Jahon | 09:35 / 18.04.2023
7061
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Yaqin Sharqdagi mojaroga yechim topishda vositachilik qilishni taklif etdi

Xitoy tashqi ishlar vaziri Tsin Isroil tashqi ishlar vaziri Koen bilan suhbatda Falastin-Isroil mojarosining avj olishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladi.

Foto: AP

Pekin Isroil va Falastin tomoni o‘rtasida tinchlik muzokaralarini qayta boshlash uchun «qulay sharoitlarni ta’minlashga» tayyor. Bu haqda 17 aprel, dushanba kuni Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi a’zosi, Xitoy tashqi ishlar vaziri Tsin Gan ma’lum qildi.

Xitoyning «Sinxua» agentligi xabariga ko‘ra, Isroil tashqi ishlar vaziri Eli Koen bilan telefon orqali suhbatda Tsin Xitoyning Falastin-Isroil munosabatlaridagi keskinlikdan xavotirdaligini bildirib, hozir asosiysi «mojaroning avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik» ekanligini ta’kidlagan.

Shu bilan birga, xitoylik diplomat «kardinal chiqish yo‘li» tinchlik muzokaralarini qayta boshlash va «ikki xalq uchun ikki davlat» tamoyilini amalga oshirish, degan fikrni bildirdi.

O‘z navbatida, Koen Tsinga minnatdorchilik bildirib, Isroil keskinlikni sovitishga intilayotganini, biroq muammoning «qisqa vaqt ichida hal bo‘lishi dargumon» ekanini ta’kidladi.

Ayni paytda Xitoy xalqaro mojarolarda vositachi sifatida o‘zini namoyon qilishga intilmoqda, deya ta’kidlaydi AFP axborot agentligi. Uning eslatishicha, aynan Pekin Eron va Saudiya Arabistoni o‘rtasida mart oyida e’lon qilingan diplomatik munosabatlarning tiklanishiga vositachilik qilgan.

Mavzuga oid