Hech e’tibor berganmisiz, aksar holatda kattalar vaqt tez o‘tayotganidan noliydi. Ba’zida inson haddan ortiq band bo‘lganda rostdan ham vaqt shamolday uchib o‘tayotganga o‘xshab tuyuladi. Aslida ham vaqt o‘tishi tezlashganmi yoki inson oldingiga qaraganda ko‘proq bandmi?
Minnesota universiteti xronobiologi Robert Sotern 48 yil davomida har kuni 5 yoki 6 marta 60 soniyadan sanab chiqadi. Va 69 yoshga kirganda uzoq yillik tajribalaridan so‘ng Sotern aksar kishilarga yoshi katta bo‘lib borgani sari vaqt tezroq o‘tayotganday tuyula boshlaydi, degan xulosaga keladi. Biroq uning xulosasi to‘la ilmiy dalillanmagan.
Asl vaqt va xayolimizdagi vaqt
Insoniyat vaqtni qanday tushunishi turli usullarda o‘rganiladi. Olimlar inson vaqt o‘tishini odamlar qanday baholashini va vaqtning haqiqatda soatda qanday o‘tishini solishtirib ko‘rishgan. Shuningdek, ular biz vaqtni qanday his qilishimizni – tez yoki sekin o‘tayotganini anglashimizni ham o‘rganishadi.
Bundan tashqari, inson vaqtni turli davrlarga bo‘lib, o‘tmish, bugun va kelajak sifatida xotirasiga muhrlaydi. Garchi vaqt tezligi o‘zgarib qolmasa ham, biz xotiramizda uning tezlashganligi haqida illyuziya yaratamiz.
Biroq vaqt illyuziyasini yaratish insonning xronologik yoshiga ko‘p ham bog‘liq emas. 2005 yili o‘tkazilgan tadqiqotlardan birida 20 yoshdan 69 yoshgacha bo‘lgan 100 nafar ishtirokchining vaqtni baholash ko‘nikmasi o‘rganilgan. Ular faqatgina stullar va sekundomer mavjud qorong‘i laboratoriyaga joylashtiriladi va oradan qancha vaqt o‘tganini taxmin qilishlari so‘raladi. Ishtirokchilarning taxminlari yoshga qarab uncha farqlanmaydi. Erkaklar vaqtning aslidagidan ko‘proq o‘tganini, ayollar esa kamroq o‘tganini aytishadi.
Kattalarning vaqti boshqalarnikidan tezroq o‘tmaydi
Ikki psixolog – Uilyam Fridman va Stiv Yanssen bir-biridan mustaqil holda tadqiqotlar o‘tkazib, vaqtning tez o‘tayotganini baholash yoshga bog‘liqmas, degan xulosaga keladi.
Psixologlar fikriga ko‘ra, inson o‘tmishiga nazar solganda o‘sha paytlari vaqt sekin o‘tganday, hozir esa go‘yo tez o‘tayotganday tasavvur qilishadi. Bu esa ularda vaqt o‘tishi yoshga qarab tezlashadi degan ishonch shakllanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Odamlar kichikligida vaqt qanday o‘tgani haqidagi xotirani unutib qo‘yishadi xolos. Bu ularga ulg‘ayganda vaqt tez o‘tayotganday tasavvur beradi.
















