The Economist O‘zbekistonni Rossiyaning do‘stlari ro‘yxatiga kiritdi
Britaniyaning The Economist jurnali dunyo davlatlarining RF bilan diplomatik, harbiy, energetik va iqtisodiy aloqalarini o‘rganib chiqib, Moskvaning geosiyosiy ittifoqchilari indeksini tuzdi. 12 ta davlatdan iborat ro‘yxatda O‘zbekiston 10-o‘rindan joy oldi.
O‘zbekiston indeksda so‘nggi 12-o‘rinda qayd etilgan.
Nashr tahliliga ko‘ra, ayni paytda Rossiyaga geosiyosiy jihatdan eng yaqin bo‘lgan davlat – Belarus (11 ball). Moskva bilan aloqalarning qalinligi bo‘yicha keyingi o‘rinlardan – Armaniston (9 ball) va Qirg‘iziston (8 ball) joy olgan.
Ro‘yxatdagi keyingi davlatlar Moskvaga yaqinligi jihatdan quyidagi ketma-ketlikda joylashgan: Eron, Tojikiston, Qozog‘iston (6 ball), Suriya, Xitoy, Venesuela (5 ball), Nikaragua, Hindiston, O‘zbekiston (4 ball).
Mualliflar indeksni “Putinning do‘stlari” deb ham nomlagan. Uni tuzishda quyidagilar asosiy mezon bo‘lgan:
- Diplomatik yaqinlik. Mamlakat BMTning Rossiyaga oid asosiy rezolyutsiyalarida qanday ovoz bergan?
- Harbiy yaqinlik. Mamlakatning RF bilan harbiy sohadagi hamkorligi bo‘yicha rasmiy kelishuvi bormi? Bu mamlakat hududida rus qo‘shinlari yoki yollanma askarlari bormi? Urush boshlanganidan beri Rossiyaga qurol yetkazib berganmi? Bu mamlakat RFning qurollariga bog‘lanib qolganmi? Urush boshlanganidan beri RF bilan birgalikda harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazganmi?
- Energetik va iqtisodiy yaqinlik. Bu mamlakat Rossiya gazi, AES yoki yadro texnologiyalariga bog‘liqmi? Tashqi savdosida Rossiyaning ulushi 10 foizdan oshadimi? Urush boshlanganidan keyin Rossiyaga eksporti oshganmi?
Yuqoridagi mezonlar asosida O‘zbekistonning BMTdagi rezolyutsiyalarda Rossiyaga qarshi ovoz bermagani, shu bilan birga tarafdor ham bo‘lmagani, RFga qurol yetkazib bermagani, KXShT a’zosi emasligi, o‘z hududida rus harbiylarini joylashtirmagani va 2022 yil fevralidan buyon Rossiya bilan qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazmagani e’tiborga olingan.
The Economist o‘z maqolasida bu indeks davlatlarning diplomatik pozitsiyasidagi o‘ziga xosliklarni aks ettirmasligi, faqat ro‘yxatdagi davlatlar Rossiyaga nisbatan qanday pozitsiya tanlaganiga baho berishini qayd etib, bu pozitsiya majburlikdan tanlangan bo‘lishi ehtimolini rad etmagan.
Mavzuga oid
23:24 / 13.11.2024
Rossiya hukumati yaralangan harbiylar uchun to‘lov tizimini o‘zgartirdi
20:43 / 13.11.2024
«Mosfilm» kinostudiyasi o‘z omboridagi tanklarni Rossiya armiyasiga topshirdi
19:33 / 13.11.2024
Rossiyada migrant bolalarning rus tilini bilish darajasi tekshirilishi mumkin
17:53 / 13.11.2024