Jahon | 19:30
215
6 daqiqa o‘qiladi

Ukraina va Erondagi urushlar: o‘xshashlik va tafovutlar

Bugun global axborot maydonida kun tartibini urushlar belgilab beryapti. Eng yirik ikki urush – dunyo hamjamiyati diqqat markazida.

2022 yil fevralida Rossiya Federatsiyasi Ukrainaga bostirib kirdi. Bir qancha G‘arb davlatlari razvedka xizmatlarining ogohlantirishiga qaramasdan, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga hatto prezident Zelenskiy ham ishonmagan edi. Mana, oradan to‘rt yildan oshib, beshinchi yil ketmoqdaki, Rossiya Ukrainani bosib ololmadi. Aksincha, RFning o‘zi o‘zini mudofaa qilayotgan davlatga aylandi: Ukraina bu urushni Rossiya hududiga, uning neft va strategik harbiy obektlari sohasiga ham olib kirishga muvaffaq bo‘ldi.

2026 yilning fevralida AQSh va Isroil birgalikda kutilmaganda Eronga qaqshatqich hujumlar qildi, Eron oliy rahbariyatini hamda ko‘plab siyosatchilar va harbiy qumondonlarni o‘ldirdi. Tramp va Netanyahu umid qilgan ediki, Eron oliy rahbariyatining o‘ldirilishi Eronda siyosiy o‘zgarishlarni boshlab beradi. Biroq bunday bo‘lib chiqmadi. Eron siyosiy tizimi yiqilmadi, aksincha, o‘z legitimligini mustahkamlagani ma’lum bo‘ldi.

Rossiya Ukrainaga o‘zining imperiyachilik loyihalarini amalga oshirish maqsadida bostirib kirdi. Xuddi shunday, AQSh ham Eronga o‘zining gegemonligini ko‘rsatib qo‘yish uchun, Yaqin Sharqda amerikacha tartibotni kuchaytirish maqsadida urush boshladi. Ya’ni bu ikkala urushning ham zamirida – imperiyachilik kayfiyati, imperiyachilik loyihalari turadi.

Ikkala urush ham xalqaro huquqqa ko‘ra, RF va AQSh ichki qonunlariga ko‘ra, noqonuniy, nolegitim urush hisoblanadi. Chunki na Rossiya Federatsiyasi, va na AQSh Ukraina yoki Eronga urush qilish uchun BMT Xavfsizlik Kengashining roziligini olishga mutlaq harakat ham qilmadi, o‘z milliy parlamentlaridan rozilik olmadi. Ikkala urush ham kutilmaganda, butun dunyoni aldagan holda, “biz hech qanday urush qilish niyatida emasmiz” degan manipulyatsiya va yolg‘onlar fonida boshlandi.

Ikkala urushda ham bosqinchi tomon, ya’ni Rossiya Federatsiyasi va AQSh Ukraina va Eronda qisqa muddatli va o‘ta muvaffaqiyatli harbiy operatsiya o‘tkazish niyatida edi. Putin Ukrainani 3–5 kunda egallab olishni ko‘zlagandi. Tramp ham Eronda qisqa vaqt ichida rejimni o‘zgartirish rejasida edi.

Putin va Trampni birlashtiradigan yana bir omil – ularning ikkisi ham katta urushni boshlashdan oldin kichik muvaffaqiyatli harbiy amaliyotdan ruhlangan edi.

Vladimir Putin uchun bu – 2014 yilgi Qrim operatsiyasi. Ma’lumki, 2014 yilda RF Qrim yarimorolini ikki kun ichida maxsus operatsiya orqali Ukrainadan tortib olishga erishgandi. Bu, tabiyki, “Ukraina – o‘ta zaif davlat” degan tasavvurlarni kuchaytiradi.

Xuddi shunday, Trampning ham “Qrimi” mavjud, bu – 2025 yil oxirida o‘g‘irlangan Venesuela prezidenti Maduro. Maduroning sanoqli soatlar ichida o‘g‘irlab ketilishi Trampni ruhlantirgani aniq. Shundan so‘ng Tramp va Netanyahu “ikkinchi Maduro operatsiyasi” deya, Eronda rejim o‘zgarishini reja qilishganiga shubha yo‘q.

Natijada, bugun Putin Ukraina urushini qanday qilib yorug‘ yuz bilan tugatishni bilmaydi. Tramp ham Eronga qarshi urushda yorug‘ yuz bilan vaziyatdan chiqish yo‘lini izlamoqda.

Ukraina Rossiyaga qarshi urushda ruhi sinmadi, aksincha “Rossiya – dunyoning ikkinchi harbiy qudrati” degan afsona yo‘q bo‘ldi. Eronga qarshi urushni boshlab qo‘ygan Tramp ham AQShning global qudrati to‘g‘risidagi tasavvurlar o‘zgara boshlaganidan, Amerika qudrati cheklangan ekani ko‘rinib qolganidan jiddiy tashvishda.

Mintaqaviy yoki global imperiyachilikka qarshi kurashayotgan, o‘zining sub’yektligini, mustaqilligini va hududiy yaxlitligini saqlab qolish borasida urush olib borayotgan Ukraina va Eron o‘rtasidagi tafovutlar nimada? Asosiy tafovut – bu ularning geosiyosiy oriyentirida.

Ukraina – G‘arb klubiga a’zo bo‘lish uchun harakat qilayotgan davlat. U Yevropa Ittifoqiga va NATOga qo‘shilishni orzu qiladi. Eron esa – muqobil komandaning vakili. Eronda 1979 yilda Islom inqilobi yuz bergach, rasmiy Tehron AQSh bilan aloqalarni uzdi. Bugun Eron AQShdan mustaqil bo‘lgan yoki qarshi bo‘lgan Global Janub komandasi vakili hisoblanadi.

Bu ikki urush dunyoda qudratlarning chegaralari borasidagi, urushlarning yangi ko‘rinishi haqidagi, ichki birlik yoki jipslik naqadar muhimligini ko‘rsatuvchi muhim xodisalar bo‘ldi.

Globallashgan davrda, axborot davrida qudratli davlatlar o‘tmishdagi kabi bilganini qila olmasligi ma’lum bo‘lmoqda.

Ayniqsa, agar davlat va jamiyat birlashib, jipslik shakllantira olsa, tashqi tahdidlarni yengish va mustaqillikni saqlab qolish imkonli ekani yaqqol ko‘rinmoqda.

Камолиддин Раббимов
Muallif Камолиддин Раббимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid