«Endi erning xotinini kaltaklashi – jinoyat» - zo‘ravonlarni xavotirga solayotgan qonun
12 apreldan ayollar va bolalar huquqlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qonun kuchga kirdi. Kun.uz bu bilan nimalar o‘zgarishi va endi qanday masalalar yuzaga chiqishi haqida qonun loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etgan ishchi guruh a’zolari – Barnogul Sanaqulova va Dilfuza Qurolova bilan suhbatlashdi.
«Qonundan faqat zo‘ravonlar xavotirda»
Dilfuza Qurolova, huquqshunos:
— Ilgari maishiy deb hisoblanadigan oiladagi zo‘ravonlik endi jinoyat deb hisoblanadi. Endi oiladagi jismoniy zo‘ravonlik jinoiy javobgarlikka tortiladigan bo‘ldi. Ayollar himoyasi bo‘yicha 2019 yilda qabul qilingan qonun bor edi, lekin unda javobgarlik to‘g‘risida hech narsa mavjud emasdi. Endilikda esa ham ma’muriy, ham jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilyapti.
Bundan tashqari, jinsiy zo‘ravonlikka nisbatan jazo kuchaytirildi. Oldin 3 yildan 5 yilgacha qamoq jazosi bo‘lgan bo‘lsa, hozir 5 yildan 15 yilgacha etib belgilandi. Oldingi Jinoyat kodeksida jinoyatchi qiz bolaning yoshini bilmasdan jinsiy zo‘ravonlik qilgan bo‘lsa, jazoni yengillatish ko‘zda tutilar edi. Endi esa bu yengillatish olib tashlangan. Yana bir yangilik: nogironligi bo‘lgan ayol-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning javobgarligi oshirildi.
Oilaviy zo‘ravonlikda javobgarlikka tortilish uchun 3 xil holat kiritilgan: jismoniy, ruhiy va iqtisodiy zo‘ravonlik. Jismoniy zo‘ravonlik birdan jinoiy javobgarlikka tortiladi (agar jabrlanuvchining sog‘ligi 6 kundan ko‘proqqa yomonlashgan bo‘lsa – tahr.). Ruhiy va iqtisodiy zo‘ravonlik holatida esa birinchi marta sodir etilganida ma’muriy, takrorlansa jinoiy javobgarlik yuzaga keladi.
Iqtisodiy zo‘ravonlik deganda, birlamchi ehtiyojlar qondirilmasligi (imkon bo‘la turib) yoki bergan pulini o‘ta kuchli, keraksiz nazorat qilish kabi holatlar nazarda tutiladi. Iqtisodiy zo‘ravonlikni isbotlash qiyin masala – Faqat O‘zbekistonda emas, boshqa davlatlarda ham.
Bu qonun qabul qilingach, «o‘z ayolimni ham ura olmaymanmi endi» deyotganlar – zo‘ravonlar yoki potensial zo‘ravonlar. Zo‘ravonlik qilmaydigan erkaklarni esa xavotirga solmaydi bu qonun. Bu borada ortiqcha gap aytib o‘tirmayman. Bu masalada shaxslar qora va oqqa bo‘linishi kerak.
Uchinchi shaxs muammosi bor. Jinoyat kodeksining 66-1-moddasidagi ayrim bandlarni olib tashlashga tavsiya berganmiz. Bu moddaning hozirgi holatiga asosan, oiladagi zo‘ravonlik bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yarashtiruv asosida to‘xtatilishi mumkin. Lekin biz bilmaymiz-ku, bu yarashuv bosimlar ostida bo‘layotgandir. Korrupsiyani ham unutmaslik kerak.
«Qonunni to‘g‘ri talqin qilish kerak»
Barnogul Sanaqulova, iqtisodchi:
— Oilaviy zo‘ravonlikda murojaat qilgan shaxs baribir o‘sha uyda yashab qolaveradi, ya’ni tazyiq ostida bo‘ladi bu degani. Chunki bizda reabilitatsiya markazlari yo‘q. Bunday markazlar bor deb bong uriladi, lekin aslida biz istayotgan holatda emas ular. Shu nuqtayi nazardan, yarashtirish masalasi «lazeyka» sifatida qolaveradi. Ayni shu tomonlar bo‘lgani uchun ham biz o‘sha yarashtirish bandini olib tashlashni so‘ragan edik. Endi esa bunday holatlar o‘rganiladi, qurbonlar olib chiqiladi, faollar to‘xtamaydi.
Afsuski, asrlar davomida ayol kishini xo‘rlash, urish, so‘kish, kamsitishni qadriyat darajasiga chiqarganmiz. Urmasa erkak emas, degan tushuncha singdirilgan. «Er bo‘lgandan keyin uradi-da», deb, erning urishi me’yoriy holat deb qabul qilingan. Shu sababdan ham qonunga e’tirozlar bo‘lishi tabiiy edi, hayron qolganim yo‘q. Asosiysi, biz bu masalalarni gapira boshladik.
Hozir auditoriyasi keng bloger, ijtimoiy faollarga ko‘p narsa bog‘liq. Agar ular qonunni noto‘g‘ri talqin qilsa, zo‘ravonlarning yonini olayotgan bo‘ladi. Shu muammo yechilishini istashsa, to‘g‘ri talqin qilishlari kerak. Lekin ba’zi kuzatuvchilari ko‘p blogerlarning xotinimni endi urolmas ekanman, degan postlari xafa qildi meni. Endi qolgani vijdoniga havola, ertaga o‘shalarning opa-singlisi, qizi bunday zo‘ravonlik qurboni bo‘lmaydi deb hech kim kafolatlay olmaydi.
Hali qilish kerak bo‘lgan ishlar ko‘p. Targ‘ibot-tashviqot, qonunning to‘g‘ri talqini, ishlatish imkoniyati darajalari, qayerga murojaat qilishi, ariza va ilovalar tarkibi va shu kabi narsalarni odamlarga tushuntirish kerak. Hali qonun ishlashi uchun huquqiy ongni shakllantirishimiz, qo‘rquvni yengishlariga yordam berishimiz zarur. Har beshinchi ayol va har o‘ninchi bola zo‘ravonlik qurboni bo‘layotganini hisobga olsak, ijtimoiy faollar targ‘ibot va yoritish masalalarini olib borishi kerak bo‘ladi.
Shu o‘rinda bu narsalarga e’tibor qaratgan, qonun qabul qilinishi uchun jon kuydirgan ijtimoiy faol xotin-qizlarga minnatdorlik bildiraman».
Jinsiy zo‘ravonlik qilganlar muddatining oxirigacha «o‘tiradi»
Dilfuza Qurolova:
— Ayolga berilgan himoya orderi avtomatik tarzda uning voyaga yetmagan bolalariga ham taalluqli bo‘lishini taklif qilgandik. Hozircha bergan takliflarimizning uchdan ikki qismi kirdi, keyinchalik qolganlari inobatga olinadi degan umiddamiz. Oilaviy zo‘ravonlik jinoiy javobgarlikka tortiladigan 5-davlatmiz MDH ichida.
Keyin, ta’qib qilish, kuzatib yurish kabi holatlar uchun ham ma’muriy javobgarlik kiritildi. Yana bir holat: shilqimlik qilish, shahvoniy gaplar aytish kabi holatlar uchun ham alohida javobgarlik belgilandi. Bunday holatlar doimiy bo‘lsa, ruhiy bosimga ham aylanib ketishi mumkin.
Nazarda tutilgan qonunda faqat ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortish masalasi emas, o‘z-o‘zidan profilaktik xususiyat ham mavjud. Odamlarga mumkin emasligi, javobgarlik bor ekani singishi kerak. Masalan, bizdagi hayvonlarga nisbatan bo‘ladigan jinoyatlarda tayinli jazo bo‘lmagani uchun ham profilaktika yo‘q.
Yangi qonunda tamomlanmagan jinsiy zo‘ravonlik ham amalga oshirilgan jinoyat bilan bir xil malakalanishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, jinsiy zo‘ravonlikka berilgan jazo to‘liq o‘taladi, afv etish, shartli ozodlikka chiqarish bo‘lmaydi endi.
Tuhmat uchun ham katta jazo bor
Barnogul Sanaqulova:
— Bir narsani tan olish kerak: ba’zi bir ayollar shahvoniy shilqimlikdan qasd olish maqsadida ham foydalanishi mumkin. Bu bo‘yicha ishlashimiz kerak. Va shunday jarayonda ishni olib borayotgan tergovchilarga, sudyalarga ko‘p narsa bog‘liq. Qonunning tashviqoti to‘g‘ri olib borilishi, tuhmat uchun ham katta jazo bor ekani aytilishi lozim. Moddalar shunchaki quruq gap bilan ishlamaydi, albatta. Dalillar, isbotlar kerak. Shuning uchun ham erkaklar ham, ayollar ham yuzaki qaramasligi lozim bu qonunga. Jamiyatda noto‘g‘ri talqin bo‘lib qolmasligi kerak.
· Suhbatni batafsil video holida tomosha qiling.
Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi.
Mavzuga oid
12:03
Samarqandda maktab o‘quvchisi bir guruh shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilib, zo‘rlandi
18:52 / 08.11.2024
Har yili dunyoda 1 milliarddan ortiq bola zo‘ravonlikka duchor bo‘lmoqda - JSST
20:57 / 31.10.2024
Sudanda 130 ayol jinsiy zo‘ravonlikdan qutulish uchun o‘z joniga qasd qildi
09:30 / 23.10.2024