Jahon | 16:41 / 08.04.2023
10297
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi choralarni kuchaytirishga chaqirdi

Germaniya iqtisodiyot vaziri Robert Habek Rossiyaga qarshi sanksiyalarga rioya etilishini yanada samarali nazorat qilish uchun bojxona nazoratini kuchaytirishga chaqirdi.

Foto: AP

Germaniya iqtisodiyot vaziri Robert Habek Rossiyaning Ukrainaga qilgan hujumi tufayli joriy etilgan sanksiyalarni yanada kuchaytirish uchun bojxona nazoratini oshirishga chaqirdi. Vazir Funke media-guruhiga 8 aprel, shanba kuni intervyu berdi.

Habekning so‘zlariga ko‘ra, uchinchi davlatlar orqali Rossiya bilan biznes yurituvchi va shu tariqa Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini chetlab o‘tuvchi kompaniyalarga nisbatan qattiqroq choralar ko‘rish kerak. «Sanksiyalar ta’siri firibgarlik yo‘li bilan yo‘qotilishiga chidab bo‘lmaydi», - deya ta’kidladi siyosatchi. «Biz buni Ukraina xalqi uchun ham qilishimiz kerak», — deya qo‘shimcha qildi u. 

Vazir sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi muvaffaqiyatli kurashga misol sifatida Daniya tajribasini keltirdi. Uning bojxona xizmati o‘ta hushyor, savdo oqimlari va hujjatlarni tekshiradi, kerak bo‘lganda kompaniyalardan qo‘shimcha ma’lumot talab qiladi. 

Agar bunday anomaliyalar paydo bo‘lsa, masalan, «ilgari Rossiyaga ketayotgan ayrim tovarlar to‘satdan uchinchi davlatga deyarli bir xil miqdorda jo‘natilsa, bu tekshirish uchun sababdir», dedi u. 

«Germaniya tashqi savdo qonunchiligi ham ma’lumot va tekshirish ehtiyojlari bo‘yicha bunday so‘rovlarning qonuniyligini tan oladi. Agar bu yondashuv maqsadli amalga oshirilsa, biz institutlarimiz samaradorligini kuchaytirishimiz mumkin», dedi Habek. 

Fevral oyi oxirida, dedi vazir, sanksiyalardan qochishga qarshi samaraliroq kurashish uchun bir qator aniq qadamlar taklif qilindi va ular hozirda federal hukumat hamda Germaniyaning Yevropa Ittifoqidagi hamkorlari bilan muhokama qilinmoqda.

Mavzuga oid