“Bu hikoya mening emas, onamning hayoti haqida bo‘ladi. Shukur, ota-onam hayot. Suhbatlashishni rad etganimning sababi, ular maqolangizni o‘qib ranjishlaridan qo‘rqqan edim. Lekin uch go‘dak va onaning fojiasi meni sizga qo‘ng‘iroq qilishga majbur qildi”, – deya gap boshladi u.

“Otaning farzand oldidagi mas’uliyati onanikidan kam emas. Hattoki, ko‘p ham. Er-xotin farzandli bo‘lganidan so‘ng o‘zgaradi – ota-ona bo‘lishadi. Bejiz ota-ona so‘zi birga qo‘llanmaydi. Ularning bolalari oldidagi burchi ham tengma-teng keladi.

Afsuski, jamiyatimizda ko‘pchilik ota-onalikka tayyor bo‘lmay turib farzandli bo‘ladi. Ikkisidan biri bu jarayonga tayyor bo‘lsa yaxshi, ikkisi ham tayyor bo‘lmasa, bolaning sho‘ri deyavering.

Mening otam ham tayyor bo‘lmay turib bu nomga sazovor bo‘lganlardan edi. Otam choyxonada ishlar, onam tikuvchi edi. Uch nafar yosh bolasi va qo‘lidagi bir go‘dagi bilan onam ishga chiqolmasdi. Otam uyga tayinli pul olib kelmasdi.

Paxsa bilan urib ko‘tarilgan ikki xona shox-shabbalar ustidan qilingan loyshuvoq tom. Eshik o‘rniga tutib qo‘yilgan qalin odyol. Uyimizning ko‘rinishi shunday edi. Yomg‘ir yog‘sa besh joydan chakka o‘tardi. Tog‘ora bormi, kattaroq idishmi, onam nima topsa chakka o‘tayotgan joylarga qo‘yib chiqardi. Uyning bir burchagida to‘rt farzandini qush bolalarini qanotlari ostiga olgandek bag‘riga bosib, qunishib tong ottirardi.

Tuni bilan uyga kelmagan otam tushga yaqin hech narsasiz kirib kelardi. Kecha nega kelmadingiz, xavotir oldim, degan so‘roqqa issiq pechkaning oldida uxlab qolibman, deb javob berardi.

Otam choyxonada arzimagan pulga qorni to‘ygani va issiq joyda uxlayotganiga xursand bo‘lib ishlab yuraverardi. Onam esa yomg‘ir yog‘ganda sizib o‘tgan suvlar toshib ketmasligi uchun to‘lgan idishlarni tuni bilan bo‘shatib, bizni issiq qilish payida bo‘lsa, qolgan tunlari lampa chiroq yorug‘ida to‘qish qilib chiqardi.

Otam qimor o‘ynar, yutqizib qo‘yib, ichib kelardi. Uyimizda qo‘lga ilinadigan nima bo‘lsa, qarziga berib kelar yoki sotib pulini berardi. Hech esimdan chiqmaydi, uyimizda bitta katta eski televizor bo‘lardi. Otam qimorga o‘shani tikib yuborgan ekan.

Onamning uxlamay kutib o‘tiradigan odati bor edi. Yarim kechasi ichib kelganida biz uxlab yotgan bo‘lganmiz. Otam yutqazgani alamidan onamni rosa uradi. Baqir-chaqir, narsalarning singan ovozidan uyg‘onib ketdim. Otam onamni shunaqangi urardi, ko‘tarib otib ham yubordi. Bechora onam... nima joni bor. Uchib ketdi. Yugurib borib quchoqlab oldim.