Sport | 08:46 / 14.03.2023
23948
3 daqiqa o‘qiladi

XOQ Londonning rossiyalik sportchilar bo‘yicha chaqirig‘iga javob berdi

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi Britaniya hukumatidan sport avtonomiyasiga hurmat ko‘rsatishni talab qildi. London 2024 yilgi o‘yinlar homiylarini Rossiya va Belarus sportchilarining Olimpiadaga kiritilmasligini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Foto: Reuters

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) Britaniya hukumatining Rossiya va Belarus sportchilarining Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etishiga yo‘l qo‘ymaslik haqidagi chaqirig‘iga keskin munosabat bildirdi. XOQ pozitsiyasi 13 mart, dushanba kuni qo‘mita saytida e’lon qilingan savol-javoblarda bayon etilgan.

«Hukumatlar kim sport bilan shug‘ullanishi mumkinligi haqida qaror qabul qilmasligi kerak, chunki bu bilan xalqaro sport musobaqalari, jahon chempionatlari va biz bilgan Olimpiya o‘yinlari tugaydi», — deya ma’lum qildi Xalqaro olimpiya qo‘mitasi.

«Biz Buyuk Britaniya hukumati BMTning ko‘plab qarorlari, bayonotlari va rezolyutsiyalarida ta’kidlagan sport avtonomiyasiga hurmat bilan qarashiga umid qilamiz», — deya qo‘shimcha qildi qo‘mita.

«Biz sport missiyasiga mos keladigan yechim topishga intilamiz - birlashish va qarama-qarshilik yoki keskinlashuvning kuchayishiga hissa qo‘shmaslik», - deya ta’kidladi XOQ.

Avvalroq, Buyuk Britaniya Madaniyat, ommaviy axborot vositalari va sport vazirligi rahbari Lyusi Freyzer 2024 yilgi o‘yinlar homiylari – Coca-Cola, Intel, Samsung va Visa kompaniyalariga Londonning pozitsiyasi bayon etilgan xatlar yo‘llagan edi. «Biz Rossiya va Belarusda sport va siyosat bir-biri bilan chambarchas bog‘liqligini bilamiz hamda Rossiya va Belarusdagi rejimlarga o‘zlarining targ‘ibot maqsadlarida sportdan foydalanishlariga yo‘l qo‘ymaslikka qat’iy qaror qildik», deyiladi xatlarda. Ular XOQning jami 13 ta rasmiy global hamkorlariga, jumladan Airbnb va Deloitte kompaniyalariga yo‘llandi.

Bundan oldin Litvadagi Seym rezolyutsiya qabul qilib, unda dunyoning barcha parlamentlarini Rossiya va Belarus sportchilari va rasmiylariga Olimpiya o‘yinlari yoki boshqa xalqaro musobaqalarda, shu jumladan neytral bayroq ostida ishtirok etishiga ruxsat berish bo‘yicha har qanday taklifga «o‘zlarining aniq va qat’iy noroziligini bildirishga» chaqirgan edi.

Litva parlamentining barcha 109 a’zosi Rossiya Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli harbiy tajovuzni to‘xtatmaguncha cheklovlarni saqlab qolish uchun ovoz berdi.

Mavzuga oid