Jahon | 23:41 / 13.04.2023
12380
1 daqiqa o‘qiladi

Xiaomi Ukrainada «urush homiylari» ro‘yxatiga kiritildi 

Kompaniya urush boshlanganidan keyin Rossiyani tark etmagani uchun shu ro‘yxatga kiritilgan. 

Foto: Getty Images

Ukraina korrupsiyaning oldini olish milliy agentligi (NAPK) Xitoyning Xiaomi kompaniyasini «urushning xalqaro homiylari» ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda agentlik saytida e’lon qilindi. 

Bunday qarorga «kompaniyaning urush boshlanganidan keyin nafaqat Rossiyadagi faoliyatini davom ettirgani», balki ushbu mamlakatda smartfonlar savdosi bo‘yicha hamon yetakchi bo‘lib qolayotgani sabab bo‘lgan. 

Agentlikning ta’kidlashicha, Xiaomi 2022 yilning bahoridan beri Rossiyada marketing faoliyatini olib bormagan bo‘lsa-da, Rossiya bozoridan chiqib ketish rejalarini e’lon qilmagan. 

Xiaomi dunyodagi eng yirik smartfon ishlab chiqaruvchilardan biridir. 

Avvalroq NAPK 20 ta kompaniyani, jumladan Fransiyaning Auchan, Leroy Merlin, Bonduelle, Amerikaning Procter&Gamble va boshqa bir qator kompaniyalarini shu ro‘yxatga kiritgan edi. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid