Jahon | 10:03 / 19.03.2023
29173
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp hibsga olinishi mumkinligini aytdi va tarafdorlarini namoyishlarga chaqirdi

AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp 21 mart kuni sobiq pornoaktrisa Stormi Deniyelsga sukuti uchun qilingan to‘lov bo‘yicha bir necha yil muqaddam ochilgan jinoiy ish doirasida hibsga olinishi mumkinligini aytmoqda.

Foto: Reuters

Sobiq prezident Truth Social tarmog‘idagi sahifasida tarafdorlarini uni himoya qilish uchun norozilik aksiyalari uyushtirishga chorladi.

Trampning aytishicha, uni hibs olishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqidagi ma’lumot «korrputsiyalashgan va o‘ta siyosiylashgan Manhetten prokuraturasi»dan olingan. U o‘zini aybsiz deb hisoblashini qo‘shimcha qilgan.

Ammo Trampning advokati Syuzen Neshel CBS News muxbiriga aytishicha, huquq tartibot organlari u bilan aloqaga chiqmagan va Trampning posti OAVda chiqqan xabarga asoslangan.

«Bu odatiy ishdan farqli o‘laroq siyosiy maqsadlarni ko‘zlagani tufayli okrug prokuraturasi prezident Trampning advokatlariga murojaat qilish o‘rniga materiallarni matbuotga sizdira boshladi», degan u.

U ehtimoliy ayblovlar haqida hech qanday ma’lumot bermadi.

Amerika nashrlari ma’lumotiga ko‘ra, AQSh huquq-tartibot organlari keyingi haftada qo‘lga olinib, sudga topshirilishiga tayyorlanmoqda. Rasmiy hibsdan so‘ng sobiq prezident sudya huzuriga olib borilishi, shundan so‘ng garov evaziga ozod etilishi kutilmoqda. Shu sababli, CNN xabariga ko‘ra, Nyu-York huquq-tartibot idoralari shaharda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tartibsizliklarning oldini olish maqsadida bir hafta davomida idoralararo hamkorlik choralarini ishlab chiqqan.

Manhetten prokuraturasi Tramp bayonotiga rasmiy munosabat bildirmagan.

Agar Tramp chindan ham qo‘lga olinsa, bu AQSh prezidentiga nisbatan jinoiy ayblovlar qo‘yilishi bilan bog‘liq ilk holat bo‘lmaydi.

Ammo bu uning kelasi yilgi prezidentlik saylovidagi imkoniyatlariga jiddiy ta’sir qilishi mumkin. Tramp allaqachon saylovga nomzodini qo‘yishi haqida gapirgan.

Ayrim siyosatshunoslarning fikricha, uning hibsga olinishi Trampning tarafdorlarini faollashtirishi va uning saylovdagi imkoniyatlarini oshirishi mumkin.

Stormi Deniyels ishi

Tramp va Stormi Deniyels ishi besh yildan buyon tergov qilinadi. 2018 yilda Trampga qarshi surishtiruv ishlarini Manhetten prokurori kichik Sayrus Vens boshlagan, u 2016 yilgi prezidentlik kampaniyasi davrida Oq uyning bo‘lajak rahbari pornoyulduz Stormi Deniyelsga o‘zi bilan munosabatlari haqida sukut saqlashi uchun maxfiy ravishda pul to‘lagani haqidagi ma’lumotni tekshirishga kirishgandi.

Ayol Tramp bilan jinsiy aloqada bo‘lganini tasdiqlagan va keyinroq bu ma’lumotni yoymasligi uchun Trampning advokati Maykl Koendan 130 ming dollar olganini aytgan. 

Prokuraturadagilar bu maxfiy to‘lovni saylov kampaniyasini moliyalashtirish to‘g‘risidagi qonunning buzilishi deb hisoblagan. Keyinchalik bu xarajatlar Trampning saylovoldi tashviqoti fondidan noqonuniy ravishda kompensatsiya qilingan. Koenning o‘zi buning uchun 2018 yil dekabr oyida uch yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Keyinroq bu ish 2019 yilda Nyu-York shtati prokuraturasi tomonidan ochilgan moliyaviy firibgarlik to‘g‘risidagi ish bilan birlashtirilgan, idoralar birgalikda ishlay boshlagan.

Keyingi ikki yilda prokurorlar Trump Organization’ning so‘nggi sakkiz yillikdagi soliq hisobotlari va boshqa moliyaviy hujjatlarga kirishga muvaffaq bo‘lishgan. Bir necha millionlik sahifani o‘rganish uchun shtat bosh prokurori prokuror Vensga yordam uchun ikki xodimini yuborgan.

2021 yilda Nyu-York bosh prokuraturasi shtabi Tramp va uning tashkilotiga qarshi ishda «jinoyat tarkibi» borligini ma’lum qildi, ammo tafsilotlar keltirilmadi.

Bu 76 yoshli Tramp ayblanuvchiga aylangan yagona holat emas, ammo mart oyida uni ko‘rsatma berish uchun sudga chaqirishgani ma’lum bo‘ldi. Bu tinglovlar yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tmoqda va u yerda nima muhokama qilinayotgani ma’lum emas.

Mavzuga oid