Toshkent shahri Yangihayot tumanidan o‘tgan yerusti metrosining 5-bekati oldidagi qator chinor daraxtlari kesib tashlanayotgani yuzasidan Kun.uzʼga murojaat kelib tushdi. Murojaatda aytilishicha, mas’ullar mahalliy aholiga metro qurilayotgani sabab bu daraxtlar kesilayotganini ma’lum qilgan.
«Daraxtlar turgan joyni tender orqali sotib olishgan ekan, shuning uchun tag-tugi bilan kesib olib ketishayotgan ekan. Buning uchun Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi (hozirgi Toshkent shahar tabiat resurslari boshqarmasi) ruxsat bergan emish.
Hozir kesib, transportlarga ortib ketishyapti. Bu bo‘yicha hokimiyatga murojaat qilsak, metroga xalal bergani uchun olib tashlashayotgan ekan. Lekin metro o‘tishi uchun bu yerda ortiqcha joylar bor, daraxtlarning umuman zarari tegmaydi», deyiladi murojaatda.
Kun.uz holat yuzasidan Tabiat resurslari vazirligining Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Farhod Dehqonov bilan bog‘landi. Unga ko‘ra, bu ko‘p yillik daraxtlar joylashgan hududda Chilonzor hamda Do‘stlik metro liniyasini bog‘lovchi stansiya barpo qilinadi, shu sababli 22 tup chinor daraxtining shoxlari kesilib, ularni boshqa joyga ko‘chirish ishlari ketmoqda. Uning aytishicha, daraxtlarni ko‘chirish bo‘yicha tegishli tashkilotlarga ruxsat berilgan, vaziyat nazorat ostida.
«Bu hudud metro loyihasiga tushib qolgan, loyihadan tashqari bitta novda ham kesilayotgani yo‘q. Maksimal darajada metro atrofidagi bir qator daraxtlar saqlab qolinmoqda. O‘sha vaqtlarda bu daraxtlarni ham (ko‘chirishni) so‘rashgandi. Endi hozir iloji yo‘qligi uchun 22 tup daraxtni ko‘chiryapmiz. Bu jarayonda hammasini o‘zimiz nazorat qilib boryapmiz, hududga hamma mutaxassislar chiqib turibdi. Daraxtlar ko‘chirib o‘tkazilgach 3 yil davomida parvarishlanadi», dedi u.

Bundan tashqari, Dehqonov nima sabab daraxtlar bu tarzda kallaklanayotganiga ham izoh berdi.
«Bu chinorlar ko‘p yillik katta daraxtlar hisoblanadi, shu hududning o‘zida o‘sgan. Deylik kun davomida bu daraxtlar 100 litr suvga ehtiyoji bo‘lgani, tanasining yuqori qismlariga ham yetib borishi uchun shuncha miqdorda suv ichadi. Lekin ularni boshqa joyga ko‘chirgandan keyin patak, mayda ildizlari uziladi, shu vaqtda 100 litrni torta olmay qoladi. O‘ziga keraklicha suvni tortib olishi uchun ham tepasidagi shoxlari kesib tashlanyapti. Ya’ni bu jarayonda xarajatlarini kamaytirish kerak, bizda shunday uslub bor. Endi bu daraxtlar dumaloq shaklda yonlaridan bachki beradi. Bu tarzda kesilgan daraxtlar dumaloq bo‘lib, sada bo‘ladi. Ënidan yaxshi shox berib, tepaga qarab o‘sib ketaveradi»,















