Jahon | 19:02 / 19.04.2023
16932
10 daqiqa o‘qiladi

«Putin bilan kelishilgan muddat» – Kara-Murza chorak asrga qamalgani qanday qabul qilindi?

Foto: Natalya Kolesnikova / AFP / Scanpix / LETA

Rossiyalik muxolifatchi, mamlakat prezidenti Putinning asosiy tanqidchilaridan biri Vladimir Kara-Murza go‘yoki Rossiya armiyasi haqida yolg‘on ma’lumot tarqatgani hamda vatanga xiyonatda ayblanib, 25 yilga qamaldi. Salomatligida jiddiy muammo bo‘lgan muxolifatchiga bu qadar uzoq muddatli qamoq jazosi berilgani ko‘pchilikning keskin tanqidiga sabab bo‘ldi. Quyida rossiyalik faollar va xalqaro diplomatlarning Kara-Murzaning qamalishiga oid fikrlari keltiriladi.

Vladimir Kara-Murza

siyosatchi, jurnalist, siyosiy mahbus

Rossiya ozod bo‘ladi, buni hammaga yetkazing!

Mariya Eysmont

Vladimir Kara-Murzaning advokati

25 yil qattiq rejimli qamoq jazosi. Bu berilishi mumkin bo‘lgan eng og‘ir jazo. Qonunning aqalli bir satriga amal qilinganda ham bunaqa jazo berilmagan bo‘lardi. Agar xohlashsa, bundan ham ko‘proq berishardi.

Ammo bu jazo Vladimirning siyosatchi va fuqaro sifatida darajasini ko‘rsatib turibdi. U jazoni aynan shunday qabul qildi va dedi: «O‘zimga yanada yuqori baho bera boshladim. 25 yil – fuqaro, vatanparvar va siyosatchi sifatida qilgan ishlarim uchun olishim mumkin bo‘lgan eng yuqori ball. Demak hammasini to‘g‘ri qilibman».

Yelena Kara-Murza

Vladimir Kara-Murzaning onasi

Xuddi bir uxlab Kafkaning romanida uyg‘ongandekman. Haqiqiy qarindoshlar yoki elchilar o‘tirishi mumkin o‘rindiqlarni kimlardir egallagandi. Qancha muddat berilishini kutgandim? 24 yil-u 11 oy.

Fyodor Krashennikov

siyosatchi

25 yil – bu muddatni aqlga sig‘dira olmayapman. Sudyalar, prokurorlar – umuman Putinning ipirisqi malaylari hech kimni o‘ldirmagan yoki hech nima o‘g‘irlamagan odamga shunaqa muddat berishganini tushunganmikin?

Yan Rachinskiy

«Memorial» jamiyati raisi

Bunaqa ahmoqona muddatni Brejnev vaqtida ham ko‘rishmagan. Dissidentlarni qamashgan, lekin bunaqa muddatga emas. Bunaqasini faqat Stalin davridagilar bilan taqqoslash mumkin. Jazo gapirilgan gap uchun berilgani ayniqsa dahshatli. Bu – hukumat so‘zdan qo‘rqishi, o‘ziga qarshi gapiradigan hammaning og‘zini yopishga urinishidan dalolat. Bu Rossiya va zamonaviy dunyo davlatlarining farqini ko‘rsatib qo‘ydi.

Rivojlangan davlatlarda odamlar mudofaa vaziri, bosh prokuror yoki boshqa odamning fikridan qat’i nazar o‘z fikrini bildira oladi. Saxarov aytganidek, bizda intellektual erkinlik bo‘lmas ekan vaziyat yaxshilanishiga, Rossiya barqudrat davlatga aylanishiga umid qilmasa ham bo‘ladi.

Aleksey Navalniy

Rossiya muxolifati yetakchisi

Vladimir Kara-Murzaga berilgan jazodan g‘azablandim. Bu noqonuniy, insofsizlarcha chiqarilgan shunchaki fashistik jazo.

U olgan jazo FSB tomonidan ikki marta zaharlanganidan keyin (buni FSB qilgani isbotlangan) ham o‘lmay qolgani uchun jazodir. Vladimirni ikkinchi marta zaharlashganidan keyin ko‘rgandim va u salomatligini deyarli yo‘qotib bo‘lganiga guvoh bo‘lgandim.

Ruslan Shaveddinov

Korrupsiyaga qarshi kurash fondi vakili

Kara-Murza va Boris Nemsov Putinning atrofidagilarga qarshi personal sanksiya qo‘llanishiga erishgandi. Nemsovni o‘ldirishdi. Kara-Murzani 25 yilga qamashdi. Putinning yaqinlari sanksiyadan qo‘rqadi, yaxta va saroylarini saqlab qolish uchun hamma narsa qilishga tayyor. Bizga ko‘proq sanksiyalar kerak, tezda.

Dmitriy Gudkov

muxolif siyosatchi

Qo‘rqoqlar Vladimirning oxirgi so‘zlarini kimdir yozib olishiga ham imkon berishmadi. Eslab qolishga qulay bo‘lgan Podoprigorov familiyali sudya, «Magnitskiy ro‘yxati» figuranti, familiyasi esa noodatiy. Nafaqat lyustratsiyadan, balki koloniyadan ham qocha olmaydi. Hukmni, albatta, u yozmagan, muallif haqida esa Haagada gapirishadi. Asosiysi – Volodya tirik qolishi, qolgani nima bo‘lishi aniq. Suv ayirgich oldindan ma’lum.

Sergey Smirnov

«Mediazona» mustaqil nashri bosh muharriri

Kara-Murza shubhasiz «Magnitskiy ro‘yxati» uchun 25 yilga qamaldi. Bu muddat Vladimir Putin bilan kelishilganiga shubha yo‘q. Xuddi Kara-Murzani zaharlash operatsiyalari ham u bilan kelishilgani kabi. Sanksiya ularni ayniqsa qattiq jazavaga tushiradi.

Aleksey Venediktov

jurnalist

Vladimir Kara-Murza Rossiyani yaxshi ko‘radigan halol yigit va u hech qanday vatanga xoinlik qilgani yo‘q. Bugun unga chiqarilgan 25 yillik qamoq — bu nohaq va adolatsiz bo‘lgan siyosiy hukmdir. Jazo bekor qilinib, Vladimir ozod qilinishi va undan kechirim so‘rashlari kerak.

Maksim Reznik

sobiq deputat

Vladimir Kara-Murzaga chiqarilgan hukm nafaqat tuzumning shafqatsizligidan, balki unda qo‘rquv uyg‘onganidan dalolat beradi. Aynan shafqatsizlik va qo‘rquv zaiflikning nishonalaridir. O‘lim oldi talvasasi esa uzoq davom etmaydi. Vladimir bilan yaqin kelajakda ozodlikda ko‘rishishga ishonchim komil.

Abbas Galyamov

siyosatshunos

Kara-Murzaning tabassumiga e’tibor bering. U sud tomonidan belgilangan chorak asrni o‘tirib chiqmasligiga ishonmoqda, u tuzumning oxirini ko‘ryapti. Doim shunday bo‘lgan: kimdir boshqalardan ko‘ra uzoqroqni ko‘ra bilsa, uni tezda jim qilishga intilishadi.

Aleksandr Podrabinek

huquq himoyachisi

Uni sindirish uchun nomiga bir-ikki yil berib qo‘yishsa kerak deb o‘ylagandim. Aftidan, namoyishkorona sud qilmoqchi bo‘lishgan. Unga maksimal muddat berib, go‘yoki vatan xoinidek ko‘rsatishdi. Stalincha sud va stalincha muddat. Yopiq sud, hatto hukm ham yopiq tarzda o‘qib eshittirildi. Hozir qonun haqida gapirish g‘alati, chunki ular ishga aloqador barcha qonunlarni buzib bo‘lishdi. Bu sud orqali rasmiy pozitsiyaga qarshi hech qanday tanqidga toqat qilmasliklarini ko‘rsatishdi.

Sevatlana Tixanovskaya

Belarus muxolifati yetakchisi

Vladimir Kara-Murzaga qarshi chiqarilgan hukmni qoralayman va uni tezda qo‘yib yuborishlarini so‘rayman. U Putinning noinsoniy rejimiga va Ukrainaga bosqiniga qarshi chiqqan aqlli, mard odam edi. Bu yana bir marta huquqning ustidan kulishdir.

Debora Bronnert

Britaniyaning Rossiyadagi elchisi

Shunchaki dahshat. Vladimir Kara-Murza 25 yilga qamalibdi. U Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qoralab qilgan mardonavor chiqishi uchun ayblangan. Britaniya hukumati Vladimir Kara-Murzani qo‘llaydi va uni ozod etishlarini so‘raydi.

AQSh elchixonasi

Vladimir Kara-Murzaga berilgan 25 yillik jazo Rossiyani egallab olgan repressiyaning yana bir dahshatli ko‘rinishi. Mustaqil siyosiy qarashga ega bo‘lish va hukumat qarorlariga rozi bo‘lmaslik asosiy erkinliklardan biri. Bu Rossiya konstitutsiyasi va Rossiya a’zo bo‘lgan boshqa xalqaro hujjatlarda ham mustahkamlab qo‘yilgan.

Bu Rossiya hukumatiga qarshi bo‘lganlarning holi ne kechishini ko‘rsatib qo‘yish uchun o‘zgacha fikrlovchilarning ovozini o‘chirishga urinishdir. Kara-Murza hukumatga haqiqatni sotqinlar emas, vatanparvarlar aytishini ko‘rsatdi. Hukumat harakatlarini tanqid qilishni kriminal harakat deb ko‘rsatish kuchlilikdan emas, kuchsizlikdan dalolat.

Kanada elchixonasi

O‘ttiz yillar avval erkin va demokratik Rossiya dunyo yuzini ko‘rish uchun kurash boshlagandi. Bugungi hukm o‘sha kurashning qora burilishlaridan biri bo‘ldi. Shunga qaramay, Rossiyadagi va butun dunyodagi mustaqil insonlar Vladimir Kara-Murzani nomus va vijdon odami deb tan oladi, uning Rossiya demokratlashishi uchun qilgan harakatlarini qadrlaydi.

Edgar Rinkevich

Latviya adliya vaziri

Rossiyalik muxolifatchi Vladimir Kara-Murzaga nisbatan chiqarilgan hukmni qoralayman. Bu ishni soxtalashtirishga aloqador o‘nlab odamlarning Latviyaga kirishini cheklash kerak degan qarorga keldim va Yevropa Ittifoqini ham shunga chaqiraman.

Folker Tyurk

inson huquqlari bo‘yicha BMT oliy komissari

Siyosatchi Vladimir Kara-Murzaga qarshi chiqarilgan bu qaror Rossiya fuqarolik jamiyati va qonunga qarshi navbatdagi zarba. U o‘zining qonuniy huquqi bo‘lmish so‘z erkinligidan foydalanib Rossiyaning Ukrainaga bosqinini tanqid qilgani uchun ayblandi. Hech kim o‘z huquqidan foydalangani uchun qamalmasligi kerak. Rossiya hukumatidan uni tezda ozod qilishni talab qilaman.

Yevropa Ittifoqi

Yevropa Ittifoqi Vladimir Kara-Murza siyosiy ayblov bilan 25 yilga ozodlikdan mahrum qilinganini keskin qoralaydi. Bu keskin jazo yana bir marta Rossiyada sudlardan Ukrainaga bosqinni qoralaydigan faollar va huquq himoyachilariga bosim o‘tkazish uchun foydalanilishidan dalolat. Rossiyani siyosiy mahbuslarni tezda ozod qilishga chaqiramiz.

Kara-Murza nima qilgandi?

Vladimir Kara-Murza o‘z siyosiy faoliyati davomida «Magnitskiy ro‘yxati» tuzishda bosh-qosh bo‘lgani bilan yodda qolgan. Bu ro‘yxatga auditor Sergey Magnitskiy o‘limiga aloqador odamlar kiritilgandi.

Auditor Sergey Magnitskiy 2009 yil Rossiyadagi vaqtinchalik mahbuslar saqlanuvchi qamoqxonada vafot etadi. U tiriklik vaqtida Rossiya kuchishlatar tuzilmalarining davlat budjetidan juda katta miqdordagi pullarni o‘marish tizimini fosh etgandi. Ammo Rossiya hukumati uning surishtiruvida keltirilgan faktlarni o‘rganmaydi, aksincha auditorning o‘zi hibsga olinadi. Qamoqxonada esa Magnitskiy tibbiy yordam ko‘rsatilmasligi oqibatida jon beradi.

Nemsov hamda Kara-Murza «Magnitskiy ro‘yxati»ni birgalikda shakllantira boshlaydi. 2012 yilga kelib AQSh Kongressi «Magnitskiy ro‘yxati» to‘g‘risida qonun qabul qilgan, unga asosan ko‘plab rossiyaliklar sanksiyaga tushgandi.

Mavzuga oid