Jahon | 22:05 / 05.04.2023
13015
4 daqiqa o‘qiladi

Quddusdagi «Al-Aqso» masjidi oldida yana to‘qnashuv. Yuzlab falastinliklar hibsga olindi

Isroil hududiga G‘azodan turib raketa zarbalari yo‘llangan.

Foto: Mahmoud Illean / AP / Scanpix / LETA

Isroil politsiyasi Quddusdagi «Al-Aqso» masjidi oldida o‘nlab falastinliklar bilan to‘qnashdi.

5 aprel kuni odamlar masjidda olov, tayoq va toshlar bilan qamalib olganidan so‘ng, politsiya Ma’bad tog‘ida ularga qarshi reyd o‘tkazgan.

Falastin tomoniga ko‘ra, politsiya yig‘ilganlarni tarqatish uchun shovqinli granatalar va rezina o‘qlar otishi oqibatida 14 kishi yaralangan.

Arablarning Al-Mayadeen telekanali xabar berishicha, politsiyachilar bilan to‘qnashuvlar oqibatida 100 ga yaqin kishi jabrlangan, yana 400 dan ortiq kishi qo‘lga olingan. Politsiyachilar esa qo‘lga olinganlar soni 350 nafardan ortiqroq ekanini ma’lum qilgan.

Isroilning harakatlari Saudiya Arabistoni, Misr va Iordaniya tomonidan qoralandi.

Keyinroq G‘azo sektoridan Isroilga kamida to‘qqizta raketa uchirildi va havo hujumi sirenalari yangradi.

Isroil armiyasiga ko‘ra, beshta raketa «Temir gumbaz» havo hujumidan mudofaa tizimi orqali urib tushirilgan va yana to‘rttasi odamlardan xoli joyga qulagan. The Jerusalem Post xabariga ko‘ra, uchirilgan raketalar soni o‘nta bo‘lgan va ulardan biri Isroil janubidagi Sderot shahridagi sanoat zonasiga tushgan.

Hozircha raketalar uchirilgani uchun javobgarlikni hech kim o‘z zimmasiga olgani yo‘q, biroq bu G‘azoni nazorat qilayotgan HAMAS guruhi nazorati ostida sodir etilgani taxmin qilinmoqda.

HAMAS rahbari o‘rinbosari Solih al-Auriy «islomiy ziyoratgohlarga hujum qimmatga tushishi»dan ogohlantirdi. «Biz isroilliklar oyog‘i ostidagi yerni yoqib yuboramiz», deb va’da berdi u.

Keyinroq Isroil harbiylari o‘z jangovar samolyotlari G‘azodagi obektlarga zarba berganini aytdi.

Isroil tomonidan annexia qilingan Quddus sharqidagi to‘qnashuvlar bir guruh falastinlik dindorlar Ramazon oyida namoz o‘qib, masjidda to‘siq o‘rnatishi ortidan boshlangan.

Masjiddan olingan kadrlarda namoyishchilar pirotexnika otayotganini ko‘rish mumkin. Isroil politsiyasi xodimlariga tosh otilgani, oqibatda bir politsiyachi yaralangani haqida xabar berildi. Yana bir videoda isroillik politsiyachilar falastinliklarni rezina tayoq bilan kaltaklayotgani tasvirlangan.

Keyinroq Falastin Qizil Yarim oy jamiyati Isroil kuchlari shifokorlarni masjidga kiritmayotganini aytdi.

Avvalroq falastinliklar yahudiylar Pesax bayrami munosabati bilan Ma’bad tog‘ida echki qurbonlik qilmoqchi ekani haqidagi xabarlar ortidan musulmonlarni masjidlarda qamalib olishga chaqirgan edi.

Quddusning Eski shahridagi tepalik cho‘qqisi yahudiylikda muqaddas joy hisoblanadi. U yerda birinchi, keyin esa ikkinchi Quddus ibodatxonasi joylashgan. Musulmonlar uchun bu uchinchi eng muqaddas joy bo‘lib, uni «Haram ash-Sharif» deb atashadi va Muhammad payg‘ambar jannatga ko‘tarilgan joy sifatida e’tiqod qilishadi.

Tepalikda ikkita musulmon ziyoratgohi – «Al-Aqso» masjidi va «Qoya gumbazi» joylashgan. Musulmonlar butun majmuani «Al-Aqso masjidi» deb bilishadi, biroq so‘nggi to‘qnashuvlar masjidning o‘zida sodir bo‘lgan.

Yahudiylar va boshqa musulmon bo‘lmaganlar uchun ma’lum soatlarda majmuaga kirishga ruxsat berilgan, ammo ibodat qilish mumkin emas. Shu bilan birga, falastinliklar yahudiylarning Ma’bad tog‘iga borishini mo‘rt status-kvoni o‘zgartirishga urinish sifatida baholaydi.

Mavzuga oid