08:35 / 17.04.2023
6065

Yevropa Ittifoqi Shimoliy Koreyani raketalar sinovini to‘xtatishga chaqirdi

Shimoliy Koreya BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarini buzuvchi «noqonuniy va xavfli faoliyatini» to‘xtatishi kerak, dedi Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel.

Foto: NK news

Yevropa Ittifoqi Shimoliy Koreyaning «yangi turdagi uzoq masofaga uchuvchi ballistik raketasi» so‘nggi sinovini keskin qoralaydi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrelning 15 aprel kuni kechqurun e’lon qilingan bayonotida aytiladi.

«KXDRning ommaviy qirg‘in qurollarini yetkazib berish vositalarini ishlab chiqishda davom etish niyatini bir necha bor namoyish etishi xalqaro tinchlik va xavfsizlikka tahdid soladi. KXDR BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarini buzadigan va mintaqadagi harbiy keskinlikni kuchaytiradigan barcha noqonuniy va xavfli faoliyatni to‘xtatishi kerak», — deyiladi hujjatda.

Yevropa Ittifoqi KXDRga «BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalari bo‘yicha o‘z majburiyatlarini zudlik bilan bajarishi hamda o‘zining barcha yadroviy qurollari, boshqa ommaviy qirg‘in qurollari, ballistik raketa dasturlari va mavjud yadroviy dasturlaridan to‘liq, tasdiqlangan va qaytarib bo‘lmaydigan tarzda voz kechishi hamda yadroviy dastur bilan bog‘liq har qanday faoliyatni to‘xtatishi zarurligini yana bir bor ta’kidladi».

Bayonotda qayd etilishicha, bu Koreya yarimorolida barqaror tinchlik va xavfsizlikka olib boradigan yagona yo‘ldir. Yevropa Ittifoqi, shuningdek, «BMTga a’zo barcha davlatlar, ayniqsa, BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolari BMT sanksiyalarining to‘liq bajarilishini ta’minlashi va KXDRni barcha asosiy tomonlar bilan mazmunli muloqotni tiklashga undashini» o‘ta muhim deb hisoblaydi.

Mavzuga oid
Top