«Rus dunyosi»: Rossiya chindan ham alohida sivilizatsiyami?
Bugun «rus dunyosi» haqida gaplashamiz. Garchi bu ibora qadim zamonlardan buyon mavjuddek tuyulsa-da, aslida u muomalaga kiritilganiga ko‘p bo‘lmagan. «Rus dunyosi» (ruschasi «Russkiy mir») - turli odamlar uchun turli narsalarni anglatadi.
«Rus dunyosi»
2022 yil 2 fevralida RF prezidenti Vladimir Putin Kremlda davlat mukofotlarini topshirish marosimida shunday degan edi:
«Shu qadar ulkan va qiyofasi ko‘p bo‘lgan rus dunyosi mana shu. Uni biz yaratmaganmiz. Bizning missiyamiz uni mustahkamlash, rivojlantirish, fuqarolarimiz va butun jahonga jozibali qilishdan iborat».
Bu gapdan roppa-rosa uch hafta o‘tgach, Putin «rus dunyosini himoya qilish» shiori ostida rus qo‘shinlarini Ukrainaga jo‘natdi. 2023 yilning 14 martida u Rossiya Ukrainada «rus dunyosi» uchun kurashayotganini ta’kidlab o‘tdi. Ukrainaliklar esa sarkazm bilan Mariupol vayronalari va Buchadagi birodarlik qabristonlarini «rus dunyosi» deb atashadi.
21 mart kuni RF Xafsizlik Kengashi kotibi Nikolay Patrushev «AQSh va uning gumashtalari rus dunyosini obro‘sizlashtirishga harakat qilayotgani»ni navbatdagi marta takrorladi.
3 mart kuni esa Sankt-Peterburgda yuz bergan janjalda ikki yigit uchinchisining oldiga kelib, «Sen rus dunyosi tarafdorimisan?» deb so‘rashgan. Shundan so‘ng elektroshoker, qalampirli gazballonchasi va boshqa «dalillar» ishga tushgan.
Bu orada «Zavtra» «turbovatanparvarlik» gazetasi «Rus dunyosi global reyxga qarshi» ilmiy-ma’rifiy konferensiyasini o‘tkazdi. Nufuzli xalqaro ilmiy jurnallar yuzlab maqolalar e’lon qiladi, ularda tadqiqotchilar «rus dunyosi»ning mafkuraviy, geosiyosiy va boshqa ma’nolarini tushunishga harakat qilishgan: bu qandaydir hududmi, yoki alohida sivilizatsiyami, yoki shunchaki inson ruhiyati holatimi?
«Rus dunyosi»ni kim o‘ylab topgan?
Terminning o‘zini 1990-yillarda «metodologik harakat» izdoshlari, siyosiy texnologlar Pyotr Shchedrovitskiy va Yefim Ostrovskiy qo‘llay boshlashgan. Biroq Rossiya hokimiyatining so‘nggi o‘n yildagi sa’y-harakatlari tufayli bu mualliflar «rus dunyosi» iborasidan imkon qadar qochishga harakat qilishmoqda.
Albatta, so‘z birikmasi sifatida «rus dunyosi» avvalroq, eng kamida XIX asrdan buyon qo‘llab kelinadi: «rus g‘oyasi», «rus yo‘li» va «rus qalbi» bilan bir qatorda. Shchedrovitskiy va Ostrovskiy 1990-yillarda «rus dunyosi» iborasiga u yoki bu darajada ma’lum bir ma’no berishgan: Rossiyada yashamayotgan, biroq rus tilida so‘zlashuvchi va rus madaniyatida tarbiya topgan insonlar umumlashuvi.
Ya’ni u Fransiya va Buyuk Britaniya kabi sobiq imperiyalar o‘zining sobiq mustamlakalari bilan «alohida munosabatlar»ni saqlab turishga yordam beradigan Frankofoniya yoki Millatlar hamdo‘stligi kabi xalqaro tuzilmalarga o‘xshash (yoki aynan o‘shanday) xalqaro tuzilma bo‘lishi kerak edi.
Ikkinchidan, ularni asosan Isroil va Germaniyaga yaqindagina ko‘chgan emigrantlar, masalan, ona tiliga ko‘ra alohida «ruslar» — sovet yahudiylari yoki sovet nemislari tashkil etadi.
Uchinchidan, SSSR parchalangach, sobiq ittifoqdosh respublikalar (u Latviya bo‘ladimi, yo Qozog‘iston, yo boshqasi)da yashagan ruslar yangi mustaqil davlatlarda milliy ozchiliklarga aylandi.
O‘sha 1990-yillarda «metodologlar» «rus dunyosi» mafkurasini tuzgan chog‘da «xalq-vatanparvarlik» doiralarida boshqa bir mafkura — rus irredentizmi mustahkamlana boshladi.
Soddaroq qilib tushuntirilsa: ruslar SSSRda davlatni tashkil qiluvchi xalq bo‘lgan, hozir esa ular Yevropaning bo‘lib tashlangan eng yirik xalqi; endi bu «yara» bilan nimadir qilish kerak. Odatda bu «nimadir» ostida Rossiyaning «possovet hududida» u yoki bu shaklda hukmronlik qilishi nazarda tutilgan. Ruslarning bo‘lib tashlangan xalq ekani haqidagi tezisni muxolifatdagi siyosatchi Aleksey Navalniy ham bir necha bor ilgari surgan, kamida 2017 yilgacha.
Rus diasporasi haqida «metodologik» va irredentistik tushuncha qariyb bir-biriga zid ham edi: birinchisi madaniy aloqalarni rivojlantirish va «yumshoq kuch»dan foydalanishni nazarda tutsa (diaspora ruslari Rossiyaga investor ham, uning boshqa davlatlardagi lobbisti ham bo‘lishi mumkin), ikkinchisi — to‘g‘ridan to‘g‘ri egallash («asl yerlar»ni qaytarib olish»)gacha bo‘lgan u yoki bu shakldagi agressiya. Keyinroq Putin bu ikkisini «nikohlab» qo‘ydi.
2000-yillar davomida va 2010-yillar boshida Putin «xalq-vatanparvarlik» ritorikasini, hattoki mafkurasini, jumladan, irredentizmni muvaffaqiyatli o‘zlashtirib oldi. O‘z boshqaruvi boshlarida, 2001 yilda u «rus dunyosi» haqida gapirganda «ma’naviy o‘zini anglash»ni nazarda tutardi. 2005 yilda u SSSR parchalanishini «o‘ta yirik geosiyosiy falokat» ekani haqidagi tezisni shakllantirib oldi va uning oqibatlari orasida birinchi o‘ringa «o‘n millionlab vatandoshlar Rossiya Federatsiyasi hududidan tashqarida qolgani»ni qo‘ydi. 2014 yilgi «Qrim nutqi»da Putin ruslarni «jahondagi bo‘lib tashlangan eng yirik xalq» ekani to‘g‘risidagi irredentistik tezisni so‘zma-so‘z takrorladi.
Bu holatda avval boshdan «rus dunyosi»ning madaniy o‘zlikni anglash sifatida belgilangan g‘oyasi izsiz yo‘qolgani yo‘q: u Putin Rossiyasining «vatandoshlar»ga nisbatan yuritadigan siyosatida ko‘zga tashlanib turadi — ularga boshqa mamlakatlardagi ta’sir kuchiga ega agentlar sifatida qaraladi.
Putinizm — bu eklektik kvazimafkura: u g‘oya va tushunchalarni istalgan joydan yulqib terib chiqadi va undan o‘z mafkuraviy ximera (maxluq)larini yasaydi. Bugungi ko‘rinishdagi «rus dunyosi» aynan shunday olaquroq ximera: «metodolog»lardan nimadir olingan, yana allaqaysi jihatlari irredentistlardan, bunga qo‘shimcha ravishda uchinchi tarkibiy qism —«sivilizatsiya» g‘oyasi ham borki, u haqida batafsilroq hikoya qilmoq joiz.
Rossiyani «alohida sivilizatsiya» sifatida kim o‘ylab topgan?
Bir tomondan olib qaralsa, u Rossiyaning eskidan alohida e’tirofga molikligi to‘g‘risidagi g‘oyaning navbatdagi talqini. Boshqa tomondan, «sivilizatsiya» tushunchasidan foydalanish hammasini murakkablashtirib yubormoqda.
Umuman olganda, bu tushunchalar uzoq va chalkash tarixga ega. Bir paytlar, uzoq XVIII asrda bu shunchaki varvarlikning antonimi: «ma’rifatli xalqlar»ni «yovvoyi qabilalar»dan farqlovchi barcha narsalarni bildiruvchi qalqon termin bo‘lgan: fan, texnika, madaniyat, turmush, odatlar, iqtisodiy va siyosiy tashkil etilish va h.k.
XIX asrda va ayniqsa XX asrda bu so‘z o‘zining ikkinchi ma’nosiga ega bo‘ldi va qariyb o‘zining dastlabki ma’nosini muomaladan siqib chiqardi: sivilizatsiya — tarixiy rivojlanish asnosida insonlarning yirik va yopiq uyushmasi.
Ko‘plab faylasuflar insoniyatning hech qanday yagona tarixi yo‘q deb hisoblashar, binobarin, barcha uchun barobar sivilizatsiya ham bo‘lmagan deb hisoblardi — insonlarning bir necha uyushmasi bor, ular bu uyushmalarda o‘zaro hamkorlik qilsa ham, aralashmasdan aslicha qolishadi. Qo‘polroq qilib tushuntirilsa, Xitoy Xitoyligicha qoladi, G‘arb esa G‘arbligicha — ularning har birining o‘z qadriyatlari bor, o‘zlarining fikrlash toifalari (mentaliteti) va o‘z rivojlanish qonunlari bor.
Nikolay Danilevskiy bu uyushmalarni «madaniy-tarixiy turlar» deb atagan, Osvald Shpengler — «madaniyatlar» (ular bir joyda qotib qolib degradatsiyaga uchray boshlaganda — «sivilizatsiyalar»), Arnold Toynbi — «sivilizatsiyalar» deb atay boshlagan. Toynbi tomonidan o‘rtaga tashlagan termin nihoyat «yutib chiqadi».
Tarix fanida sivilizatsiya bilan bog‘liq yondashuv tezda «moda»dan qoldi — 1960-yillardayoq. 1990-yillarga kelib uni, aytish mumkinki, siyosatchilar, eng avvalo Samuel Hantington qayta ixtiro qildi. Uning «Tsivilizatsiyalar to‘qnashuvi» kitobi Frensis Fukuyamaning «tarixning tugashi» haqidagi mashhur tezisiga batafsil javob bo‘ldi.
Hantingtonning fikricha, SSSR parchalanishi va «sovuq urush»ning tugashi bilan liberal demokratiya va bozor iqtisodiyoti asosidagi tinchlik va farovonlik davri kelmaydi, aksincha, yangi to‘qnashuvlar davri kirib keladi va ular har xil siyosiy va iqtisodiy mafkuralar tufayli emas, turlicha qadriyatlar va o‘zlikni anglashlar tufayli ro‘y beradi.
Amerikalik boshqa bir siyosatshunos Lyusiyen Pay 1990 yilda Foreign Affairs jurnalida e’lon qilgan maqolasida bir yilcha avval Pekindagi Tiananmen maydonida yuz bergan noroziliklar shafqatsizlarcha bostirilgach, G‘arbning Xitoyga nisbatan siyosati qanday bo‘lishi lozimligi haqida fikr yuritadi. O‘z fikrlarining boshi sifatida u quyidagicha tezis shakllantirib olgan: Xitoy — bu davlat-millat emas, «o‘zini davlat deb atayotgan sivilizatsiya».
Bu konsepsiyaning ko‘plab tafsilotlari va nozik jihatlari tushirib qoldirilsa, uning mohiyatiga ko‘ra, millat — o‘z tarixiy taqdiri umumiyligini anglab yetgan katta guruhdagi insonlarning manfaati birligidir. Tsivilizatsiya esa — qadriyatlar birligidir. Bu ma’noda Fransiya va Germaniya turlicha davlat va millatlar bo‘lsa-da, bitta sivilizatsiya (G‘arb)ning bo‘laklaridir. Xitoy davlati esa doimo (hozirgi — Xitoy Xalq Respublikasi ko‘rinishida ham) qadriyatlar va manfaatlar bir narsa deya hisoblanib, qurib kelingan.
Payning «davlat-sivilizatsiya» terminini Martin Jak o‘zining 2009 yili chop etilgan «Xitoy qachon dunyoni boshqaradi?» kitobida yanada targ‘ib qilgan.
1990-yillar va 2000-yillardagi G‘arb siyosatshunosligidan «sivilizatsiya» termini Rossiya rasmiy hujjatlariga ko‘cha boshladi. 2000 yil tashqi siyosat konsepsiyasida (Putinning ilk konsepsiyasi) u tilga olinmagan; 2008 yilgisida esa «madaniy-sivilizatsiyaviy xilma-xillik», «sivilizatsiyalar hamkorligi» haqida ko‘p gap boradi.
2012 yilda Vladimir Putinning «Rossiya: milliy masala» dasturiy maqolasi e’lon qilindi (o‘shanda u Medvedevdan so‘ng yana prezidentlik lavozimiga qaytayotgan edi). Unda Putin Rossiyani «sivilizatsiya-davlat» deb atagan (taxminlarga ko‘ra, bu terminni Martin Jakni ko‘p o‘qigan Kreml referentlaridan birortasi «olib kelgan» bo‘lsa kerak). Bundan keyingi tashqi siyosat konsepsiyalarining 2013 yilgi va 2016 yilgi versiyalari chop etildi, u yerda endi «tsivilizatsion ildizlar» va «sivilizatsiyalararo bo‘linishlar» tilga olina boshlangan.
Hantingtonda «sivilizatsiya»dan abstrakt tushuncha, tahlil vositasi sifatida foydalanilgan. Putin boshliq Kreml nazariyotchilari esa undan reallikni tasvirlash uchun foydalana boshlashdi — uni asos qilib amaliy siyosat olib bora boshlashdi. Siyosiy fan o‘rganishi kerak bo‘lgan obektlar tadqiqotchilar o‘zlari o‘ylab topgan tasniflashtirishga moslashtirila boshlandi. Bu xuddi atomlar Bor modeli haqida eshitib qolib, unga muvofiq bo‘lish uchun qaror qilganidek gap.
«Rus dunyosi» va «Alohida sivilizatsiya» g‘oyalari amaliy siyosatda qanday ishlaydi?
Unchalik emas.
2022 yilning avgusida RF TIV tashqi siyosiy rejalashtirish departamenti direktori Aleksey Drobinin (u navbatdagi tashqi siyosat konsepsiyasini ishlab chiqish uchun mas’ul) shunday degandi: «Tsivilizatsion yondashuv bizga tahliliy jihatdan sermahsul, siyosiy jihatdan asoslangan bo‘lib ko‘rinmoqda».
Bu holatda Drobinin tomonidan taqdim etilgan «yetakchi-davlat boshchilik siyosiy jipslashgan tsivilizatsion uyushmalar» ro‘yxati katta taajjublarga sabab bo‘lgan. U yerda, masalan, «Rossiya va Yevrosiyo hamjamiyati», «Xitoy va Sharqiy Osiyo uyushmasi», alohida «AQSh va anglosakson sohasi» va yagona G‘arb o‘rniga «qit’aviy-yevropaviy sivilizatsiya» haqida so‘z boradi.
2023 yilga kelib boshqa maqolasida, Drobinin «ko‘pqutblilikni tushunish, tavsiflash va yaratishning metodologik asoslari sifatida tsivilizatsion jihat» va «sivilizatsiyalar kristallashuvi» haqida fikr yuritadi.
Aslida «siyosiy jipslashuv» haqida gap ketganda Rossiyaning faqat Belarus bilan yaqinlashganini tilga olish mumkin, xolos. Rossiya diplomatiyasining Yevropa va «anglosakslar»ni bo‘lishga urinishi natija keltirmayapti: ayrim nyuanslar bor, albatta, biroq «qit’adagi» Fransiya, Germaniya va Polsha avvalgidek Britaniya va AQSh bilan Rossiya tajovuziga qarshi Ukrainani qo‘llab-quvvatlash masalasida birdam bo‘lib turishibdi. KXShT kabi «tsivilizatsion» blokining eng katta muvaffaqiyati esa Qozog‘istonda 2022 yilning yanvarida ro‘y bergan tartibsizliklarni bostirishdagi ishtiroki bo‘ldi, xolos.
Buchadagi qirg‘in va Mariupoldagi vayrongarchiliklardan so‘ng Rossiya chegarasidan tashqarida «rus dunyosi» so‘z birikmasi qanaqa assotsiatsiyalar ketirib chiqarishi haqida gapirmasa ham bo‘ladi.
2019 yilda britaniyalik siyosiy faylasuf Kristofer Koker «The Rise of the Civilizational State» kitobini chop etdi va unda Si Jinping davridagi Xitoy, Vladimir Putin davridagi Rossiya, Narendra Modi davridagi Hindistonni «davlat-sivilizatsiyalar» sifatida tahlil qilgan. Oxirida u savol qo‘ygan: bu yetakchilar o‘z mamlakatlarining «alohida sivilizatsiya» ekanligiga, alohida qadriyatlar va huquqlarga ega ekani, jumladan, qo‘shnilar ustidan hukmronlik qilish va ularga o‘z qonun-qoidalarini tiqishtirish lozimligiga chindan ham ishonishadimi? Yoki «sivilizatsiya» va «dunyolar» haqidagi gap-so‘zlar shunchaki ularning mamlakat ichkarisidagi avtoritar siyosati, tajovuzkor tashqi siyosatini oqlab berishga xizmat qiladigan surbetlarcha mafkuraviy manipulyatsiyalarmi?
Koker bu savolni javobsiz qoldirgan. Biroq Putin va uning «rus dunyosi» hamda «Rossiya — davlat-sivilizatsiya» ekani bilan bog‘liq muayyan holatda bu mafkuraviy ximeralarni qo‘l ostidagi materiallardan shosha-pisha tiklashganini anglash qiyin emas.
Mavzuga oid
23:24 / 13.11.2024
Rossiya hukumati yaralangan harbiylar uchun to‘lov tizimini o‘zgartirdi
20:43 / 13.11.2024
«Mosfilm» kinostudiyasi o‘z omboridagi tanklarni Rossiya armiyasiga topshirdi
19:33 / 13.11.2024
Rossiyada migrant bolalarning rus tilini bilish darajasi tekshirilishi mumkin
17:53 / 13.11.2024