Jahon | 23:02 / 10.04.2023
16512
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Mirziyoyevga yangi turk elektromobili jo‘natilishini ma’lum qildi 

Togg T10X avvalroq Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevga yetkazib berilgan edi. 

Foto: Anadolu Agency

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yaqin kunlarda Turkiyaning yangi Togg T10X elektromobilini oladi. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Istanbuldagi mitingdagi chiqishi chog‘ida ma’lum qildi. Avvalroq, 4 aprel kuni Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevga ham xuddi shu elektromobil yetkazib berilgan edi. 

«Togg allaqachon Turkiya yo‘llarida kezib yuribdi. Ulardan birini birodarim, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev qabul qilib oldi. Ana shunday mashinalardan birini ikkinchi birodarim, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga jo‘natyapmiz», dedi u. 

Erdo‘g‘anning qo‘shimcha qilishicha, yil davomida Turkiya fuqarolari uchun ushbu mashinalardan 20 ming dona ishlab chiqarish rejalashtirilgan. 

T10X avtomobillari 14 mart kuni sotuvga chiqdi (oldindan buyurtma bilan). Bir quvvatda 314 km masofa bosib o‘tadigan standart versiya 923 ming turk lirasi (554 mln so‘m), 523 km masofa bosib o‘tadigan versiya 1,215 million turk lirasi (730 mln so‘m) turadi. Ular mamlakat g‘arbidagi Bursa viloyatida yig‘ilmoqda. Ishlab chiqaruvchilar ma’lumotiga ko‘ra, elektromobilni 30 daqiqada 80 foizga quvvatlantirish mumkin. 

Kelgusi 1,5 yil ichida Togg elektromobillarini faqat ichki bozorda sotish, keyin Germaniya, Fransiya va Yevropaning boshqa mamlakatlariga eksport qilish yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. 

Mavzuga oid