17:16 / 04.04.2023
26437

NATO yana kengaydi. O‘zbekistonga ta’siri bormi?

Bugun, 4 aprel kuni Finlandiya NATOning 31-a’zosi bo‘lgani rasman e’lon qilindi. Shu tariqa, NATO–Rossiya chegarasi 1300 kilometrga uzaydi. Hozirda Shvetsiya va yana bir nechta davlat ham alyansga a’zolik yo‘lidan ketyapti.

Nega keyingi ikki asr davomida Rossiyaga neytral bo‘lib kelgan Finlandiya, keyingi bir yil ichida NATOga shoshilinch ravishda a’zo bo‘ldi?

2021 yil 15 dekabrda Vladimir Putin kutilmagan ultimatum bilan chiqdi. Ultimatum AQSh va NATOga qarshi qaratilgan edi. Ultimatumga ko‘ra, AQSh hech bir possovet davlatida harbiy baza ochmasligi kerak, harbiy-xavfsizlik hamkorligi qilmasligi kerak; qolaversa, NATO kengaymasligi, aksincha, 1997 yilgi chegaralariga qaytishi kerak. Bu degani, NATOdan yangi a’zolarni ham o‘z safidan chiqarish talab qilingan edi. Tabiiy, bu talablarni AQSh ham, NATO ham qabul qilmas edi. Putinning o‘zi ham bu talablar qabul qilinmasligini yaxshi tasavvur qilgan.

Lekin, bu talablarning “ultimatum” deyilishiga asosiy sabab – bu paytda Rossiyaning katta harbiy qo‘shinlari Ukraina chegarasiga olib kelib qo‘yilgan edi. Oradan ikki oy o‘tib, 2022 yilning 24 fevralida Rossiya Ukrainaga bostirib kiradi, va katta urush boshlanadi.

NATO – bu kollektiv mudofaa tashkiloti. Ya’ni, harbiy blok. NATO nizomining 5-moddasiga ko‘ra, agar tashqi dunyodan kimdir tashkilotga a’zo davlatlardan bittasiga hujum qilsa, qolganlariga ham hujum qilgan hisoblanadi va kollektiv mudofaa qilish majburiyati hammaga yuklanadi.

Sobiq SSSR qulaganidan keyin, NATO o‘zining tarixiy vazifasini bajarib bo‘lgandi. SSSR va u bilan birga sotsialistik lager qulagandi. 1990-yillar NATO uchun yangi maqsad va vazifalar izlash davri bo‘ldi. Qisqa vaqt NATO diniy ekstremizm va terrorizm bilan kurashishni o‘z oldiga maqsad qiladi. Lekin bu muammoning tahdid darajasi ancha bo‘rttirilgan edi. Keyinroq NATO kiberxavfsizlik va boshqa tahdidlar bilan kurashishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi.

1999 yilning dekabrida Rossiya hokimiyatiga kelgan V.Putinning NATO bilan munosabatlari 2000-yillar o‘rtalariga qadar juda ijobiy edi. NATO-Rossiya hamkorlik kengashi bor edi. V.Putin NATOning sammitlarida doimiy mehmon edi. Ushbu tashkilot rahbarlari Putinni do‘st sifatida ko‘rishardi. Lekin, 2004-07 yillarda V.Putinning NATO va kollektiv g‘arbga qarashlari o‘zgarib bordi.

Bir tomondan, Rossiya neftdan juda katta daromad orttira boshladi. Agar 2003 yilda bir bochka (barrel) neft 25-32 dollar turgan bo‘lsa, 2005-08 yillarga kelib, 50-90 dollargacha ko‘tarildi. Dunyoda neft narxining oshishi bilan birga, Putinning imperiyachilik ishtahasi ham oshib bordi.

2008 yilda Putin Gruziyaga bostirib kiradi va u yerdagi ikki hududning separatistik siyosatchilarini qo‘llab-quvvatlaydi. Ukrainaning ham Yevropa Ittifoqi hamda NATOga intilishlari bilan kurashish, Kiyevni Rossiyaga bog‘lab turish uchun katta loyihalarni amalga oshiradi.

Rossiya 2014 yilda Ukrainaning Qrim yarimorolini annexia qiladi. Bu ish ham, boshqa ko‘plari kabi, xalqaro maydonda “yutib yuboriladi”. Va natijada, 2022 yilning 24 fevralida Rossiya Ukrainaga katta armiya bilan bostirib kiradi. Lekin, bu urushdan oldin ham, Putin va boshqa rus mutasaddilari Ukrainaga hech bir sharoitda bostirib kirmasligini aytishgan edi. Xalqaro hamjamiyat juda qo‘pol shaklda aldangan edi.

Finlandiya va Shvetsiya davlatlari, hattoki SSSRning eng agressiv darajaga chiqqan davrlarida ham NATOga intilishmagan edi. Finlandiyalashuv (Finlandizatsiya) degan atama bor. Mazmuni – Finlandiya kabi neytral bo‘lish, degani. Sobiq SSSR davrida ham Finlandiya g‘arb davlatlari bilan ham, SSSR bilan ham ishonchli munosabatlarda bo‘lgan, savdo-iqtisodiy aloqalari yuqori bo‘lgan.

Lekin, mana Putin tomonidan NATO va AQShga ultimatum qo‘yilishi, Ukrainaga bostirib kirish fonida, hattoki Finlandiya ham NATOga shoshilinch kirmoqda. Bu, V.Putinning niyati va erishgan natijalari butunlay teskari ekanini ko‘rsatadi.

Agar o‘zbekistonliklardan NATO haqida so‘ralsa, aksariyat vatandoshlarimiz NATOni “katta xavf” deb aytishsa kerak. Lekin, xavf aynan nimada ekanini, hech kim asoslab bera olmaydi. Sababi, O‘zbekiston ham, butun Markaziy Osiyo mintaqasi kabi, Rossiya axborot xududida, rus propagandasi ta’siri ostida qolmoqda.

Aslida, O‘zbekistonning NATO bilan aloqalari, mustaqillikdan keyinoq boshlangan edi. 1991 yil sentabrda mustaqilligini e’lon qilgan O‘zbekiston, o‘sha yilning dekabridayoq NATOning Hamkorlik Kengashi dasturida ishtirok etib boshlagan edi. 1994 yilda O‘zbekiston NATOning Tinchlik uchun hamkorlik loyihasiga qo‘shiladi. 1996 yilda esa O‘zbekiston bilan NATO o‘rtasida yakka tartibdagi hamkorlik dasturi imzolanadi.

2002 yilga kelib, O‘zbekiston bilan NATO o‘rtasidagi hamkorlik eng yuqori nuqtaga chiqadi. O‘zbekiston AQSh va NATOga a’zo davlatlarga, Afg‘onistondagi operatsiyalarni bajarish maqsadida ikkita harbiy baza taqdim qiladi: Qarshi/Xonobod va Termiz. Qolaversa, AQSh bilan strategik sheriklik kelishuviga binoan, O‘zbekiston mudofaa va harbiy texnika tizimi NATO standartlariga o‘ta boshlaydi. O‘zbekistonlik harbiylarni tayyorlashda Turkiya, Italiya, Germaniya va AQSh davlatlari harbiy mutaxassislari yordam berishi yo‘lga qo‘yiladi.

2005 yil may voqealari ortidan, O‘zbekistonning NATO bilan aloqalari tushib ketadi. Oradan uch-to‘rt yil o‘tib, 2009 yilda O‘zbekiston, Rossiya va boshqa davlatlar qatori “Shimoliy marshrut” loyihasiga qo‘shiladi.

Birinchi ma’muriyat davrida, O‘zbekiston o‘zining xavfsizligini ta’minlash yo‘lida, NATO bilan hamkorlikni muhim vektor sifatida ko‘rar edi. Lekin, bugungi kunda O‘zbekistonning neytralligi, NATO bilan ham, boshqa harbiy bloklar va harbiy hamkorlik borasida ham, boshqa vektorni ko‘rsatadi. Bugungi geosiyosiy turbulentlik, beqarorlik davrida, O‘zbekiston o‘zining xavfsizligi, barqarorligi va geosiyosiy mustaqilligini ta’minlash uchun, tomonlardan biriga qo‘shilishni emas, ziddiyatlarga imkon bermaslik va neytral turishni eng to‘g‘ri taktika sifatida ko‘radi.

O‘zbekiston va MO mintaqasi uchun, NATO va uning kengayishi – tahdid emas. Lekin NATOga yaqinlashish – Rossiya tomonidan “dushmanlik akti” sifatida qabul qilinar ekan, bu yaqinlashuv beqarorlikka sabab bo‘luvchi omil sifatida ko‘riladi. Shuning uchun, O‘zbekiston mudofaa doktrinasiga ko‘ra, rasmiy Toshkent harbiy bloklarga qo‘shilmaydi, va tashqi dunyodagi tinchlikparvar yoki harbiy operatsiyalarda ishtirok etmaydi. Bu bilan, O‘zbekiston KXShTga ham, NATOga ham bir xil mujda yo‘llaydi: men bu tashkilotlarga a’zo bo‘lmayman!

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzu
Rabbimov fikri
Siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning Kun.uz'dagi mualliflik kolonkasi
Barchasi
Mavzuga oid
Top