Ayollar dunyosi | 19:08 / 26.11.2025
1097
5 daqiqa o‘qiladi

“Bog‘chaga moslashuv: bola uchun emas, ona uchun ham katta sinov” - psixologdan muhim tavsiyalar

Bola bog‘chaga bora boshlashi - har bir oila hayotidagi jiddiy bosqich. Bu jarayonda nafaqat bola, balki ona ham yangi tartibga moslashishiga to‘g‘ri keladi. Bolalar psixologi Rozaliya Gabdulhakova shu jarayonda onalar va bolalar uchun muhim tavsiyalarni bo‘lishdi.

Bog‘cha yoshiga yetmasdan bog‘chaga bermaslik kerak

“Avvalo ota-onalar uchun muhim narsani eslatib o‘tmoqchiman. Bolani bog‘cha yoshiga yetmaguncha bog‘chaga bermagan ma’qul. Bu ularning bolaga qilgan eng katta yaxshiliklari bo‘ladi.

Bola ilk marta bog‘chaga borayotganda bir nechta o‘zgarishga moslashishiga to‘g‘ri keladi. Ulardan eng asosiysi – onasidan ayrilish. Bu bolaga qo‘rqinchli bo‘lishi mumkin, “onam meni tashlab ketyapti” degan xavotir bo‘ladi. Undan tashqari yangi joy, yangi odamlar, yangi kun tartibiga ham moslashishiga to‘g‘ri keladi.

Bu yangiliklar bola uchun qo‘rqinchli, noqulay, stressli bo‘lib o‘tadi. Ota-ona farzandiga mana shu stresslarni kamaytirish uchun bog‘cha haqida oldindan ma’lumot berishi, bog‘cha opa bilan tanishtirishi, ya’ni adaptatsiyani bog‘chaga borishdan 2 oylar chamasi avval boshlashi kerak. Mana shu tasavvurlar orqali bola bog‘chada qolishi kerakligini, kechki payt onasi olib ketishini, bu vaqtinchalik qoladigan joy ekanligini tushunadi. Bu vaziyatning dahshatli emasligini shunday qilib tushuntirish mumkin.

Ota-ona bola uchun bog‘cha tanlaganda o‘sha bog‘cha atrofida, o‘sha mahalla, ko‘chada bola bilan birga sayr qilishi, “mana shu sening bog‘chang, yaqinda shu yerga kelishni boshlaysan” deb ko‘rsatishi, bog‘cha ichkarisiga kirishi, bog‘cha opasi haqida aytib berishi boladagi stressni ancha kamaytiradi.

Onalar uchun muhim eslatmalar

Farzandini bog‘chada qoldirayotgan onalarda ham har xil reaksiyalar bo‘ladi. Ayrim onalar bolasini bog‘cha opaga ishonmaydi. Ayniqsa hozir bog‘chadagi holatlar bilan bog‘liq tarqalayotgan har xil videolar sabab turli yomon gumonlarga borishadi. Bolasini kaltaklashlari, yaxshi qaramasliklari haqida ko‘p o‘ylashadi. Yana bir tomondan esa farzandini juda yosh bog‘chaga berib, o‘zlari ishga chiqayotgan onalar o‘zini ular oldida aybdor his qilishadi. Eng ko‘p his qilinadigani bu – ishonchsizlik. Ya’ni ona o‘zidan boshqa birov bolasiga yaxshi qarashiga ishonmaydi. Buning oldini olish uchun bog‘cha tanlayotganda surishtirib o‘zi ishongan bog‘chani tanlash kerak. Bog‘cha opaniyam avvaldan o‘rganib, unga ishonch his qilgandan keyin bolani berish yaxshi bo‘ladi. Chunki bog‘chaga borganda onaning yuzidagi ishonchsizlikni bola darrov sezadi va unda ham xavotir paydo bo‘ladi.

Moslashuv jarayoni: tarbiyachi bilan hamkorlik muhim

Bola uchun eng muhimi – onasi va tarbiyachi o‘rtasidagi ishonchli yaqin munosabatlar. Masalan, bola begona odamdan ko‘ra onasining dugonasiga yaxshiroq ishonadi, suyanadi. Ona tarbiyachiga ishonmagani sezilsa, tarbiyachi ham onani yoqtirmagani bilinsa bola o‘zini yomon his qiladi. Bu paytda ona farzandini qoldirayotganda yoki olib ketayotganda tarbiyachi bilan o‘zini yaqin tanishlarday tutishi, gaplashishi kerak. Bola shunda xotirjam bo‘ladi.

Bog‘chaga birinchi kunlar — bola uchun psixologik sinov. Mutaxassis fikriga ko‘ra, bog‘chaga moslashuv jarayoni faqat bolaga bog‘liq emas — bu ona, tarbiyachi va bola o‘rtasidagi o‘zaro ishonchga tayanadigan umumiy jarayondir. Bog‘chani to‘g‘ri tanlash, bolani oldindan tayyorlash va tarbiyachi bilan samimiy muloqot bolaning qo‘rquvini kamaytiradi, moslashuvni yengillashtiradi. Eng muhimi — ona o‘z xavotirini bolaga o‘tkazmasligi va bola bog‘chada o‘zini xavfsiz his qilishi uchun barqaror emotsional muhit yaratilishi zarur.

Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi.

Mavzuga oid