Jahon | 07:37 / 18.04.2023
4900
3 daqiqa o‘qiladi

Kiyev Iroqning muzokaralarda vositachilik qilish taklifini rad etdi

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Iroqning Moskva bilan muzokaralarda vositachilik qilish taklifini rad etdi. 

Dmitriy Kuleba va Fuad Husayn / Foto: AFP

Bag‘dodga tashrifi chog‘ida u Rossiya butun Ukraina hududidan qo‘shinlarini olib chiqmaguncha, Kiyev tinchlik muzokaralarida qatnashish niyatida emasligini yana bir bor ta’kidladi

Kulebaning ta’kidlashicha, Ukraina «Iroqqa ko‘prik qura oladigan davlat sifatida qarasa-da, (...) Rossiya hujum qilmoqda (...) va aynan shu tinchlikka eng katta to‘siq».

Iroq tashqi ishlar vaziri Fuad Husaynning so‘zlariga ko‘ra, Bag‘dod «o‘rtasida keskinlik hukm surayotgan davlatlar bilan muomala qilish tajribasiga ega» va «tinchlik xizmatida bo‘lishga tayyor». 

«Urushning davom etishi nafaqat ikki davlat, balki butun dunyo uchun xavfli bo‘ladi», - deya uning Dmitriy Kuleba bilan qo‘shma matbuot anjumanidagi so‘zlarini keltiradi AP.

Braziliya prezidenti Luiz Inasio Lula da Silva Xitoy va Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) bilan Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiv urushida tinchlikka vositachilik qilishni istaydi. Lula da Silva ushbu tashabbusni Xitoy va BAA rahbariyati bilan muhokama qilganini aytdi. Braziliya rahbari 16 aprel kuni inauguratsiyadan keyingi ilk tashrifini Abu-Dabiga amalga oshirdi.

Lulaning ta’kidlashicha, u Xitoy rahbari Si Jinping va BAA prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan vositachilik guruhini tuzish haqida gaplashgan. Uni G20'ga o‘xshatish orqali shakllantirish mumkin, deb hisoblaydi Braziliya yetakchisi. 

«G-20 inqirozga uchragan global iqtisodiyotni saqlab qolish uchun yaratilgan», - deya eslatdi u. Endi «ushbu urushni tugatish va tinchlikni ta’minlash uchun boshqa turdagi G20»ni yaratish muhim», dedi Lula da Silva.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tashabbusni allaqachon AQSh prezidenti Jo Bayden, Germaniya kansleri Olaf Shols, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Janubiy Amerikaning bir qancha davlat rahbarlari bilan muhokama qilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid