Polsha elchining «urushda ishtirok etish» haqidagi so‘zlariga aniqlik kiritdi
Diplomatik missiya elchining so‘zlari kontekstdan olingan holda talqin qilinganini va u faqat Polshaga Rossiyadan kelayotgan tahdid haqida gapirganini aytdi.
Polshaning Fransiyadagi elchixonasi elchi Yan Emerik Rostishevskiyning «Agar Ukraina o‘z mustaqilligini himoya qila olmasa, bizda (Polsha) boshqa chora qolmaydi, biz urushda ishtirok etishga majbur bo‘lamiz», degan so‘zlariga aniqlik kiritdi. Diplomatik missiyaning 19 mart, yakshanba kuni tarqatgan bayonotiga ko‘ra, ayrim ommaviy axborot vositalari bu so‘zlarni «kontekstdan olingan holda» noto‘g‘ri talqin qilgan.
Elchixonaning ta’kidlashicha, yarim soatlik suhbat davomida elchi ittifoqchilar tomonidan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash zarurligi va «Rossiya Yevropa va Yevropa qadriyatlariga tahdid solayotgani» haqida gapirgan. «Suhbatni diqqat bilan tinglash shuni ko‘rsatadiki, Polshaning mojaroda bevosita ishtiroki haqida hech qanday bayonot yo‘q, faqat Ukraina mag‘lubiyati oqibatlari, Rossiya hujumi ehtimoli yoki Markaziy Yevropaning boshqa davlatlari – Boltiqbo‘yi mamlakatlari va Polshaning urushda ishtirok etishi mumkinligi haqida ogohlantirish bo‘lgan, xolos», - deya ta’kidladi diplomatik missiya.
Polshaning sobiq prezidenti Lex Kachinskiy ham o‘tmishda vaziyatga xuddi shunday baho bergan va elchining bayonotidan keltirilgan parchani «shu ma’noda tushunish kerak», deya qo‘shimcha qilgan elchixona.
«Boshqa parchalarda elchi Polsha urush holatida emasligini, balki Ukrainaga ushbu mojaroda o‘zini himoya qilish uchun hamma narsada yordam berishini aniq tushuntirgan», deya ma’lum qildi diplomatik missiya va «Polshaning izchil urinishlariga to‘g‘ri kelmaydigan shov-shuvli bayonot izlashni do‘stona harakat emas» deb atadi.
Avvalroq Polsha elchisi LCI telekanaliga bergan intervyusida «Agar Ukraina o‘z mustaqilligini himoya qila olmasa, bizda boshqa chora qolmaydi, biz mojaroga kirishga majbur bo‘lamiz», deb aytgan edi. Polsha tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Pavel Yablonskiy Polsha ommaviy axborot vositalari bilan suhbatda elchi «qandaydir urushga kirishish istagi» haqida gapirmaganini, balki Polsha ham ma’lum ssenariylar ostida Rossiya hujumi qurboniga aylanishi mumkinligini ta’kidladi. «Menimcha, elchi aynan shuni nazarda tutgan edi», dedi u.
Rastishevskiyning so‘zlari Polsha parlamentida keskin tanqid qilindi. «Agar Ukraina bardosh bera olmasa, biz Rossiyaga qarshi urushga kiramiz, degan Polshaning Fransiyadagi elchisi o‘z vakolatidan oshib ketyapti va shunchaki o‘z lavozimidan chetlatilishi kerak», — dedi parlamentning tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi Matsey Gdula.
Mavzuga oid
23:20 / 13.11.2024
Polshada AQShning raketaga qarshi mudofaa bazasi ochildi
18:09 / 12.11.2024
Polsha Bosh shtabi boshlig‘i Rossiya bilan urushga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi
13:14 / 09.11.2024
Polsha: RF maxsus xizmatlari AQShga reyslarda portlashlar tayyorlagan bo‘lishi mumkin
23:43 / 05.11.2024