Jahon | 11:42 / 03.04.2023
6195
3 daqiqa o‘qiladi

Kiyev «Qrim deokkupatsiyasi bo‘yicha 12 qadam»ni ma’lum qildi

Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi tomonidan tayyorlangan dastur Rossiya tomonidan qo‘shib olingan yarimorol Ukrainaga qaytarilgandan keyin amalga oshiriladigan huquqiy va tashkiliy chora-tadbirlar rejasidir.

Oleksiy Danilov

Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi (MXMK) kotibi Oleksiy Danilov «Qrimni deokkupatsiya qilish bo‘yicha 12 qadam» dasturini taqdim etdi. Rossiya tomonidan annexia qilingan yarimorol Ukrainaga qaytarilganidan keyin amalga oshiriladigan huquqiy va tashkiliy chora-tadbirlar rejasi bo‘lgan hujjat 2 aprel, yakshanba kuni Danilovning Facebook'dagi sahifasida e’lon qilindi.

Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibining so‘zlariga ko‘ra, «keng doiradagi mutaxassislar va ekspertlar ishtirokida» ishlab chiqilgan dastur, xususan, «2014 yildan beri Rossiya tomonidan siyosiy sabablarga ko‘ra ta’qib qilingan Ukrainaning barcha fuqarolari, Qrim tatarlari, ukrainaliklarni zudlik bilan ozod qilish, ma’naviy zararni qoplash» kabi bandlarni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, 2014 yil fevral oyidan keyin Ukraina qonunchiligiga mos bo‘lmagan barcha bitimlarni noqonuniy deb tan olish, mulkni oldingi egalariga qaytarish, «2014 yil fevralidan keyin Qrim yarimoroliga noqonuniy ravishda yashash uchun kelgan»Rossiya fuqarolarini deportatsiya qilish, Ukraina sobiq fuqarolarini kollaboratsionizm va xiyonat uchun jinoiy javobgarlikka tortish nazarda tutilgan.

Shuningdek, Qrim ko‘prigining «to‘liq kemalar harakati erkinligini ta’minlash uchun» buzib tashlanishi, Qrimda yodgorlik loyihasi va joylashuvi bo‘yicha referendum, «Rossiya mafkurasini yaratish va tarixni qayta yozishda ma’lum rol o‘ynaydigan Sevastopol» nomini o‘zgartirish ko‘zda tutilmoqda.

«Qrim - bu Ukraina! Qrimda bizning fuqarolarimiz yashayapti, Ukraina fuqarolari uyga qaytishni kutmoqda! Biz ular haqida hech qachon unutmaganmiz, umid va ishonch bilan qarayotgan millionlab ko‘zlarni hech qachon unutmaymiz», - deyiladi hujjatda.

Avvalroq Ukraina Mudofaa vazirligi razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya tomonidan bosib olingan barcha hududlarni ozod qilishi, bosib olingan Qrim esa – harbiy kuch va diplomatiya orqali qaytarilishini ma’lum qilgandi. Uning ta’kidlashicha, asosiy vazifa Ukrainani 1991 yilgi dunyoda tan olingan chegaralarga qaytarishdir.

O‘z navbatida, AQSh shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi Mark Milli Ukraina Qurolli kuchlari 2023 yil davomida Rossiya armiyasini ortga qaytarib, Donbass va Qrim ustidan nazoratni tiklashiga shubha bildirdi. Bu «juda va juda qiyin, ammo imkonsiz bo‘lmagan harbiy vazifa», dedi general Defense One nashriga bergan intervyusida.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid