O‘zbekiston | 11:30
1393
3 daqiqa o‘qiladi

Qo‘pol yo‘l qoidabuzarliklari uchun transport vositasi musodara qilinishi mumkin

O‘zbekistonda ayrim qo‘pol yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun avtomobilni vaqtincha olib qo‘yish, ayrim hollarda esa musodara qilish choralarini joriy etish taklif qilindi. Shuningdek, voyaga yetmaganlarga transportni boshqarishga ruxsat berganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi mumkin.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda qo‘pol yo‘l qoidabuzarliklari uchun transportni vaqtincha olib qo‘yish yoki musodara qilish choralarini joriy etish taklif qilindi. Bu haqda YHXX boshlig‘i Sherzod Ibrohimov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Qayd etilishicha, yo‘llarda yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida idoralararo ishchi guruh tomonidan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqilgan va davlat rahbariga taqdim etilgan.

Bugungi kunda fuqarolar tomonidan voyaga yetmagan bolalarga transport vositalari topshirib qo‘yilishi holatlari yo‘llarda o‘lim va jarohat olish holatlari ko‘payishiga sabab bo‘layotgani, yo‘llarda, ayniqsa, aholi yashash punktlarida poygalar tashkil etilib, harakat xavfsizligiga jiddiy xavf solayotgani, qo‘pol qoidabuzarliklarni qayta-qayta sodir etganlarga ham jarimalarni chegirma bilan to‘lash imkoniyati berilishi bunday qoidabuzarliklar davomiy bo‘lishiga sharoit yaratayotgani ta’kidlangan.

Shu bois, yuqoridagilarni inobatga olib, besh turdagi qo‘pol qoidabuzarliklar uchun ma’muriy jazo chorasi sifatida avtotransport vositasini vaqtincha olib qo‘yish jazo chorasini kiritish taklif etilmoqda.

Bundan tashqari:

– bir necha turdagi qoidabuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik joriy etiladi;

– transportni boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan yoki mahrum qilingan shaxs tomonidan sodir etilgan yo‘l bezoriligi uchun qo‘shimcha ravishda avtomobilni musodara qilish yoki vaqtincha olib qo‘yish jazosi joriy etiladi;

– transportni mast holda boshqarganlik uchun 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi tayinlanadi;

– qo‘pol qoidabuzarlar uchun jarimani chegirma bilan to‘lashga bir yillik cheklov joriy etiladi;

– transportni boshqarishga bolalarga ruxsat berish, tanaga shikast yetkazish, o‘limga sabab bo‘lganda jinoiy javobgarlikka tortish taklifi ilgari surilmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid