, kam rivojlangan mamlakatlar va ularning rivojlanish bo‘yicha hamkorlari o‘rtasida tarkibiy rivojlanish muammolarini va qashshoqlikni bartaraf etish, xalqaro miqyosda kelishilgan barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va kam rivojlangan mamlakatlar toifasidan chiqishni ta’minlashga e’tibor qaratilmoqda. 

Tadbirda konferensiya prezidenti, BMT bosh kotibi, Bosh Assambleya raisi, Iqtisodiy va ijtimoiy kengash raisi, kam rivojlangan mamlakatlar guruhi raisi, rivojlanish bo‘yicha hamkorlar vakillari va kam rivojlangan mamlakatlar yoshlari vakillari bayonotlar bilan chiqdi. 

Anjumanda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva COVID pandemiyasi, tobora keskinlashib borayotgan global ziddiyatlar, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi tahdidlari, iqlim o‘zgarishining fojiaviy oqibatlari Barqaror rivojlanish maqsadlarining to‘liq bajarilishini yanada qiyinlashtirayotganiga urg‘u berdi. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, kam rivojlangan mamlakatlarning sanoat va xizmatlar tarmoqlariga kiritilayotgan investitsiyalar hajmini keskin ko‘paytirish, bu borada YuNKTAD va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda investitsiya loyihalarining yagona bazasini va onlayn-xaritasini shakllantirish, ularning taqdimotlarini dunyo miqyosida muntazam o‘tkazib borish, muhtoj davlatlar tashqi bozorlarga chiqishida zamonaviy standartlar, karantin va sanitariya talablarini bajarish, elektron savdo tizimlarini rivojlantirishda har tomonlama amaliy ko‘mak berish, kam rivojlangan mamlakatlarni arzon va sifatli qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash kabi takliflarni ilgari surdi. 

Kam rivojlangan mamlakatlar va ularning rivojlanish bo‘yicha hamkorlari, jumladan xususiy sektor, fuqarolik jamiyati va barcha darajadagi hukumatlar o‘rtasida yangilangan va mustahkamlangan majburiyatlarning yangidan shakllanishini maqsad qilgan DHD yakuniy matni BMT Bosh Assambleyasining 2022 yil 1 apreldagi rezolyutsiyasi bilan tasdiqlangan edi. Anjumanda ushbu dasturning amaliy ijrosini ta’minlash masalalari ham muhokama qilinmoqda. 

Konferensiya yuqori darajadagi tematik davra suhbatlarini ham o‘z ichiga olgan bo‘lib, har bir sessiyaning qisqacha mazmuni konferensiyaning yakuniy hisobotida o‘z aksini topadi. 

Mavzuga oid