Jahon | 07:50 / 27.10.2025
34557
4 daqiqa o‘qiladi

Oydagi chang Yerda suvning kelib chiqishi haqidagi versiyani o‘zgartirdi

Oyning orqa tomonidan «Chan’e-6» avtomatik stansiyasi orqali Yerga yetkazilgan tuproq namunalarida nihoyatda kam uchraydigan modda izlari - milliardlab yillar oldin tabiiy yo‘ldoshga qulagan meteorit fragmentlari aniqlandi. Topilma sayyoradagi suvning kelib chiqishi haqidagi tasavvurlarni o‘zgartirishi mumkin.

Foto: Shutterstock

2019 yilda «Chan’e-4» xitoy apparati Oyning orqa tomoniga ilk marta yumshoq qo‘nishni amalga oshirib, keyingi missiyalar uchun zamin yaratdi — bor-yo‘g‘i besh yil o‘tib «Chan’e-6» stansiyasi Yerga deyarli ikki kilogramm Oy tuprog‘ini yetkazdi. Uni o‘rganish tabiiy yo‘ldoshning ikki tomoni o‘rtasida sezilarli farqlar borligini ko‘rsatdi: orqa tomon ko‘rinadigan tomonga nisbatan sovuqroq, Janubiy qutb — Eytken deb ataladigan eng yirik havza atrofida esa Yerga doim qarab turgan tomon mantiyasiga nisbatan suv ancha kam ekani ma’lum bo‘ldi.

Oyning orqa tomonidan olingan tuproq namunasini o‘rganar ekan, Guanchjou geoximiya instituti (Xitoy) olimlari I-Gan Syuy va Man Lin rahbarligidagi xalqaro tadqiqot guruhi ular tarkibida meteorit kelib chiqishiga ega mikroskopik bo‘laklar birikmasini aniqladi. Jami holda olimlar mineralogik yoki kimyoviy jihatdan o‘zgargan namuna va boshlang‘ich regolit bo‘laklarini 50 mikrometrdan kichik o‘lchamda saralab oldi.

PNAS jurnalida e’lon qilingan ilmiy ish natijalariga ko‘ra, changning ayrim donalari Quyosh tizimining eng «toza» va eng qadimgi jismlaridan biri sanalgan CI-xondritlardan kelib chiqqan. Ular tarkibida 20 foizgacha suv, shuningdek, organik birikmalar mavjud. Yerda bunday obektlar kam uchraydi: juda mo‘rt bo‘lgani uchun atmosferada saqlanib qolishi qiyin. Ammo havosiz Oyda ularning fragmentlari milliardlab yillar davomida saqlanib qolgan bo‘lishi mumkin.

Namunalarning kimyoviy tarkibini elektron mikroskopiya orqali tahlil qilib, alohida chang donalarida kislorodning uch karra izotoplarini o‘lchagan tadqiqotchilar temir, marganets va sinkka boy olivin kristallarini saqlagan yettita juda mayda bo‘lakni aniqladi — bu mineral vulqon jinslari, meteoritlar va impakt erig‘larida ko‘p uchraydi. Keyin tanlangan fragmentlarda temir, marganets va sink nisbatlari o‘lchandi va moddaning Oydan ham, Yerdan ham kelib chiqishi inkor etildi: bu kristallardagi sink miqdori Oy jinslariga nisbatan yuzlab marta yuqori ekani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, izotop xususiyatlari va kimyoviy nisbatlar Yerga yetkazilgan «Xayabusa-2» yapon va OSIRIS-REx amerika missiyalari namuna olgan Bennu va Ryugu nazdegina asteroidlari materiallari bilan to‘liq mos keldi.

Oy changi namunalaridagi CI-xondrit fragmentlari aynan uchuvchan moddalarga boy shunday asteroidlar suv va organika yetkazib berishda — faqat Oyga emas, balki Yerga ham — hal qiluvchi rol o‘ynagani haqidagi gipotezani tasdiqlaydi. Ilmiy ish mualliflari ta’kidlashicha, to‘rt milliard yildan ortiq vaqt avval, kuchli meteorit bombardimoni davrida, Quyosh tizimining ichki qismiga oqib kirgan uglerodli jismlar ilgari o‘ylanganidan ko‘ra ko‘proq bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Keyingi tadqiqotlar ushbu fragmentlar yordamida suv va organik moddalar Quyosh tizimi jismlari o‘rtasida qanday migratsiya qilganini kuzatishga va sayyorada hayot paydo bo‘lishi uchun qulay sharoitlar qay tarzda shakllanganini yaxshiroq anglashga yordam beradi.

Mavzuga oid