Jahon | 19:17 / 15.03.2023
9267
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda barcha mintaqaviy gazetalar yopiladi 

Ular o‘zini o‘zi ta’minlay olmayapti, bu esa pirovardida budjet mablag‘larining samarasiz sarflanishiga olib kelmoqda. 

Foto: Tabyldy Kadyrbekov

Qirg‘iziston Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vazirligi davlatga tegishli barcha mintaqaviy gazetalarini tugatish to‘g‘risida farmon tayyorladi. 

Agentlik tegishli hujjatni 11 aprelga qadar davom etadigan jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. 

Qayd qilinishicha, bugungi kunda barcha viloyat gazetalarida 228 nafar xodim mehnat qilmoqda, ularning ish haqi xarajatlari yillik 105 million qirg‘iz so‘midan (1,2 million dollar) ortiq. 

Shu bilan birga, birorta nashr o‘zini o‘zi ta’minlay olmayapti, bu esa pirovardida budjet mablag‘larining samarasiz sarflanishiga olib keladi, deb ta’kidlamoqda Madaniyat vazirligi. 

Tashabbus mualliflariga ko‘ra, hududiy gazetalar haftada bir marta 1000-2000 nusxada chop etiladi va viloyat aholisini to‘liq ta’minlay olmayapti. Qirg‘izistonliklar ma’lumotni mobil internet, televideniye va radio orqali olishni ma’qul ko‘rgani uchun bosma nashrlarga bo‘lgan talab pasaygan. 

Bularning barchasi viloyat gazetalari tahririyatlarini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilinishiga sabab bo‘lgan.  

Madaniyat vazirligi qaror loyihasi hududiy ommaviy axborot vositalari tomonidan olib borilayotgan davlat axborot siyosatini takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilganini qayd etdi. 

2017 yilda Qirg‘iziston hukumati mintaqa matbuotini isloh qilishga uringan edi. Jumladan, davlat ommaviy axborot vositalari negizida har bir viloyatda media-markaz tashkil etish rejalashtirilgan edi. Biroq viloyat gazetalari rahbarlari o‘zgarishlarga qarshi chiqdi va prezidentga murojaat yo‘lladi. 

2018 yilda hududiy ommaviy axborot vositalariga 148 million qirg‘iz so‘mi (2,1 million dollar) sarflangani ma’lum qilindi. 34 ta tuman va 12 ta viloyat gazetasi, shuningdek, 6 ta hududiy telekanal davlat tomonidan moliyalashtirildi. 

2019 yil iyul oyida Qirg‘iziston hukumati mamlakatdagi barcha tuman gazetalarini moliyalashtirishni to‘xtatish niyati borligini ma’lum qilgan edi.

Mavzuga oid