Jahon | 00:32 / 30.03.2023
16465
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya XJS tizimiga kirish uchun josus yuborgan – OAV 

U Braziliya fuqarosi niqobi ostida Xalqaro jinoyat sudiga ishga kirishga uringan.

Foto: The Washington Post

Rossiya o‘zining josus agentini AQSh hududiga yubordi, u Haagadagi Xalqaro jinoyat sudiga (XJS) ishga joylashishga deyarli muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda AQSh, Yevropa va Braziliya rasmiylarining anonim ma’lumotlariga, shuningdek, rossiyalik agentga qarshi allaqachon qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasidagi sud jarayonlariga tayanib The Washington Post xabar berdi.

Gap o‘n yil davomida Braziliya fuqarosi niqobi ostida Xalqaro jinoyat sudiga ishga kirishga uringan kaliningradlik Sergey Cherkasov haqida ketmoqda. U XJS Rossiya armiyasining Ukrainadagi jinoyatlari to‘g‘risida dalillar bazasini shakllantirgan paytda 6 oylik amaliyot bosqichiga yetib borgan.

AQSh rossiyalik agentning shaxsini aniqlash ustida uzoq yillar ish olib borgan. Uning kim ekani bir yil avval aniqlangan.

Cherkasov o‘zining josuslik faoliyatini braziliyalik talaba Viktor Myuller-Ferreyra niqobi ostida boshlagan, u 2018 yilda AQSh Jons Hopkins universitetiga o‘qishiga kirishga muvaffaq bo‘lgan.

Bu davrda josus Vashingtondagi aloqalaridan foydalanib, Rossiyaga Qo‘shma Shtatlarning yuqori lavozimli amaldorlari, shuningdek, Amerika yetakchisi Jo Bayden haqidagi ma’lumotlarni yetkazgan. Xususan, u Ukraina davlat chegarasi yaqinida Rossiya qo‘shinlarining to‘planishiga amerikalik rasmiylarning munosabati haqida ma’lumot to‘plagan.

Universitetda o‘qishni tugatgandan so‘ng, Cherkasov XJS tizimiga ishga kirishga harakat qilgan, ammo AQSh maxfiy xizmat xodimlari uning iziga tushib, Niderlandiyaga Ferreyraning haqiqiy shaxsi haqida xabar berishgan. Shundan so‘ng, u Braziliyaga deportatsiya qilingan, u yerda hibsga olinib, soxta shaxs niqobi ostida yashagani uchun 15 yillik qamoq jazosiga mahkum etilgan.

Qayd qilinishicha, Rossiya Cherkasov bilan aloqasi borligini rasman rad etishga urinmoqda. Ammo avvalroq Moskva uni ekstraditsiya qilishni talab etgan. Rossiya uni geroin kontrabandasi uchun jazodan qutulish maqsadida mamlakatdan qochib ketgan jinoyatchi sifatida tasvirlagan.

O‘tgan hafta oxirida AQSh Adliya vazirligi ayg‘oqchiga nisbatan ayblov xulosasini Federal sudga yubordi, biroq Vashington uni Braziliyadan ekstraditsiya qilish bo‘yicha rasmiy so‘rov yuborishni rejalashtirayotgani hali aniq emas. Rossiya o‘z josusini muammodan xalos qilish uchun harakatlarni kuchaytirishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil 17 mart kuni Haagada joylashgan Xalqaro jinoyat sudi Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Ukrainadan bolalarni noqonuniy deportatsiya qilishda gumonlab, hibsga olishga order bergan edi. Rossiya yetakchisiga qo‘yilayotgan ayblov harbiy jinoyatlar toifasiga kiradi.

Mavzuga oid