Jahon | 10:38 / 15.03.2023
4756
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada «maxsus harbiy operatsiya»ni «obro‘sizlantirganlar» fuqarolikdan mahrum qilinadi

Tuzatishlar Rossiya fuqaroligidan davlatga xiyonat va «maxsus harbiy operatsiya»ni «obro‘sizlantirish» uchun mahrum etishni taklif qiladi, dedi Konstantin Zatulin.

Foto: Izvestiya

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) bo‘yicha Davlat dumasi qo‘mitasi tomonidan qabul qilingan «Fuqarolik to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirishlar davlatga xiyonat va «maxsus harbiy operatsiya»ni «obro‘sizlantirish» uchun Rossiya fuqaroligidan mahrum qilishni nazarda tutadi. Qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Konstantin Zatulinning so‘zlariga ko‘ra, deputatlar «bunday tuzatishlarni» ko‘rib chiqyapti. Reuters agentligining 15 mart, chorshanba kuni Rossiya Ichki ishlar vazirligiga tayanib eslatishicha, 2022 yilda 691 mingdan ortiq kishi Rossiya fuqaroligini olgan, ularning deyarli yarmi MDH davlatlaridan kelgan. 

2022 yil 5 apreldagi qonun loyihasida fuqarolikdan mahrum qilish, shu jumladan terroristik xarakterdagi jinoyatlar, davlatga qarshi og‘ir jinoyatlar, shuningdek, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishi, hujjatlarni qalbakilashtirish sohasidagi jinoyatlar uchun yoki fuqaroning iltimosiga binoan fuqarolikdan mahrum qilish nazarda tutilgan.

O‘zgartirishlar Rossiya fuqaroligiga qabul qilinganda 20 dan ortiq toifadagi shaxslarga qo‘yiladigan talablar sonini qisqartiradi, shuningdek, Rossiya pasportini olishning soddalashtirilgan tartibiga ega bo‘lgan shaxslar toifasini aniqlash bo‘yicha prezidentning vakolatlarini kengaytiradi. 

Xususan, Rossiyada doimiy yashovchi Belarus, Qozog‘iston, Moldova va Ukraina fuqarolariga nisbatan soddalashtirilgan tartib huquqini tiklash taklif qilinmoqda. 

Bundan oldin Rossiyada Ukrainaga qarshi harbiy tajovuz ishtirokchilarini «obro‘sizlantirish» va ular haqidagi «feyklar» uchun endi 15 yilgacha qamoq jazosi berilishi xabar qilingandi. 

14 mart kuni Rossiya Davlat dumasi uchinchi, yakuniy o‘qishda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli tuzatishlar va Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarni ma’qulladi. Endi Rossiya armiyasini «obro‘sizlantirish» uchun moddalar normalari yollanma askar bo‘lgan ko‘ngillilarga ham tegishli.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 20.3.3-moddasi «RF Qurolli Kuchlari uchun vazifalarni bajaradigan ko‘ngilli tuzilmalar, tashkilotlar yoki shaxslarni obro‘sizlantirish uchun javobgarlik» bilan to‘ldirildi. Unga nisbatan jarimalar o‘zgarishsiz qoladi: fuqarolar uchun 50 ming rublgacha va yuridik shaxslar uchun 500 ming rublgacha. Ushbu moddada bir yil davomida takror sodir etilgan taqdirda jinoiy jazo nazarda tutiladi.

Ko‘ngillilar va yollanma askarlarga ham Jinoyat kodeksining 207.3-moddasi – armiya haqidagi «feyk»larni tarqatish normalari qo‘llanadi. Ushbu moddaning birinchi qismidagi eng yuqori jazo - koloniyada ozodlikdan mahrum qilish - 3 yildan 5 yilgacha oshirildi. Ikkinchi va uchinchi qismlar uchun eng yuqori jazo o‘zgarishsiz qoldi - mos ravishda 10 va 15 yil qamoq. 5 million rublgacha jarima ham nazarda tutilgan.

Jinoyat kodeksining 280.3-moddasiga – «Armiyani obro‘sizlantirish»ga oid o‘zgartirishlar kiritildi. Uning birinchi qismi uchun jazo 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, ikkinchi qismi uchun (xavfli oqibatlarga olib kelgan qayta obro‘sizlantirish) 5 yildan 7 yilgacha oshirildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid