Jahon | 16:26 / 29.03.2023
5392
3 daqiqa o‘qiladi

Ukrainalik sportchilar XOQ taklifini keskin tanqid qilib chiqdi

Foto: AP

Olimpiada chempionlari Olga Xarlan va Vladimir Klichko Xalqaro olimpiya qo‘mitasining rossiyaliklar va belaruslarni musobaqalarga neytral maqomda kiritish haqidagi taklifini qattiq tanqid qildi.

Dunyoga mashhur ukrainalik sportchilar Olga Xarlan va Vladimir Klichko Xalqaro olimpiya qo‘mitasining (XOQ) rossiyaliklar va belaruslarga musobaqalarda neytral maqomda qatnashishga ruxsat berish haqidagi taklifini, shuningdek, tashkilot rahbari Tomas Baxni tanqid qildi. 

Ukrainalik qilichboz, olimpiya chempioni va olti karra jahon chempioni Olga Xarlan 29 mart, chorshanba kuni Germaniyaning FAZ nashriga bergan intervyusida aytishicha, «hatto rossiyaliklarning neytral maqomi ham hech narsani o‘zgartirmaydi», sababi rossiyalik sportchilar «Putinning tashviqot quroli». 

«Ularning bayrog‘i qonga bo‘yalgan, ammo usiz ham ular Rossiyaga qaytib, g‘alabalarini nishonlaydilar, o‘zlarining kuchlari bilan faxrlanadilar», dedi u va XOQ prezidenti «haqiqatni ko‘rishni xohlamaydi», deb qo‘shimcha qilib o‘tdi. 

Rossiyaliklarning olimpiya o‘yinlariga qo‘yilishi Ukraina vakillarining ularda qatnasha olmasligini anglatadi, dedi sportchi: «Biz tinchlik uchun terrorchi davlat vakillari bilan bellashishni istamaymiz». 

Boks bo‘yicha og‘ir vazn toifasida olimpiya o‘yinlari chempioni, professional bo‘yicha ko‘p karra jahon chempioni Vladimir Klichko XOQning rossiyaliklar va belaruslarning «neytral bayroq» ostida ishtirok etishi haqidagi qarori «yolg‘on belgi» ekanini aytdi. U Baxni «Rossiyaga xizmat qiladigan shaxs» deb atadi. 

«Tomas Bax Rossiya manfaatlariga xizmat qiladi. XOQning bu qarori olimpiya ruhini ifloslantiradi va mana shu urushga o‘xshaydi: bu bema’nilik», - deb yozdi u. 

28 mart kuni, to‘rt oylik maslahatlashuvlardan so‘ng XOQ ijroiya qo‘mitasi Parijda 2024 yilda bo‘lib o‘tadigan olimpiya o‘yinlari bo‘yicha qarorni keyinga qoldirib, xalqaro federatsiyalarga urushni neytral pozitsiyada qo‘llab-quvvatlamagan rossiyalik va belaruslik sportchilarga musobaqada ishtirok etishga ruxsat berishni tavsiya qildi. XOQ rahbari ayni paytda Rossiya va Belarus jamoalarini xalqaro musobaqalar ishtirokchisi deb hisoblash mumkin emasligini ta’kidladi. 

Mavzuga oid