O‘zbekiston | 12:07 / 17.04.2023
13430
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda hafta o‘rtasidan salqin antitsiklon chekina boshlaydi

Bugun va ertaga O‘zbekiston hududining katta qismida quruq, lekin salqin ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. 

Foto: Kun.uz

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida va Surxondaryo viloyatida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Ayrim joylarda do‘l yog‘ishi ehtimoli bor. Cho‘l hududlarda va Farg‘ona vodiysida shamolning tezligi 17-22 m/s gacha kuchayishi, ba’zi joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi kutilmoqda. 

Kunduzgi harorat +12...+15 daraja, respublika shimolida +7...+12 daraja atrofida bo‘ladi. Kechasi harorat +2...+7 darajagacha, shimolda ba’zi joylarda -3 darajagacha pasayadi.

19 apreldan boshlab antitsiklon respublika hududidan chekina boshlaydi va ish haftasining oxirigacha O‘zbekiston bo‘yicha quruq ob-havo kuzatiladi. Havo harorati asta-sekin ko‘tariladi va 21 aprelga borib kechasi +4...+9 darajani, kunduzi +20...+25 darajani tashkil etadi.

Bugun sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Bugun va hafta davomida poytaxtda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol 5-10 m/s tezlikda esadi. Bugun va ertaga havo harorati +12…+15 daraja atrofida bo‘ladi. Dushanbadan seshanbaga o‘tar kechasi harorat +2...+4 darajagacha pasayadi.

19 apreldan ish haftasining oxirigacha kechalari harorat +4...+7 daraja atrofida bo‘ladi, kunduzi asta-sekin ko‘tariladi va juma kuniga borib harorat +20...+23 darajagacha ko‘tariladi.

Mavzuga oid