Jahon | 21:38 / 13.04.2023
9241
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi urushdan keyin Rossiya Markaziy banki pullarini qaytarib bermoqchi - OAV 

Mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, qonunchilik nuqtai nazaridan ulardan foydalanish mumkin emas. 

Foto: dpa/Alexander Zemlianichenko Jr

Yevrokomissiya Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini urush tugaganidan keyin Rossiya Markaziy bankiga qaytarishga qaror qildi. Bu haqda Yevrokomissiyaning e’lon qilinmagan ichki hujjatiga tayanib Die Welt xabar berdi. 

Mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, Ukrainani tiklash uchun ushbu mablag‘lardan foydalanishga «siyosiy iroda» bor bo‘lsa-da, qonunchilik nuqtai nazaridan ulardan foydalanish mumkin emas. 

Shu bilan birga, hujjat Rossiya aktivlarini Yevropa davlat obligatsiyalariga investitsiya qilishni taklif etadi. Ularning daromadi yiliga 2,6 foizni tashkil qiladi va bu pulni Ukrainaga berish mumkin. Huquqiy nuqtai nazardan, «ayniqsa, Rossiya xalqaro huquqni qo‘pol ravishda buzayotganini hisobga olgan holda» bunday qadamga yo‘l qo‘yish imkoniyati bor. 

Yevropa Komissiyasi, shuningdek, investitsiya qilingan mablag‘larni yo‘qotish ehtimolini hisobga oladi, ammo bu ssenariyni ehtimoldan yiroq deb hisoblaydi. Bunday holda, YeI taxminan 4 milliard yevro yo‘qotadi. 

Rossiya aktivlarini izlab topish oson emas. Rossiya Markaziy bankining pullari ko‘plab turli hisoblarda joylashgan. Shu tufayli ularning Markaziy Bank bilan aloqadorligini isbotlash qiyin.

Rossiyalik oligarxlarning mablag‘lari bilan bog‘liq vaziyat ham noaniq - ularni o‘zlashtirish uchun tadbirkorlarning jinoyatlarini isbotlash kerak bo‘ladi. Qolaversa, shu paytgacha YeI ularning ozgina qismini topib, muzlatib qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan. Xuddi Rossiya Markaziy bankining aktivlari bilan bog‘liq vaziyatda bo‘lgani kabi, ularning ma’lum bir shaxsga bo‘lgan munosabatini isbotlash qiyin, chunki mulk ko‘pincha sanksiyalar ro‘yxatida bo‘lmagan nomzodlar nomiga yoziladi. 

Sanksiyalar doirasida G‘arb davlatlari Rossiya Markaziy bankining jami 300 milliard yevrolik aktivlarini bloklab qo‘ygan. AQSh va Yevropa Ittifoqining ularni muzlatish haqidagi qo‘shma qarori Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan so‘ng, 2022 yil 27 fevralda ma’lum bo‘ldi. 2023 yil fevralida Yevropa komissiyasi rossiyalik oligarxlarga tegishli 21,5 milliard yevro muzlatilganini ma’lum qildi. 

Mavzuga oid