Jahon | 23:15 / 29.03.2023
13133
2 daqiqa o‘qiladi

Ro‘zadorlarga avtomobilni xavfsiz haydash bo‘yicha maslahatlar berildi 

Ramazon oyida ro‘za tutganlarning uyquchanligi yoki charchoqni his qilishi avtomobilni xavfsiz boshqarish qobiliyatini pasaytirishi mumkin. 

Foto: Getty Images

Birlashgan Arab Amirliklarinining Dubay yo‘llari va transport boshqarmasi (RTA) Islom amallari va xayriya departamenti bilan hamkorlikda Ramazon oyida ro‘zadorlarga avtomobilni xavfsiz boshqarish bo‘yicha maslahatlar berdi.

«Ramazon oyida uyqu vaqti va rejimining o‘zgarishi ro‘za tutgan haydovchilarning e’tiboriga ta’sir qiladi, bu esa haydovchilardan ko‘proq ehtiyotkor va hushyor bo‘lishni talab qiladi», dedi RTA bosh menejyeri Mayta bin Aday. 

Ramazon oyida ro‘za tutganlar uyquchanlik yoki charchoqni his qilishi mumkin, bu ularning diqqatini jamlash qobiliyatiga ta’sir qilishi yoki reflekslarini sekinlashtirishi, oqibatda avtomobilni xavfsiz boshqarish qobiliyati pasayishi mumkin. 

Ramazon oyida sodir bo‘ladigan yo‘l-transport hodisalarining aksariyati haydovchilarning oldidagi transport vositalari o‘rtasida xavfsiz masofani saqlamasligi bilan bog‘liq, dedi bin Aday. 

U ro‘zadorlarga o‘rindiqlarni tik holda tutishni va issiqda holdan toymaslik uchun konditsionerlarni yoqishni maslahat berdi. 

«Haydovchilarga avtomobilni boshqarishdan oldin yetarlicha dam olish tavsiya etiladi. Shuningdek, charchoq, uyqusirash yoki esnash holatlarida avtomobilni boshqarmagan yaxshiroq», deb qo‘shimcha qildi u. 

Haydovchilarga, shuningdek, to‘yib ovqatlangandan keyin darhol mashina boshqarishdan voz kechish, agar ro‘za vaqtida asabiylashishga moyil bo‘lsa, jamoat transportini tanlash tavsiya etiladi. 

Mavzuga oid