O‘zbekiston | 21:09 / 20.04.2023
9168
2 daqiqa o‘qiladi

“52 ta hujjat loyihasida 82 ta korrupsiyaviy omil aniqlandi” – Adliya vazirligi

2023 yilning birinchi choragida Adliya vazirligidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan 312 ta normativ-huquqiy hujjatning 125 tasi amaldagi qonunchilik hujjatlariga zid ekani, korrupsiyaviy omillar mavjudligi va boshqa e’tirozlar bilan qaytarilgan.

Foto: Vitaliy Timkiv

Adliya vazirligiga birinchi chorakda 355 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun kiritilgan bo‘lib, ularning 59 tasi qonun hujjatlari, 101 tasi prezident hujjatlari, 195 tasi esa hukumat qarorlari loyihalari hisoblanadi.

Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara O‘rinboyevaga ko‘ra, 2023 yilning I choragida kelib tushgan 355 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalarining 312 tasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan.

187 ta hujjat loyihasining huquqiy ekspertiza natijalari bo‘yicha ijobiy (shundan 14 tasiga e’tirozlarsiz va 173 tasiga vazirlik tomonidan berilgan e’tirozlar bartaraf etilganidan so‘ng qabul qilinishi maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida) xulosa berilgan.

125 ta hujjat loyihasi amaldagi qonunchilik hujjatlari va yuridik texnika qoidalariga zid ekanligi, korrupsiyaviy omillar mavjudligi va boshqa e’tirozlar bilan, shuningdek, yana 43 ta loyiha Reglamentlar talablariga rioya qilinmagani bois ishlab chiquvchilarga qaytarilgan.

Adliya vazirligi tomonidan korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilgan loyihalarning 52 tasida 82 ta korrupsiyaviy omil aniqlangan. Xususan, aniqlangan korrupsiyaviy omillarning:

  • 39 tasi (48 foiz) vakolatlar, huquq va majburiyatlar bilan bog‘liq;
  • 38 tasi (46 foiz) ma’muriy tartib-taomillar bilan bog‘liq korrupsiyaviy omillar hisoblanadi;
  • 5 tasi normalarning barqarorligi va huquqiy muvofiqligi bilan bog‘liq.
Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid