Putinning shaxsiy globusi: Kreml yangi tashqi siyosat konsepsiyasi bilan dunyoga qanday signallar bermoqda?
1980-yillar avvalida, avvalgi sovuq urushning eng avj pallasida «Ronald Reygan dunyosi»ni aks ettiruvchi hazilomuz xarita turli davlatlarning gazetalarida sondan songa ko‘chib yurgan.
Xaritada SSSR, tabiiyki, «yovuzlik saltanati» sifatida tasvirlangan, Xitoy esa «yaxshi kommunistlar» qabilida. G‘arbiy Yevropa — «sotsialistlar va patsifistlar», shuningdek, «bizning raketalarimiz» turgan joy sifatida. Yana «Tetcher yerlari» ham bo‘lgan. Yaqin Sharq — «bizning neftimiz» bo‘lgan, Fors ko‘rfazi esa — «bizning ko‘limiz». Ushbu xarita Amerika prezidentining jo‘n qarashlari ustidan beozor va masxaraomuz kulgini bildirgan, aslida. To‘g‘ri, ba’zi bir o‘ta konservatorlarga bu xarita yoqib tushgan, chunki ularning atrofdagi dunyo haqidagi tasavvurlarini aniq akslantirgan.
Geografiya bilan bog‘liq tarix
Endi 40 yil oldinga o‘tamiz.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin navbatdagi direktiv hujjat — Tashqi siyosat konsepsiyasini imzoladi. U 44 sahifaga sig‘dirilgan zerikarli ma’lumotlarni o‘qib uqishga sabri yetmaydiganlarga sayyoradagi turli davlatlar va qit’alarning joylashuviga o‘ta spetsifik qarash taqdim etadi.
Dunyo markazida, tabiiyki, «sivilizatsiya-mamlakat» deb atalgan Rossiya turibdi. Keyingilari yanada ajoyib. Konsepsiyaning asosiy bo‘limlaridan biri «Rossiya Federatsiyasi tashqi siyosatining mintaqaviy yo‘nalishlari» deb ataladi va tavsifning geografik prinsipini nazarda tutadi. Unda Kreml o‘zining shaxsiy, novatorlik geografiyasini taqdim etgan. Ya’ni Rossiya «yaqin xorij» davlatlari bilan o‘rab olingan va Kreml bu yerda mojarolarni bostirish va «rangli inqiloblar»ga qarshi kurashishga bel bog‘lagan.
Bularning barchasi «Yevrosiyo qit’asi»ga joylashtirilgan va qizig‘i, unda Yevropa tilga olinmagan. «Yevrosiyo»da Moskva «umumqamrovli sheriklik va strategik hamkorlik»ka ega bo‘lgan Xitoyga, shuningdek, «imtiyozli» sheriklik qilinayotgan Hindistonga keng o‘rin berilgan. Yevrosiyoda Rossiya «YeOII, ShHT va Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlari Assotsiatsiyasi (ASEAN)ga tayangan holda barcha davlatlar, mintaqaviy tashkilotlarning salohiyatlarini birlashtirish vositasida Katta Yevrosiyo sherikligi — keng integratsion kontur yaratish»ga hozirlanmoqda, shuningdek, YeOII hamda Xitoyning «Bir belbog‘ — bir yo‘l» tashabbusining rivojlanish rejalarini birlashtirmoqchi.
Odam tushunadigan tilga tarjima qilinganda: Moskva transqit’aviy transport kommunikatsiyalari va o‘zaro manfaatli tovar ayirboshlashni tashkillashtirmoqchi. Yuklar g‘oyaga ko‘ra yirik bozor bo‘lmish Yevropaga yetkazilishi kerak, ammo «Yevrosiyo qi’asi» konsepsiyasi mualliflari Yevropani xaritaga umuman joylashtirishmagan. Tushunarli sabablarga ko‘ra, sanksiyalar va ihotalanish sharoitida Rossiyadan u yerga tovarlar kira olmaydi. Yangi geografiyaga ko‘ra, «Yevrosiyo qit’asi»ga «Osiyo-Tinch okeani mintaqasi» ham kiradi (lekin konsepsiya bu mintaqaga Yaponiya, Janubiy Koreya va AQShni qo‘sha olmaydi). Bu mintaqa o‘zaro manfaat doirasida do‘stlashish nazarda tutilayotgan ASEAN davlatlari bilan cheklangan.
Konsepsiya muomalaga yangi, shu paytgacha puxta o‘rganilmagan geografik tushuncha — «Islom olami»ni ham kiritgan. Rossiya «Islom olami» bilan ham xavfsizlik tizimi va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish niyatida. «Islom olami»ga to‘dasi bilan Eron, Saudiya Arabistoni, Suriya, Misr va Turkiya kiritilgan. Holbuki, ularning o‘zaro munosabatlari, yumshoqroq qilib aytganda, havas qilarli emas. Mana shu holatda «Islom olami»dan Malayziya quruq qolgan. Ilgari Moskva xalqaro munosabatlar davlat instituti va maxsus xizmatlarning o‘quv muassasalarida hech qursa geografiya yaxshi o‘qitilardi. Lekin konsepsiya yaratish kerak bo‘lgan pallada ayrim narsalarga ko‘z yumsa bo‘lar ekan. Yaxshiyamki, Afrika va Antarktidani o‘z holicha qoldirishgan.
Kreml nega o‘zining xususiy globusini yaratishga majbur bo‘lgani tushunarli. Rossiyani alohida «sivilizatsiya» deb atash faqat o‘zining alohida e’tirofga molik ekanini ta’kidlash istagigina emas (masalan, Xitoy chindan ham alohida sivilizatsiya ekani borasida hech kim bahslashmaydi). Kremlning hozirgi rahbariyati Rossiya o‘z tarixining barcha asrlarida uning bir qismi bo‘lgan Yevropadan ajralish nihoyatda zarur. Konsepsiya quyidagilarni tan olishini qandaydir yo‘l bilan tushuntirish ham kerak-ku:
«Yevropaning aksariyat davlatlari Rossiyaga nisbatan uning xavfsizligiga tahdid qiluvchi, barqarorlik shartlari hamda taraqqiyot kafolatlarini buzuvchi, Rossiya Federatsiyasi suverenitetiga ta’sir qiluvchi, birtomonlama iqtisodiy ustunlikni qo‘lga kiritish, ichki siyosiy barqarorlik hamda Rossiyaga xos an’anaviy ma’naviy-ma’rifiy qadriyatlarni barbod qilishga yo‘naltirilgan, Rossiyaning o‘z ittifoqchilari va sheriklari bilan hamkorlik qilishiga to‘siqlar yaratuvchi tajovuzkor siyosat yuritishmoqda».
Agar Kreml tomonidan «Rossiyaga xos an’anaviy ma’naviy-ma’rifiy qadriyatlar» deb atalayotgandek emas, barcha narsa o‘z nomi bilan atalsa, Rossiya o‘zi tarixan mansub bo‘lgan «sivilizatsiya» doirasida chetga surilib qolgan davlat bo‘lib qoldi.
Hamma tushunib turibdi: Rossiyaga nisbatan zaif va «axloqan tanazzulga uchragan» yevropaliklarning yakka o‘zi bu qadar dushmanona siyosat yuritishga qodir emas. Boshqa qudratliroq kuchlar kerak... va bu kuch shu paytgacha misli ko‘rilmagan yana bir geografik tushuncha ko‘rinishida bo‘y ko‘rsatgan: «AQSh va boshqa anglosakson davlatlari».
Ma’lum bo‘lishicha, «Qo‘shma Shtatlar va uning malaylari Rossiya Federatsiyasining Ukraina yo‘nalishida hayotiy muhim manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ko‘rgan choralaridan ko‘p yillik aksilrossiya siyosatini yanada avj oldirish hamda yangi ko‘rinishdagi gibrid urush olib borish uchun bahona sifatida foydalangan». Zamonaviy dunyodagi bosh mojaro mana shu so‘zlar bilan tushuntiriladi.
Qayd etmoq joizki, bu Ukrainadagi mojaro qandaydir ma’noda tilga olingan yagona o‘rin. Tashqi siyosat doktrinasi mualliflarining qolgan barcha mulohazalari «la’nati anglosakslar va ular nazorat qilayotgan davlatlarning darg‘azabligi va Rossiyaga nisbatan tushuntirib bo‘lmaydigan nafrati tufayli»gina birikib harakat qilishayotgani haqida boradi.
Putinning signallari
Bir qaraganda, isbotlab bo‘lmaydigan narsalarni isbotlash maqsadidagi ochiqdan ochiq manipuliyatsiya va safsatani ortiq tahlil qilishning ma’nisi yo‘qdek ko‘rinadi. Rossiya TV ixlosmandlari uchun bu hazm qilish qiyin bo‘lgan darajada mubham. Hattoki geografiyasini o‘zgartirish mumkin bo‘lgan tashqi dunyo uchun esa bu qadr-qiymatga ega emas. Yagona maqsad — G‘arbga qandaydir signallar uzatishga urinib ko‘rilganida.
Tashqi siyosat konsepsiyasida bunday signallar soni ikkita, deb yozadi jurnalist va «Yejyednevniy jurnal» harbiy shahlovchisi Aleksandr Gols.
Birinchisi shundan iboratki, ko‘plab sahifalarda xalqaro huquqqa sodiqlikka (agar bunday huquqlar Kreml manfaatlariga zid kelmasa, albatta) ishontirishga urinilganiga qaramasdan, Rossiya tashqi siyosatining bosh vositasi harbiy kuch-qudrat bo‘lib qolaveradi:
«Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlaridan foydalanish, xususan, Rossiya va (yoki) uning ittifoqchilariga qurolli hujumni qaytarish va oldini olish, BMT Xavafsizlik Kengashi va Rossiya a’zoligidagi boshqa kollektiv xavfsizlik tuzilmalari qarorilariga muvofiq o‘z majburiyati zonasidagi mojarolarni hal qilish, tinchlikni ta’minlash (tiklash), xorijda bo‘lib turgan fuqarolarini himoya qilish, xalqaro terrorizm va qaroqchilikka qarshi kurashish maqsadida amalga oshiriladi. Rossiya Federatsiyasi bunday nodo‘stona xatti-harakatlarni kesish va kelgusida takrorlanmasligining oldini olish uchun simmetrik va assimetrik choralar qo‘llashga o‘zini qonunan haqli deb hisoblaydi».
Faktik jihatdan, bu o‘z ixtiyoriga ko‘ra dastlabki ogohlantiruvchi zarbani berishga tayyorligini e’lon qilishdir. Bunday bayonot Rossiya direktiv hujjatlarida ilk marta paydo bo‘ldi.
Buni orqa sana bilan Ukrainaga bostirib kirishni oqlash deb hisoblash mumkin. Shuningdek, bu bayonot boshqa davlatlarga nisbatan bo‘lajak tajovuz uchun indulgensiya hamdir.
Ikkinchi signal aynan shu haqida. Qurolli mojarolarning oldini olish va tartibga solish, qo‘shni davlatlarning ichki ishlariga tashqi kuchlar aralashishga urinishiga qarshi turish haqidagi signal. Bu mutlaq huquqni Moskva faqat o‘zida qoldirmoqchi. Oldimizda «Brejnev doktrinasi»ning yangi tahriri turibdi. Unga ko‘ra, Kreml o‘z ta’sir doirasiga kiruvchi davlatlarga nisbatan «cheklangan suverenitet» o‘rnatadi.
Umuman olganda, bu konsepsiya — diplomatiya ortiq tashqi siyosat vositasi emasligi e’lon qilinishidir. Tashqi ishlar vazirligining harbiy muassasa departamentiga aylantirilishi esa vaqt masalasi, xolos.
Mavzuga oid
16:42
Kreml Putin va Tramp telefonda suhbatlashganini rad qildi
12:57
Shols «tez orada» Putin bilan gaplashishga tayyorligini ma’lum qildi
07:55
WP: Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Ukrainadagi urushni muhokama qildi
13:30 / 10.11.2024