Jahon | 08:27 / 11.03.2023
5974
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Yevroittifoq Rossiyaga urush olib borishda yordam berganlarga bosimni kuchaytiradi

Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen Vashingtonda AQSh prezidenti Jo Bayden bilan uchrashdi. Tomonlar Rossiya tomonidan sanksiyalarni chetlab o‘tishiga qarshi faol kurashishga kelishib oldilar.

Foto: AP

Yevropa Ittifoqi va Qo‘shma Shtatlar Rossiyaga xalqaro sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam beradigan davlatlar va boshqa tuzilmalarga bosimni kuchaytirmoqchi. Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen va AQSh prezidenti Jo Bayden 10 mart, juma kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda shu haqda kelishib oldilar.

«Biz Rossiyaga urush olib borishda yordam berayotgan uchinchi davlatlarga qarshi birgalikda choralar ko‘rishga tayyormiz», dedi Bayden va fon der Lyayyen qo‘shma bayonotda. Asosiy maqsad - Rossiyaning sanksiyalarni chetlab o‘tish usullariga qarshi turish.

Yevropa Ittifoqi va Qo‘shma Shtatlar Rossiya harbiy-sanoat kompleksini «yanada zaiflashtirish» bo‘yicha yangi choralar ko‘rilishini e’lon qildi, biroq ularning tafsilotlarini ochiqlamadi.

«Biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz va Rossiyaning urush olib borish qobiliyatini pasaytiramiz. Chetlab o‘tishning oldini olish uchun sanksiyalarimizni kuchaytirmoqdamiz. Rossiya urush mashinasiga yonilg‘i quyishda davom etayotgan ta’minot yo‘llarini to‘xtatishimiz kerak va unda ishtirok etganlarga sanksiyalar qo‘yamiz», - deyiladi fon der Lyayyenning Twitter mikroblogidagi xabarda.

Uchrashuvning yana bir mavzusi Bayden tomonidan imzolangan qonun bo‘lib, u iqlimni muhofaza qilish va yashil texnologiyalar bilan bog‘liq sohalar uchun ko‘p milliard dollarlik subsidiyalarni ko‘zda tutadi. Yevropa Ittifoqida ko‘plab ekspertlar Amerikaning ushbu subsidiyalari bir qator sanoat tarmoqlarini Yevropa Ittifoqidan AQShga o‘tkazishga yordam berishi mumkinligidan xavotirda. Uchrashuv yakunida Jo Bayden va Ursula fon der Lyayyen Vashington va Bryussel akkumulyatorlar ishlab chiqarishda qo‘llanadigan minerallar bo‘yicha murosa kelishuviga erishishga yaqin ekanini aytdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid