Jahon | 15:21 / 14.04.2023
12673
2 daqiqa o‘qiladi

Berbok: Tayvan atrofidagi qurolli mojaro dahshatli tushga aylanadi

Germaniya Tashqi ishlar vazirligi rahbari Xitoyni Tayvanga qurolli bostirib kirmaslik haqida ogohlantirdi. Xitoy G‘arbga, agar u barqarorlikdan manfaatdor bo‘lsa, Tayvanning mustaqillikka intilishlarini qo‘llab-quvvatlamaslikni maslahat berdi. 

Foto: AFP

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Xitoyni Tayvan bilan qurolli to‘qnashuvga bormaslik haqida ogohlantirdi va bu «dahshatli tush» bo‘lishini ta’kidladi. 14 aprel, juma kuni Pekinda xitoylik hamkasbi Tsin Gan bilan uchrashuvdan so‘ng u: «beqarorlashuv barcha davlatlar, jahon iqtisodiyoti va Germaniya uchun oqibatlarga olib keladi», deb ogohlantirdi. 

Berbok eslatishicha, global savdo oqimining yarmi Tayvan bo‘g‘ozi orqali o‘tadi, shuning uchun «ushbu iqtisodiy inqirozning portlovchi to‘lqinlari» butun dunyoga, shu jumladan Xitoyning o‘ziga ham ta’sir qiladi. «Mojarolar faqat tinch yo‘l bilan hal qilinishi kerak», — dedi Germaniya Tashqi ishlar vazirligi rahbari.

U GFR «yagona Xitoy» siyosatiga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi, unga ko‘ra Pekin Xitoyning yagona qonuniy hukumati sifatida tan olinadi va Tayvan bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatilishi qabul qilinishi mumkin emas. Shu bilan birga, Berbok hozirgi status-kvoning zo‘ravonlik bilan o‘zgarishi Yevropa uchun qabul qilinishi mumkin emasligini ta’kidladi. U, shuningdek, Xitoyni inson huquqlari, jumladan, Shinjondagi uyg‘ur musulmonlarining huquqlari buzilishida yana bir bor tanqid qildi. 

O‘z navbatida, Tsin Gan Tayvanga har qanday xorijiy aralashuvga qarshi chiqdi va Tayvan Xitoyning bir qismi ekanligini eslatdi. «Agar boshqa davlatlar haqiqatan ham «yagona Xitoy» tamoyilini hurmat qilsalar, u holda ular Tayvanning separatistik harakatlarini rad etishlari kerak. Muammoning ildizi Tayvanning mustaqillikka intilishida, biroq Xitoy o‘z hududining bir qarichini ham berib qo‘ymaydi», - dedi u. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid