2022 yilda dunyoda 3955 ta terakt sodir etildi - «Global terrorizm indeksi»
Iqtisodiyot va tinchlik instituti 2022 yil voqealarini qamrab oluvchi navbatdagi yillik «Global terrorizm indeksi»ni taqdim etdi.
Institut mutaxassislarining fikricha, bir necha yillardan buyon teraktlar va qurbonlar soni barqaror ravishda kamayib borayotgan bo‘lsa-da, hujumlarning o‘zi halokatli bo‘lib bormoqda. Terrorizm darajasi bo‘yicha eng og‘ir vaziyat Afg‘onistonda qolmoqda.
2022 yilda dunyoda 3955 ta terakt sodir etilgan. Bu 2021 yilga nisbatan deyarli 28 foizga kam. Jabrlanganlar soni ham kamaydi: 6701 kishi halok bo‘ldi, bu o‘tgan davrga nisbatan 9 foizga kam.
Ammo, «Global terrorizm indeksi»ni tuzuvchi Avstraliya Iqtisodiyot va tinchlik instituti (IEP) o‘zining yillik hisobotida (.pdf) ta’kidlaganidek, so‘nggi besh yil ichida teraktlarning halokatliligi oshdi. Agar 2021 yilda har bir terakt uchun o‘lim darajasi 1,3 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 1,7 ga ko‘tarildi.
IEP «Global terrorizm indeksi» 2007 yildan beri e’lon qilinadi. Institut ma’lumotlar bazasida 2007 yil 1 yanvardan 2022 yil oxirigacha sodir etilgan 66 mingdan ortiq teraktlar haqidagi ma’lumotlar saqlanadi.
Indeksga ko‘ra, Afg‘oniston terrorizm bo‘yicha eng xavfli davlatlar ichida to‘rt yildan beri birinchi o‘rinni egallab turibdi.
2022 yilda bu mamlakatda 225 ta terakt sodir bo‘lib, 633 kishi halok bo‘lgan. Agar Afg‘oniston bu indeksda bo‘lmaganida, dunyodagi terrorchilik hujumlari qurbonlarining umumiy soni 4 foizga kamaygan bo‘lar edi.
Terrorizm bilan bog‘liq vaziyat eng og‘ir bo‘lgan davlatlar qatorida Burkina-Faso (ikkinchi o‘rin), Somali, Mali, Suriya, Pokiston, Iroq va Nigeriya (sakkizinchi o‘rin) bor. IEP ta’kidlaganidek, dastlabki o‘nta davlatda terrorchilik hujumlari qurbonlarining 85 foizi jamlangan.
Mutaxassislar eng halokatli terrorchi guruhlarni sanab o‘tgan: ular «Islomiy davlat» (IShID), Somalidagi «Harakat ash-Shabob» («Al-Qoida» bilan yaqindan aloqada), Pokistonning «Balujiston ozodlik armiyasi» va G‘arbiy Afrikadagi «Jamoat Nusrat al-Islom val-Muslimin».
IShID ketma-ket sakkiz yildan buyon eng qonli terrorchi guruh bo‘lib qolmoqda: o‘tgan yili 1045 kishining hayotiga zomin bo‘lgan 410 ta hujum uyushtirgan.
2022 yildagi eng qonli terakt «Harakat ash-Shabob» jangarilari tomonidan amalga oshirildi: 2 fevral kuni ular Pokistonning Balujiston viloyatida Chegara qo‘shinining ikkita binosini portlatib, u yerda joylashgan harbiylarga qarata o‘q uzdi. Oqibatda 195 kishi halok bo‘ldi.
Indeksda O‘zbekiston 70-o‘rinda qayd etilgan. Rossiya 45-o‘rinda, Tojikiston 50-o‘rinda, Ukraina 73-o‘rinda. Shuningdek, o‘tgan yili hech qanday teraktlar va ularning qurbonlari bo‘lmagan davlatlar soni 71 ta.
Mavzuga oid
13:30 / 20.11.2024
O‘zbekiston va AQSh afg‘on masalasi bo‘yicha uchrashuv o‘tkazdi
17:22 / 17.11.2024
Tramp Afg‘onistondan AQSh qo‘shinlarini olib chiqqanlarni jazolamoqchi – OAV
21:44 / 09.11.2024
Afg‘onistonda IIV, Mudofaa vazirligi va razvedka qurol-yarog‘ berish huquqidan mahrum etildi
18:05 / 06.11.2024