Yomg‘irlar va bahorgi yashillik – Toshkent havosi uzoqroq vaqt toza turganiga sabab nima?
O‘zbekistonda yoz oylaridagi qurg‘oqchilik sabab tuproqning quruqlashgani, shamollarning ko‘paygani, daraxtlarning kamaygani, konlar, qurilishlar va yana bir qancha omillar havo sifatini yomonlashtirib yubormoqda. Gidrometeorolog Erkin Abdulahatovga ko‘ra, havoni ifloslovchi omillarning aniq tahlillari kerak va shunga qarab chora ko‘rish shart.
Xalqaro Air Quality Index reytingi dunyoning turli nuqtalaridan havo sifati bo‘yicha ma’lumotlarni yig‘ib e’lon qilib boradi. Unga ko‘ra, 27 mart holatida Toshkentda havo sifati 79 AQI natija bilan o‘rtacha darajada turibdi.
Umuman Toshkent havosida ifloslanish darajasining oshishi oxirgi yillarda, ayniqsa, so‘nggi 2-3 yilda ko‘p kuzatildi. Shahar oldin deyarli duch kelmagan kuchli chang bo‘ronlariga guvoh bo‘ldi. Lekin 2023 yilning mart oyi o‘rtalarida Toshkent shahrida 4-5 kun havo sifati yaxshilanib turdi. Hatto 13 mart kuni Toshkent havosi dunyo shaharlari havosi sifat darajasi bo‘yicha “eng toza” ro‘yxatda turdi.
Qizig‘i, oldin ham yomg‘irlar yog‘gan va o‘shanda toza havo hozirgidek uzoq saqlanmay turgan. Buning sababini gidrometeorolog Erkin Abdulahatov mart oyining birinchi yarmida yomg‘irning faqat Toshkentda emas, balki unga qo‘shni hududlarda ham yog‘gani va tabiatning uyg‘onib yashillikka burkanishi bilan bog‘laydi. Uning aytishicha, oldin yomg‘ir asosan Toshkentning o‘zida yog‘gani sababli shahar havosi yana eski holiga qaytdi.
“Doim ta’kidlaganimdek, bizning sharoitda atmosfera havosi ifloslanishini kamaytirishda yashillik bu hal qiluvchi asosiy yechimdir. 12 martdan so‘ng Toshkent viloyati atrofida juda ham ko‘p yog‘in ortidan yaylovlar yashillikka tez burkandi. Hatto so‘nggi paytlar poytaxt g‘arbidagi qo‘shni Qozog‘iston yerlari ham tabiat tomonidan yaxshigina yashil rangga “bo‘yaldi”.
Toshkent va qo‘shni Qozog‘istondagi Turkiston viloyatlaridagi (sug‘oriladigan maydonlaridan tashqari) yashil hududlar mana 10 kundirki, poytaxt havosi tarkibida iflos moddalar to‘planishiga olib kelmayapti. Albatta, bu vaqtincha”, – deydi iqlimshunos.
Abdulahatov hududlardan ko‘tarilmayotgan chang zarrachalari mahalliy shamollar sabab poytaxtda to‘planmayotgani O‘zgidromet statsionar postlarida ham sezilayotganini aytadi. Bunga bahoriy yashillik sabab bo‘lib turibdi.
“NASA sun’iy yo‘ldoshlari tasvirlarida ham o‘tgan va joriy yildagi Toshkent viloyati uning atrofidagi yashillik bilan bog‘liq farqni ko‘rish mumkin. Bo‘lmasam, shahar ko‘chalarida o‘sha transport harakatlanyapti va o‘sha zavod fabrikalar ishlab turibdi”, – deydi u.
Umuman olganda, O‘zbekiston havosini qanday moddalar, aynan qaysi tabiiy hodisalar va faoliyatlar ifloslantirayotgani haqida katta izlanishlarga muhtojmiz.
O‘zgidromet xizmatining Kun.uz’ga bergan ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda atmosfera havosi sifati monitoringi milliy axborot platformasi va uning mobil ilovasini yaratish ustida ish olib borilmoqda.
Unda:
- respublika hududida atmosfera havosini ifloslantiruvchi moddalar, jumladan mayda dispers zarrachalar (RM10 va RM2,5) bilan ifloslanishi bo‘yicha ma’lumotlar bazasini yaratish;
- aholining atmosfera havosidagi ifloslantiruvchi moddalar, jumladan mayda dispers zarrachalar (RM10 va RM2,5) miqdoriga bog‘liq ravishda chang etiologiyali kasalliklar bilan kasallanish darajasini baholash;
- atmosfera havosi sifatini va aholi alomatligi uchun aerogen xavfni kompleks baholash kriteriylari xalqaro (JMT, JSST) talablarni va rivojlangan mamlakatlar tajribasini hisobga olgan holda ishlab chiqish kabi vazifalar qo‘yilgan.
Yaqinda e’lon qilingan AQI reytingi natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston havoning ifloslanishi bo‘yicha yillik reytingda dunyo mamlakatlari orasida 33.5 mkg/ m3 natija bilan 20-o‘rinni egalladi. Havoni zaharli moddalardan tozalash uchun bu ifloslanish antropogen yoki tabiiy omillarga bog‘liqmi degan savolga javob topish kerakligini ham aytadi Abdulahatov.
Masalan, faqat poytaxtning o‘zida oxirgi paytlarda sharqiy hududlardan esadigan shamol 20 foizga ko‘paygan. Angren, Olmaliq va Ohangaron sanoatlashgan shaharlar hisoblanib, u yerlarda ko‘p zavod-fabrikalar bor. Shu hududlardan esayotgan shamollar hisobiga Toshkent havosi ifloslanayotgan bo‘lishi mumkin. Sharqiy hududlardan shamol ifloslantiruvchi moddalarni olib kelishi bor gap va bu bo‘yicha ilmiy ishlar qilingan.
“Oxirgi paytlarda antropogen omillar ta’siri ham ortgan. Yashillikning kamayishi, qurilishlar ekologiya bo‘yicha normativ me’yorlar asosida amalga oshirilmasligi o‘z-o‘zidan sement va boshqa qurilish materiallaridan chiqayotgan moddalar tepaga ko‘tarilishini tezlashtiradi. Mana shu omillar tufayli shahar havosida ifloslanish darajasi ko‘paygan”, – deydi u.
Shu bilan bir qatorda, yoz oylarida davomiy qurg‘oqchilikning ko‘paygani sabab tuproqda o‘z-o‘zidan quruqlashish va tuproq yuzasidagi chang miqdorining yuqoriga ko‘tarilishini tezlashtiradi. Qurilish, yashillikning kamayib ketgani ham havoning yomonlashuviga sabab bo‘ladi.
Mavzuga oid
10:47
Toshkentda ayrim ko‘chalar yopilishi haqidagi xabarlar rad etildi
16:17 / 07.11.2024
“Toshkent shahri atrofidagi issiqxonalarning 60 foizi ko‘mir, rezina shinalar yoqyapti” – Ekologik partiya
20:44 / 06.11.2024
Toshkentda metro stansiyasida hojatini chiqargan erkak bo‘yicha ma’lumot berildi
13:06 / 06.11.2024