Men uchun bu loyiha haligacha O‘zbekistonda oxirgi yillarda sodir bo‘lgan eng zo‘r jarayonlardan biri. Bu haqda avvalroq bir necha marotaba yozganman.

Birinchidan, “o‘zbekistonliklar o‘z soliqlari taqsimlanishida, mahalliy saylovlarda va fuqarolik jamiyati qurishga qiziqish bildirmaydilar, biz boshqachamiz, biz unga va bunga tayyor emasmiz” mazmunidagi shablon gaplarni ba’zida eshitamiz. Shu gaplar to‘g‘ri emasligiga dalilni aynan “Tashabbusli budjet” loyihasi ko‘rsatib bermoqda desam ham bo‘ladi. Biroz bo‘lsa ham fuqarolik jamiyati paydo bo‘layotgani, fuqarolar o‘z soliqlari taqsimotida faollashib borayotganlari faqat va faqat yaxshi emasmi?

Ikkinchidan, aslida “Open budget” parlament qilishi kerak bo‘lgan ishni qilyapti. Budjet, soliq to‘lovchilarning pullari taqsimoti aslida, parlamentda xalq vakillari orqali bo‘lishi kerak edi. “Open budget” atrofidagi hozirgi faollik bizga shu jarayon keyingi bosqichda chinakamiga parlamentga ko‘chishiga, tuman, hududlardan saylangan deputatlar o‘z ovoz beruvchilariga nima kerakligini boshqa xalq vakillari oldida bahslashib kelishishlariga, va nihoyat parlament degan institut to‘liq tashkil topishiga umid beradi.

Uchinchidan, erkinlik va rivojlanishning garovi o‘sha oddiy savollarda va unga javob izlashda yotadi: “Soliqlarim qayerga ketyapti, nimalarga sarflanyapti? Nima uchun mening soliqlarim taqsimoti mensiz bo‘lyapti?” Bu savollar sizni o‘ylantirishi kerak, uni berishingiz, javob izlashingiz kerak.

“Tashabbusli budjet”ga qarshi tanqidiy fikrda bo‘lganlar aytadi: “Bu narsa uchun davlat bor-ku, bu loyihalarning barchasi o‘zi qilinishi kerak bo‘lgan ishlar-ku. Biz soliqlarni to‘lab qo‘yganmiz-ku, vazifamizni bajarib qo‘yganmiz-ku, endi davlat o‘z ishini qilsin, axir ular maosh oladilar, ular bunga majbur”. Ha, balki, lekin davlat ota emas, u bizga hamma narsani muhayyo qilib beradigan kuch ham emas. Davlat bu odamlardan alohida tekislikda faoliyat olib boradigan idora, mavhum mashina ham emas, balki shu odamlarning o‘zi tomonidan vaqtincha tayinlangan boshqaruv instituti. U samarali ishlashi uchun unga “checks and balances” kerak, uning kuchi tiyilib, faoliyati nazoratda bo‘lishi lozim. Soliq to‘lovchi o‘z soliqlarini vakillari orqali boshqa soliq to‘lovchining vakillari bilan kelishib-bahslashib taqsimlashlari, uning ijrosi ustidan nazoratda bo‘lishi kerakligini qayta-qayta eslab turishimiz lozim.

To‘rtinchidan, meni quvontirayotgan kuzatuvlardan biri insonlarda “bu bizning pulimiz, davlatniki emas, davlat bizning tumanga, qishloqqa qachon pul ajratarkan, qachon asfalt qilar ekan deb kutib o‘tirguncha, o‘zimiz shuni faolroq bo‘lib qilsak bo‘lar ekan”, degan tushunchalar ko‘paymoqda. Oddiygina raqamlarga ko‘ra, bu mavsumgi loyihada shu damda qariyb 13,4 million o‘zbekistonliklar ovoz beribdi. Juda katta raqam-ku bu.