“Tez uxla, yo‘qsa “bo‘ji” seni opketib qoladi”, “ovqatingni yemasang doktor kelib ukol qiladi”, “quloqsiz bolalarni “baba” “ham” qiladi”... Yosh bolali uylarda shunday “tahdidlar” tez-tez yangrab turadi. Hali dunyoni anglab ulgurmagan mitti vujudga qo‘rquv hissi singdiriladi. Bu orqali kattalar bolani osongina yo‘rig‘iga yurg‘izishni istashadi. Qo‘rqitish metodidan haddan ortiq foydalanish bola ruhiyatiga qanday ta’sir qilishi haqida o‘ylab ham ko‘rilmaydi. Psixolog Shahnoza Jumaqulova bilan shu xususda suhbatlashdik.

“Qo‘rquv – bizni xavfli signal bilan ta’minlaydigan hissiyotdir. Bunda biz darhol o‘zimizni ehtiyot qilish rejimini yoqamiz. Shu sabab hissiy intellekt normal rivojlanishi uchun tarbiya nuqtai nazaridan, qo‘rquvni butunlay istisno qilish kerak emas. Qo‘rquvni to‘g‘ri yo‘naltirishni o‘rganish kerak.

Agar ota-ona bolani qo‘rqitsa, itoatkorlikka erishish kafolatlanadi. Ammo bola psixologiyasida jarohat qoladi.

Har bir bola juda ko‘p qo‘rquvni boshdan kechiradi, ularning aksariyati asossiz. Ba’zi qo‘rquvlar vaqtinchalik, boshqalari instinktiv, asosan tug‘ma, masalan, qorong‘ilik, balandlikdan qo‘rqish va hokazo. Ammo ota-onalar tomonidan qo‘rqitish jarayonida paydo bo‘ladigan qo‘rquvning bir qancha toifasi mavjud.

Ba’zi vaziyatlarda, gapirish imkoni bo‘lmaganda, juda tez harakat qilish kerak bo‘ladi. Bunda qo‘rquv yordam beradigan yagona narsa deb o‘ylaymiz. Misol uchun, agar bola mashina yo‘liga chiqsa, xavfliligini ta’kidlab, bu qo‘rqinchli oqibatlarga olib kelishini aytish kerak.

Nega biz bolalarimizni qo‘rqitamiz?

Ota-onalarimiz va oldingi avlodlarimizdan meros bo‘lib qolgan odat bu. Bolalar bezorilik qilishi agressiyasi ortida ma’lum psixologik sabablar ham bor. Qo‘rqitishdan oldin boladagi injiqlik sabablarini o‘rganish kerak. Qo‘rquv yordamida biz bola e’tiborini ma’lum bir narsaga qaratishga harakat qilamiz.

Mavjud bo‘lmagan qo‘rqinchli qahramonlarni o‘ylab topib, o‘zimizdagi tarbiya mas’uliyatini yovuz ajina, jahldor amaki, maxluq va boshqalarga o‘tkazgan bo‘lamiz.

Ayniqsa, bolani yo‘rig‘iga sololmagan ota-onalar muayyan kasb egalari bilan qo‘rqitishga harakat qilishadi. Jumladan, shifokorlar, militsiya xodimlari, oiladagi kattalar, otasi, bobo, buvi va boshqalardan foydalanishadi.

Juda kichik bolalar, ko‘rsatma va taqiqlarni hali tushunmaydi, xavf borligini sezmagani uchun ham hech narsadan tap tortmaydi