Kun.uz Toshkent shahri drenaj tizimidagi muammolarning kelib chiqish sababi, yechimlarini tahlil qilish maqsadida shaharsozlar Temur Ahmedov va Iskandar Soliyev bilan suhbatlashdi. Mutaxassislar drenaj haqida gapirar ekan, uning suv xo‘jaligi tizimidek boshqarilishi kerakligini va va buning uchun esa shahar bosh rejasi bo‘lishi shartligini aytmoqda.

– Dastlab drenaj tizimi nima ekani va u qanday yo‘lga qo‘yilishi, qanday ishlashi kerakligi haqida gaplashsak. Muammoning ko‘lamidan kelib chiqsak, drenaj faqat ariq va lotoklardan iborat emas, shundaymi?

Temur Ahmedov: To‘g‘ri, xuddi shunday. Faqatgina drenaj tizimini emas, umumiy suv ekotizimi haqida gapirish kerak. Bizda yashil zona, daraxtlar, kichkina ariqlar, hovuz va katta ariqlar bo‘ladimi – bularning hammasi 2 ming yildan beri mavjud tizim hisoblanadi. Odamlar 2 ming yildan beri bor bo‘lgan suv tizimini boshqarib kelgan. Shuning uchun ular qishloq xo‘jaligi bilan ham shug‘ullana olgan.

Bunda faqatgina suvni bir joydan, boshqa joyga olib borish emas, balki uning yerga shimilib ketishi, o‘simliklarga yetib borishi ham inobatga olinadi. Mana shu jihatlar hisobga olinsagina, tizim yaxshi ishlaydi. Shu cababli ham bu drenaj tizimi emas, balki umuman suv xo‘jaligi tizimi hisoblanadi.

Menimcha, yog‘ingarchilikdan keyin qaysidir joyda suv yig‘ilib qolganiga e’tibor qaratish noto‘g‘ri. Albatta, o‘sha yig‘ilgan suvni nasos bilan chiqarib tashlasa bo‘ladi, lekin nima uchun bu suv kelayotgani, uni qayerga yo‘naltirish kerakligi, o‘zi suvning aynan shu hududga yig‘ilishi to‘g‘rimi kabi savollarga javob berilishi kerak, muammoning tag sabablarini o‘rganish kerak bo‘ladi.

Iskandar Soliyev: Irrigatsiya-drenaj tizimidagi suv yo‘llarni uch xil toifalash mumkin: magistral yo‘llar (Solar, Anhor, Chig‘atoy), o‘rtacha bog‘lovchi ariqlar va kichik suv yo‘llari.

Muammoning ko‘lamiga nazar tashlansa, oldingi yillarga nisbatan suv toshadigan nuqtalar soni ortib bormoqda. E’tibor berilsa, suv toshishi ko‘proq yangi qurilayotgan hududlarda bo‘lyapti. Ilgari o‘sha hududlar suv singib ketadigan joylar bo‘lgan. Yangi qurilishlar hisobiga u joylar ham betonlashyapti, asfaltlashyapti. Lotoklarning esa integratsiyasi yo‘q, aslida suv ketadigan joylar bir-biriga bog‘langan bo‘lishi va suv qayerdandir chiqib ketishi kerak. Shunaqa o‘ylamasdan loyihalash davom etsa, muammolar ko‘payib boraveradi.