O‘zbekiston | 20:08 / 07.04.2023
10036
2 daqiqa o‘qiladi

“Tutukon Neo” preparatining ayrim seriyalari nega sotuvdan olinganiga izoh berildi

Ma’lum bo‘lishicha, muammo dori tarkibi bilan emas, uni ishlab chiqarish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan. Dori sotuvi O‘zbekistondan tashqari yana bir nechta davlatlarda ham to‘xtatilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi “Tutukon Neo” preparatining O‘zbekistonda sotilishini taqiqlagandi. Buning sababini markaz mutaxassisi Sabohat Hayitova ochiqladi. Unga ko‘ra, dorining nojo‘ya ta’siri O‘zbekistonda ham boshqa davlatlarda ham aniqlanmagan, muammo uni ishlab chiqarish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan.

"Ijtimoiy tarmoqlarda bu preparatni farmatsevtika bozoridan qaytarib olish jarayonlari noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Chunki bu preparat diorik ta’sirga ega bo‘lgan o‘simliklardan olingan dorivor preparat. Buning nojo‘ya ta’sirlari juda ham kam uchragan. Lekin hali bizga kelib tushmadi", – dedi mutaxassis.

Ma’lum bo‘lishicha, “Tutukon Neo” dori vositasini ishlab chiqaruvchi Ispaniyaning “Laboratorio Miquel” kompaniyasi nafaqat O‘zbekistonda, balki boshqa davlatlarda ham aynan shu seriyada tarqatilgan ushbu turdagi dori vositalarining sotuvini to‘xtatgan va ularni qaytarishni so‘ragan.

Mutaxassisning aytishicha, ishlab chiqarish jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar kuzatilgani sababli bu dorini ro‘yxatdan o‘tkazgan davlatlar dorining 19ta (R-049, R-050, R-051, R-078, R-080, R-222, R-236, R-081, R-124, R-204, R-205, R-206, R-218, R-219, R-220, R-221, R-223, R-224, R-225) seriyasini barcha farmbozoridan qaytarib olish bo‘yicha xat olgan.

"Ispaniyadagi hamkasblar bilan bog‘langanimizda, xatolik faqat ishlab chiqarish jarayonida bo‘lganligini ma’lum qilishdi. Nojo‘ya ta’sirlari Ispaniyada ham, Shveytsariya va O‘zbekistonda ham kuzatilmagan", – dedi u.

Mavzuga oid