(Hikoyamiz qahramoni o‘tmishini o‘zgalar bilishini istamagani uchun ismi-sharifi o‘zgartirib berildi.)
Sochlariga oq oralagan, o‘zi munkillab qolganiga qaramay, universitet binosiga kirishi bilan yoshlardek g‘ayratga to‘lib ketuvchi Yusuf Qobilovni bilimidan ham ko‘proq insoniy fazilatlari uchun qadrlashadi.
Talabalariga kasbiy bilim berish bilan birgalikda, hayotiy saboqlar berishdan ham erinmaydi. Shuning uchunmi shogirdlari uni nafaqat ustoz, balki otasidek ko‘rishadi.
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlashi, o‘qishga rag‘batlantirishi, o‘zi ham shunday o‘qituvchi sabab taqdiri yaxshi tomonga o‘zgarib ketganidan bo‘lsa, ajab emas.
“1945 yil ayni urush tugab, odamlarning sillasi qurigan, qishda ochdan o‘lmagan aholining yolg‘iz umidi tut pishig‘iga yetish bo‘lgan davrlarda dunyoga kelgan ekanman.
Oilada 5 farzand edik. Onamni eslolmayman, men yoshligimda vafot etib ketganlar. Otam yo‘qchilikda yana bir tomoqni ko‘paytirmaslik uchunmi, yoki bizni o‘gay onaning qo‘liga qaratmaslik uchunmi bilmayman, xullas boshqa uylanmagan edilar.
Otam kolxozda ishlar, topgani yeyishimizga yetsa, kiyimimizga yetmasdi. Ikkitamiz qiz, uchtamiz o‘g‘il edik. Mendan oldin akam va opam bo‘lib, akamning fikr-u xayoli tezroq sakkizni tugatib, otamning yoniga kirish edi. Opam esa butun uy yumushlarini qilar, kiyimlarimizni yamab, imkon boricha yo‘g‘imizdan bor qilishga urinardi.
Ertalab, tushlik va kechqurun hammamizga bir burdadan non bo‘lib berardi. Uyimizda hamma narsa o‘lchog‘lik edi. Bu faqat bizda emas, o‘sha paytda ko‘pchilikning ro‘zg‘ori shunday edi. To‘yib-to‘ymay ovqatlanardi hamma. Tushlikda to‘yib non yesa, kechqurun och qolishini tushunmagan bolalar yana deb xarxasha qilardi.
Onam yo‘qligigami yoki otamning bizni qiynalib boqayotganini ko‘rganimiz uchunmi ko‘p ham narsa so‘rab otamni qiyin ahvolga solmasdik. Akam bilan maktabga bitta etikni alishib kiyardik. Akam tushgacha men esa tushdan keyin o‘qirdik (bu ham bizning baxtimiz).
U vaqtda hozirgidek maktablar qayerda, poli loyshuvoq qilingan, yomg‘ir yog‘sa, etiklarimizga ilashib kirgan loy bilan qo‘shilib bir qarich loy bo‘lib ketardi sinf xonalar ham.
Shunday kunlarning birida darsi cho‘zildimi, akamdan darak bo‘lavermadi. Dars boshlanishiga esa oz vaqt qoldi. Qishloq maktabi bo‘lgani uchun masofa ham yaqin emas. Maktabgacha yarim soatlar yurish kerak.
Uchratib qolarman, degan umid bilan tavakkal eski kalishimda yo‘lga tushdim. Lekin baxtga qarshi akamni ko‘rmadim. Maktabga yetib kelganimda ham akamni topolmadim. Darsga qo‘ng‘iroq chalingan, baxtimga hovlida hech kim yo‘q. Lekin darsga shu ahvolda kiramanmi?
















