Blinken Rossiyani noqonuniy ushlangan AQSh fuqarolarini ozod qilishga chaqirdi
AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan suhbatda WSJ jurnalisti va boshqa amerikalik fuqarolarning Rossiya tomonidan nomaqbul qo‘lga olinishidan xavotir bildirdi.
AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 2 aprel kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan telefon orqali muloqot qildi. Amerika tashqi siyosat idorasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, «Blinken AQSh fuqarosi bo‘lgan jurnalistning (WSJ - Evan Gershkovich) Rossiya tomonidan qabul qilib bo‘lmaydigan qo‘lga olinishidan Qo‘shma Shtatlarning jiddiy xavotirini bildirdi». Amerika diplomatiyasi rahbari Moskvani zudlik bilan uni va «nohaq ushlangan AQSh fuqarosi Pol Uilanni» ozod qilishga chaqirdi.
O‘z navbatida, Rossiya TIV matbuot xizmatiga ko‘ra, Sergey Lavrov Blinkenga amerikalik jurnalist «jurnalistlik maqomi niqobi ostida davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarni to‘plashga, maxfiy ma’lumotlarni olishga urinayotganda qo‘lga tushganini» va uning kelajakdagi taqdiri sud tomonidan belgilanishini aytgan. «Vashingtondagi rasmiylar va g‘arb ommaviy axborot vositalarining bu ishga siyosiy tus berish niyatida shov-shuv ko‘tarishiga yo‘l qo‘ymaslik muhimligi ta’kidlandi», - deyiladi Rossiya idorasi bayonotida.
The Wall Street Journal gazetasi jurnalisti Evan Gershkovichning Rossiyada josuslikda ayblanib hibsga olinganidan so‘ng, AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati diplomatik va siyosiy eskalatsiya ehtimolini ko‘rib chiqishi kerak, deb yozadi WSJ. 30 mart oqshomida chop etilgan tahririyat maqolasiga ko‘ra, Rossiya elchisi, shuningdek, mamlakatda ishlayotgan barcha rossiyalik jurnalistlarning Qo‘shma Shtatlardan chiqarib yuborilishi Vashingtondan bu borada kutilayotgan «minimal javob» bo‘ladi.
Gershkovichni hibsga olish vaqti «AQShni sharmanda qilish va Rossiyada faoliyat yuritayotgan xorijiy matbuotni qo‘rqitish uchun» rejalashtirilgan provokatsiyadan dalolat beradi, deb hisoblaydi WSJ. Maqolada aytilishicha, Kreml Rossiya matbuoti ishini bostirgani sababli, xorijiy muxbirlar so‘nggi mustaqil axborot manbalari hisoblanadi. Mualliflarning fikricha, Gershkovichning hibsga olinishi uning yaqinda Rossiya iqtisodiyotining yomonlashayotgani haqidagi maqolasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. «Kreml bu haqida haqiqiy gaplar aytilishini xohlamaydi», deb taxmin qilgan Amerika gazetasi tahririyati.
WSJ muxbirining Yekaterinburgda qo‘lga olingani 30 mart kuni ma’lum bo‘ldi. O‘sha kuni kechqurun Evan Gershkovich «josuslik» ishi bo‘yicha Moskvaning Lefortovo sudi qarori bilan 29 maygacha hibsga olingan. Gershkovich sovuq urush tugaganidan keyin Rossiyada josuslikda ayblanib, hibsga olingan birinchi xorijlik muxbir bo‘ldi.
Federal xavfsizlik xizmati («FSB») muxbir «Rossiya harbiy-sanoat kompleksi korxonalaridan birining faoliyati to‘g‘risida davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni to‘plagani»ni da’vo qilgan. Rossiya Jinoyat kodeksining «josuslik» moddasi 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni nazarda tutadi.
Mavzuga oid
23:24
Rossiya hukumati yaralangan harbiylar uchun to‘lov tizimini o‘zgartirdi
20:43
«Mosfilm» kinostudiyasi o‘z omboridagi tanklarni Rossiya armiyasiga topshirdi
19:33
Rossiyada migrant bolalarning rus tilini bilish darajasi tekshirilishi mumkin
17:53