Turkiya Finlandiyaning NATOga a’zoligini ratifikatsiya qilishga rozi
Finlandiyaning ishi Shvetsiyanikidan farq qiladi, dedi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an. Unga ko‘ra, Stokholm Anqara so‘ragan «terrorchilar»ni ekstraditsiya qilishga rozi bo‘lmagan.
Turkiya Finlandiyaning NATOga a’zo bo‘lish arizasini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda 17 mart, juma kuni Anqarada Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Finlandiya prezidenti Sauli Niinistyo bilan o‘tkazgan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi. Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, uning mamlakati parlamenti Finlandiyaning Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilish haqidagi arizasini ratifikatsiya qilish jarayonini boshlaydi.Bu masala bo‘yicha ovoz berish 14 mayga belgilangan saylovlardan oldin o‘tkazilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, u Finlandiya ishi Turkiyaning «terrorchilar»ni ekstraditsiya qilish haqidagi iltimosini rad etgan Shvetsiya bilan bog‘liq vaziyatdan farq qilishini ta’kidladi. «Terrorchilar» deganda Anqara birinchi navbatda kurd faollari va 2016 yilgi davlat to‘ntarishiga urinishda gumon qilinayotgan turklarni nazarda tutadi. Erdo‘g‘an uning mamlakati Stokholmga ekstraditsiya qilishni talab qilgan 120 nafar «terrorchi» ro‘yxatini topshirganini, biroq Skandinaviya qirolligi rasmiylari bu qadamga bormaganini eslatdi.
O‘z navbatida, Sauli Niinistyo NATOga qo‘shilish Finlandiya uchun muhim qadam ekanligini ta’kidladi.
NATOga a’zo bo‘lish arizasi ma’qullanishi uchun u Shimoliy Atlantika alyansining barcha 30 ta davlati tomonidan ratifikatsiya qilinishi kerak. Turkiya va Vengriya NATOga a’zo davlatlar orasida hali buni qilmagan. Finlandiyaning a’zoligi masalasi bo‘yicha Vengriya parlamenti 27 mart kuni ovoz beradi va Shvetsiya bo‘yicha qaror keyinroq qabul qilinadi.
Sauli Niinistyo Turkiyaning Finlandiyaning NATOga a’zolik arizasini ratifikatsiya qilish qarorini olqishladi, biroq Shvetsiya ittifoqqa a’zo bo‘lmasa, bu «to‘liq bo‘lmasligini» qo‘shimcha qildi. Finlandiya bosh vaziri Sanna Marin ham shunday fikr bildirdi. «Finlandiya Shvetsiyani imkon qadar tezroq NATOga a’zo bo‘lishi uchun hamma narsani qiladi. Biz birgalikda kuchliroqmiz», deb ta’kidladi u Twitter sahifasida.
O‘z navbatida, NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Turkiya parlamenti Helsinki arizasini imkon qadar tezroq ratifikatsiya qilishiga umid bildirdi. «Eng muhimi, Finlandiya ham, Shvetsiya ham tez orada NATO a’zolariga aylanadi, bu bir kunda sodir bo‘lishi u qadar muhim narsa emas», dedi Stoltenberg.
Shu bilan birga, Shvetsiya rasmiylari Turkiya Stokholm arizasini ratifikatsiya qilishga hali tayyor emasligidan afsusda ekanini bildirdi. Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Tobias Billstryom jurnalistlarga bergan intervyusida: «Bu biz istamagan, ammo bunga tayyor bo‘lgan voqealar rivojidir» dedi.
Mavzuga oid
14:29 / 13.11.2024
Finlandiya Timchenko va Rotenbergning hokkey arenasini musodara qiladi
11:10 / 13.11.2024
O‘zbekiston va Finlandiya sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturini tayyorlaydi
18:36 / 08.11.2024
Finlandiya aeroportlari GPS tizimidagi uzilishlar tufayli 1960 yillardagi navigatsiyadan foydalanishga o‘tdi
16:43 / 06.11.2024